Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank tizimida mijozlarga qator qulayliklar yaratildi

O‘zsanoatqurilishbank tizimida mijozlarga qator qulayliklar yaratildi

Joriy yilning 1-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zsanoatqurilishbank strategik faoliyatining 2022-yil yakunlariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2020-yil 12-maydagi «2020-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tizimning barcha yo‘nalishlarini tubdan isloh qilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 

Brifingda ta’kidlanganidek, 2022-yilda Bank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari ko‘magida mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qator qulayliklar yaratildi.

Tarmoqlararo operatsiyalar yagona bank kodiga o‘tkazildi, front-ofislar ixcham sotuv nuqtalariga aylantirildi. Korporativ biznes yo‘nalishida 3 turda, kichik va o‘rta biznes yo‘nalishida 12 turda, aholi uchun esa, 18 turdagi yangi mahsulot va xizmatlar joriy qilindi.

Tadbirkorlarga mo‘ljallangan «SQB Business” dasturi, mijozlarni mobil ilova yordamida masofadan turib identifikatsiya qilish tizimi ishga tushirildi. Bankning Aloqa markazi orqali ham xizmat va mahsulotlar sotuvi yo‘lga qo‘yildi.

Plastik kartalar soni qariyb 2 mln. donaga, terminallar 33,8 mingtaga, bankomat va infokiosklar 475 taga yetkazildi. 24/7 rejimida ishlayotgan shoxobchalar soni yuzdan oshdi. 2022-yilda xo‘jalik sub’yektlari va aholiga ajratilgan kreditlar so‘nggi yillarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichga chiqib, 21 trln. so‘mni tashkil etdi.

Hisobot davrida 582 mln. dollar qiymatda xorijiy kredit liniyalar jalb qilindi. Kredit qarzdorliklari bilan ishlash tizimining xalqaro standartlari asosida tashkil qilinishi («Soft-Collection” tizimi) hisobiga ularni undirish samaradorligi 10 foizdan 34 foizga oshdi.

Yangicha ish uslubida O‘quv va IT markazi foydalanishga topshirildi. Xodimlarni rag‘batlantirishning KPI tizimi yo‘lga qo‘yildi. Skolkovo Moskva boshqaruv maktabi bilan hamkorlikda xodimlarni o‘qitish ishlari boshlandi.

Mazkur amalga oshirilgan ishlar natijasida muassasa faoliyati yanada barqarorlashdi, moliyaviy ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sdi. Bu mahalliy va xalqaro tashkilotlar tomonidan alohida e’tirof etildi, xalqaro reytinglari qayta tasdiqlandi (BB- darajada).

Xususan, 2022-yilda Bank aktivlari 14 foizga oshib, 64 trln. so‘mga, kredit qo‘yilmalari 11 foizga o‘sib, 48 trln. so‘mga, depozit bazasi 1,2 barobarga ortib, qariyb 15 trln. so‘mga yetdi.

Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan keyinchalik ustav kapitaliga konvertatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan 125 mln. dollarlik kredit liniyalar jalb qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqlik sertifikati qo‘lga kiritildi.

«Yeuromoney” va «Asiamoney» kabi nufuzli xalqaro nashrlar tomonidan “2022 yilda O‘zbekistonning eng ilg‘or banki” va «O‘zbekistonning eng yaxshi yashil banki” deya e’tirof etildi. Mahalliy miqyosda «Yilning eng yaxshi ish beruvchisi” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring