Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejashga o‘qitiladi

Iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejashga o‘qitiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda 28 yanvarda elektr energetikasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda topshiriq berilgan edi.

Mamlakatimizda energiya quvvatlari aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘suvchan talabiga mos ravishda oshirib borilmoqda. Xususan, o‘tgan yili 50 milliard kub metr tabiiy gaz, 81 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarildi.

2035 yilga borib, elektr iste’moli hozirgidan 1,7 barobar oshishi hisob-kitob qilingan. Bu talabni to‘liq qondirish uchun faqat ishlab chiqarish emas, tejamkorlik ham zarur.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5 barobar ko‘p energiya sarflanayapti. Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 14 foiz, tabiiy gazda esa 7 foizdan yuqori.

Shu bois olimlar jalb qilinib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Hozirgacha 7 ta viloyatda 4,6 milliard kilovatt-soat elektr va 1 milliard kub metr gazni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlangan.

Taqdimotda shu kabi o‘rganishlar asosida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.

Misol uchun, suv xo‘jaligidagi eski nasoslarni zamonaviysiga almashtirib, yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mumkin. Ijtimoiy muassasalarda qozonxonalarni yangilash, “yashil” energiyadan foydalanish orqali bu yil 5 million kub metr gaz, 15 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilsa bo‘ladi.

Umuman, bu yil 1,6 milliard kub metr gaz va 3,5 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mo‘ljallangan. Buning uchun har bir korxona va tashkilotga ilmiy asoslangan chora-tadbirlar yetkaziladi.

Jumladan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya me’yori belgilanadi. Shuning o‘zidan energiya sarfi 5-10 foizga qisqaradi. Ijtimoiy ob’yektlarda energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanadi.

Ko‘p qavatli uylarda issiqlikni yaxshi saqlash uchun ularni izolyasiyalash kengaytiriladi. Xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli o‘rnatishga arzon kreditlar beriladi. Iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi bo‘yicha o‘qitiladi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joylarda tejamkorlik muhimligini ta’kidladi. Hudud va tarmoqlar kesimida energiya isrofini kamaytirish, talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring