Prezident SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball to‘plagan yigitning ota-onasiga minnatdorlik bildirdi
![Prezident SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball to‘plagan yigitning ota-onasiga minnatdorlik bildirdi](https://static.xabaruz.com/crop/1/6/720_460_95_1665817647.jpg)
Ilgari oliy ta’limda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi.
Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni 11 karra ko‘paydi.
«Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz», - dedi Prezident.
O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 3 barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.
Endi, Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlashi, Vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karera qilishi kabi masalalarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan teng mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi.
Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, yaqinda bilimdon va intiluvchan Parviz Tuksanov SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball to‘pladi. Prezidentimiz uni ushbu natija bilan qizg‘in tabriklab, ota-onasi va o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter