Pentagon o‘z kuchlarini Ruminiya, Polsha va Germaniyaga vaqtincha tashlashga qaror qildi
AQSh qo‘mondonligi, Yevropadagi vaziyat va Rossiyaning Ukraina yaqinidagi xatti-harakatlaridan kelib chiqib, vaqtincha asosda Germaniya, Polsha va Ruminiyaga qo‘shimcha kuchlarini tashlaydi. Bugun tashkil etilgan brifingda Pentagon (AQSh mudofaa vazirligi) vakili Jon Kirbi shuni ma’lum qildi.
Kirbi ayni paytda Germaniyada turgan ming nafar harbiy Ruminiyadagi 900 nafar amerika askari qatoriga borib qo‘shilishini aytdi.
«Yana qariyb ikki ming nafar qo‘shimcha harbiy xizmatchi AQShdan Polsha va Germaniyaga o‘tkazilishini» ta’kidlagan Kirbi bu qo‘shimcha kuchlar Yevropaga tashlashga tayyorlangan 8,5 ming askar orasidan olinmaganini alohida ta’kidladi: 8,5 minglik qo‘shin hozircha Yevropaga keltirilmaydi, biroq shay holatda turadi.
Yevropaga tashlanayotgan Amerika qo‘shimcha kuchlari Ukrainadagi jang harakatlarida qatnashish uchun mo‘ljallanmagan. Pentagon vakili qo‘shimcha kuchlarni tashlashdan maqsad «agressiyani tiyib turish» hamda «oldingi saflardagi ittifoqchi-mamlakatlar mudofaa imkoniyatlarini yaxshilash» ekanini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, NATO qo‘mondonligi ostida Fransiya ham o‘z kuchlarini Ruminiyaga kiritishni rejalashtirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter