O‘zbekistonda 138 ta notarius shtati ochildi. Ish haqi 4 mln. so‘m va undan yuqori
Adliya vazirligi respublika bo‘yicha 138 ta yangi ta’sis etilgan notarius shtat birliklariga tanlov e’lon qildi.
Jumladan, Toshkent shahrida – 28 ta, Toshkent viloyatida – 17 ta, Samarqandda – 15 ta, Farg‘onada – 13 ta, Surxondaryoda – 12 ta, Andijon, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida – 9 tadan, Buxoro va Jizzax viloyatlarida – 6 tadan, Navoiyda – 5 ta, Namanganda – 4 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 3 ta hamda Sirdaryo viloyatida – 2 ta bo‘sh notarius lavozimiga tanlov o‘tkaziladi.
Tanlovda yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka o‘tagan, malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar stajirovka o‘tmasdan tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Bugungi kunda notariuslar oylik lavozim maoshlari (barcha ustamalar va pullik xizmatlardan kelib tushadigan daromadlar bilan hisoblaganda, soliqlar to‘langandan so‘ng) 4 mln. so‘mni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatgich Toshkent shahrida 6 mln. so‘mni, Samarqand viloyatida 4 mln. so‘mni, Farg‘ona viloyatida 4,5 mln. so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu maosh miqdori notarial idora tomonidan ko‘satilgan xizmatlar hajmida kelib chiqib yanada ko‘proq bo‘lishi ham mumkin.
Tanlovda ishtirok etish shartlari bilan Adliya vazirligi rasmiy veb-sayti orqali tanishishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter