Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank tizimida muqobil energiya manbalari joriy qilinmoqda

O‘zsanoatqurilishbank tizimida muqobil energiya manbalari joriy qilinmoqda

O‘zsanoatqurilishbank Bosh ofisi binosiga 100 kVt quvvatli hamda beshta tarmog‘i binosiga umumiy quvvati 235 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Joriy yil so‘nggiga qadar bankning boshqa tarmoqlari binolarini ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Prezidentimizning o‘tgan yil 31 oktyabr kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida energiya manbalarini tejab, o‘z o‘rnida foydalanish masalasi yildan-yilga dolzarb bo‘lib borishi, buning uchun muassasalarda energiya samaradorligini oshirish, quyosh panellaridan foydalanishni kengaytirish muhimligi ta’kidlangan edi.

Shu bois ayni kunlarda iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ishlari faol amalga oshirilmoqda.

Qayd etish joiz, O‘zsanoatqurilishbank tizimida bu boradagi sa’y-harakatlar anchayin oldin – transformatsiya jarayonlari bilan birga boshlangan.

“Yashil” bank tamoyillarini ilgari surish va rivojlantirish maqsadida Xalqaro moliya korporatsiyasi konsultantlari bilan birga, ekolog va texnik mutaxassislar jalb qilingan.

Bunda ekologik va ijtimoiy tavakkalchiliklarni baholash bo‘yicha ichki standartlar ishlab chiqilib, unga muvofiq “yashil” bank tamoyillarini mijozlarga yo‘naltirilgan bank mahsulotlarida qo‘llash barobarida, Bankning ishlab chiqarish jarayonida ham joriy etish belgilandi.

Bank binolarida quyosh panellarini o‘rnatish ushbu yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomidir. Shu kunga qadar bankning Bosh ofisida (100 kVt quvvatli) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (60 kVt), Xorazm (55 kVt), Farg‘ona (25 kVt), Qashqadaryo (65 kVt) hududiy boshqarmalarida, shuningdek, poytaxtimizdagi Sergeli Bank xizmatlari markazida (30 kVt) quyosh panellari o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Ayni paytda bankning Toshkent va Qo‘qon shahridagi hamda Jizzax, Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Surxondayo viloyatlardagi tarmoqlari binolarini ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.

Qayd etish joiz, Bank ehtiyojidan ortiqcha energiya Toshkent shahri hamda hududiy elektr tarmoqlariga uzatiladi. Buning uchun jarayon to‘liq avtomatlashtirilib, onlayn kuzatib borish monitoring tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bankning barcha binolariga o‘rnatiladigan quyosh panellarining umumiy quvvati 1455 kVt ni tashkil etadi. Ular yordamida yiliga 2,3 mln. kVt soat muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarilib, natijada atrof-muhitga 1035 tonna zaharli issiqxona gazlari ajralishining oldi olinadi, 1 020,0 mln. so‘m iqtisod qilinadi.

Ta’kidlash lozimki, Bank tizimida energiya va tabiiy resurslardan foydalanishni qisqartirish ishlarining ko‘lami keng. Jumladan, kompyuterlarni ishdan tashqari vaqtda uxlash rejimiga o‘tkazish, bino va xonalarni to‘liq svetodiod lampalari bilan ta’minlash, harakatlanish datchiklari va sensorli kranlar o‘rnatish, xodimlarni xizmat velosipedlari bilan ta’minlash, veloturargohlar barpo etish, manzarali va mevali daraxtlar o‘tkazish, chiqindilarni saralash, mijozlar bilan bank operatsiyalarini avtomatlashtirish, shu jumladan qog‘oz iste’molini yiliga 30 foizga qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring