O‘zbekiston bilan migratsiya bitimi ijobiy natija bera boshladi — Katrina Klaas-Myulxoyzer

Germaniyaning postsovet makonidagi asosiy iqtisodiy hamkori bo‘lib kelgan Rossiya bilan iqtisodiy aloqalar ko‘rsatkichlari tushib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorlik kuchaymoqda. Xususan, O‘zbekiston bilan tuzilgan migratsiyaga oid bitim allaqachon ijobiy natijalar bera boshladi.
DW xabariga ko‘ra, bu haqda Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi (Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft) raisi Katrina Klaas-Myulxoyzer ma’lum qilgan.
Rossiya Germaniyaning tashqi savdo hamkorlari ro‘yxatida 45-o‘ringa tushdi. Ukraina esa muhim hamkorga aylandi. 2024 yilda Ukrainaga nemis mahsulotlari eksporti 17 foizga ortdi va 8,2 mlrd yevroga yetdi.
«Shaxsan men uchun Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari bilan hamkorlikning rivojlanishi ham o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi», – deb ta’kidladi Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi raisi.
Katrina Klaas-Myulxoyzerga ko‘ra, Berlinning ushbu mintaqalar bilan iqtisodiy hamkorligi to‘rt yo‘nalishda rivojlanmoqda. Birinchi yo‘nalish – energetika. Qozog‘iston va Ozarbayjon asosiy hamkorlar sanaladi. Jumladan, Qozog‘iston Germaniyaga neft yetkazib beruvchi uchinchi asosiy davlatdir. Ikkinchi yo‘nalish – xomashyo. Germaniya O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan xomashyo borasida hamkorlikka kelishdi. Endilikda kelishuvlarni amalga tatbiq etish muhim. Uchinchi yo‘nalish – mehnat migratsiyasi. Klaas-Myulxoyzer xonimning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bilan o‘tgan yil kuzda imzolangan migratsiyaga oid bitim ilk ijobiy natijalarni bermoqda. Germaniya iqtisodiyotining qurilish, keksalarga g‘amxo‘rlik kabi yo‘nalishlariga malakali kadrlar yetkazib berilmoqda. To‘rtinchi yo‘nalish esa agrar sektordir.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik Germaniya kanslerining yurtimizga tashrifidan keyin yanada jonlandi.
Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 16 sentyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya kansleri Olaf Shols ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tashrif yakunida bir qator muhim hujjatlar, jumladan, Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolandi.
Samarqandda Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer o‘zbekistonliklarga migratsiya masalasida bir qator yengilliklar berilishiga va’da qildi.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning 2024 yil 14-15 oktyabr kunlari Berlindagi muzokaralari yakunida Germaniya turli sohalar qatori kasb-hunar ta’limi tizimini takomillashtirishga grant mablag‘i ajratishga rozilik berdi.
Joriy yildan Germaniyaga borib ishlovchilar uchun imkoniyatlar yanada kengayishi, Jamoat salomatligi texnikumlari negizida Germaniya tibbiyot akademiyasi tashkil etilishi kutilmoqda.
2024 yil yakunida Toshkentda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni» anjumanida ham malakali ishchi kuchi va logistika yechimlarining barqaror rivojlanishi mavzulari ishtirokchilar diqqat markazida bo‘lgani ma’lum.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter