O‘zsanoatqurilishbank tomonidan SAP texnologiyalariga asoslangan «Budjetlashtirish» tizimi joriy etildi
Joriy yilning 10 may kuni poytaxtimizdagi «Intercontinental Tashkent» xalqaro biznes markazida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan SAP texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan yirik loyiha – «Budjetlashtirish» tizimining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, xalqaro auditorlik tashkilotlari va tijorat banklari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi «2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida sohani zamonaviy axborot texnologiyalari asosida raqamlashtirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan.
O‘zsanoatqurilishbank faoliyatini xalqaro ekspertlar ko‘magida transformatsiya qilish jarayonida ushbu topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Yangi moliyaviy modellar va ular asosida bank biznesini samarali boshqarishga qaratilgan loyihalar ishga tushirildi.
Xususan, Germaniyaning ilg‘or SAP dasturi negizida yaratilgan «Budjetlashtirish» tizimi shular sirasiga kiradi.
Tizim biznes bo‘linmalar va bank mahsulotlari budjetini tuzish hamda monitoring qilish, bank resurslari bo‘yicha transfert bahoni shakllantirish, xarajatlarni bank mahsulotlari bo‘yicha taqsimlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Loyihani tatbiq etishda yetakchi xalqaro kompaniyalardan ham mutaxassislar jalb qilinib, ular moliyaviy menejment metodologiyasini ishlab chiqish va moliyaviy dasturlashtirishni amalga oshirish yo‘nalishida yaqindan yordam berdi.
Taqdimot marosimida «Budjetlashtirish» tizimini joriy etish bosqichlari, bu borada xalqaro tajribadan foydalanilganlik darajasi, dastur imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, tizim bank moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘zgarishining ichki va tashqi omillarini tahlil qilish, daromadligini oshirishning barqaror manbalarini aniqlash, har bir bank mahsuloti va sotuv nuqtalari bo‘yicha muassasa foydasini rejalashtirish, tarmoqlar moliyaviy holatini to‘g‘ri baholash orqali ular faoliyatini optimallashtirish, xarajatlar hajmini qat’iy nazoratga olish va optimallashtirish, bank biznesiga resurslarni to‘g‘ri taqsimlash kabi imkoniyatlar beradi.
Shuningdek, «Budjetlashtirish» tizimi mijozga yo‘naltirilgan shaffof bank mahsulot va xizmatlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi, ular tannarxini pasaytirish zaruratini aniqlaydi, kam rentabelli mahsulotlarni rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilaydi.
– Loyihani amalga oshirish jarayonida har bir yo‘nalishga alohida yondashildi, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Buxgalteriya hisobi va moliyaviy menejment departamenti direktori Oybek Vohidov. – Xususan, bank biznes yo‘nalishi va mahsulotlari uchun yagona budjet modellarini amalga oshirishda «SAP Business Planning and Consolidation» dasturidan, bank mahsulotlari bo‘yicha xarajatlarni taqsimlash, transfer narxlarni belgilash modellarini joriy yetish uchun «SAP Profitability and Performance Management» dasturidan, moliyaviy ko‘rsatkichlarning vizualizatsiyasini ishlab chiqish maqsadida esa, «SAP BO Web Intelligence» dasturidan foydalanildi.
Tadbir so‘ngida mehmonlar e’tiboriga bank biznesini samarali boshqarishda istiqboldagi rejalar ham namoyish etildi.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter