Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbankda «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi

O‘zsanoatqurilishbankda «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank Bosh ofisida «Ochiq eshiklar kuni» bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Bank tomonidan joriy qilingan Korrupsiyaga qarshi menejment tizimi talablari doirasida olib borilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda ilg‘or xorijiy tajribalar keng qo‘llanilib, xalqaro standartlar joriy etildi. Tashkilotlarning bu boradagi ishlari samaradorligini oshirish maqsadida reyting baholash indikatorlari ishlab chiqildi.

Prezidentimiz tomonidan shu yil 12 yanvarda qabul qilingan «Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror bu borada dasturamal bo‘lmoqda.

Ta’kidlash joiz, O‘zsanoatqurilishbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari xalqaro mezonlar asosida yo‘lga qo‘yildi. Natijada joriy yilning iyun oyida Bankka Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqlik sertifikati taqdim etildi.

«Ochiq eshiklar kuni» jamoatchilik oldida muassasa faoliyati ochiqligi, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan ishlarning hisobdorligini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Korrupsiyaga qarshi menejment tizimi talablari doirasida olib borilgan ishlar sarhisob qilindi.

– Korrupsiyaga qarshi menejment tizimining joriy etilgani bank faoliyatida xatarlar xavfini kamaytiradi, manfaatdor tomonlar (aksiyadorlar, hamkorlar, mijozlar, investorlar, qolaversa, jamoatchilik) oldida oshkoralik va ishonchlilikni ta’minlaydi, tashkilot va manfaatdor tomonlarni korrupsiyaning salbiy oqibatlaridan himoyalaydi, muassasaning ushbu yo‘nalishda amaldagi qonunlarga muvofiq ishlayotganini namoyon etadi, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Komplayens-nazorat departamenti boshqarma boshlig‘i Shavkat Nizametdinov. – Shu bois joriy yilda ushbu tizimi qayta ko‘rib chiqilib, ISO 37001 xalqaro standarti hamda qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi, 20 ta ichki me’yoriy hujjat ishlab chiqildi, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi tuzilib, tizim bo‘yicha ichki audit o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Bosh bank va hududiy tarmoqlardan 3700 dan ziyod xodimlar korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi, xizmat vazifalarini bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlar hamda ularni baholash tizimi bo‘yicha o‘qitildi, 816 nafari test sinovlaridan o‘tkazildi. Xalqaro standart talablari asosida tahsil olgan 92 nafar rahbar xodimga korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi menejeri maqomini beruvchi sertifikat taqdim etildi.

Tadbirda ishtirokchilar Bank tizimida korrupsiyaga oid murojaatlar bilan ishlash, xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish, arizalar reyestrini yuritish mexanizmlari bilan tanishtirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ullari tomonidan hamkorlikdagi ishlarga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etilib, unda O‘zsanoatqurilishbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, odob-ahloq kodeksi, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risida nizom, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida reglament, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti kabi ichki me’yoriy hujjatlar puxta ishlab chiqilganligi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tijorat banklari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi «Ochiq eshiklar kuni» tadbiri savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring