Germaniya o‘zbekistonlik malakali ishchilarni chorlamoqda

Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev bilan uchrashdi.
Elchixona matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda Germaniya kansleri Olaf Sholsning 2024 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandga tashrifi chog‘ida imzolangan migratsiyaga oid bitim muhokama qilingan.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti va Germaniya kansleri muzokaralari yakunida bir qator muhim hujjatlar qatorida Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolangan edi.
Bitimning kuchga kirishi bilan qonuniy mehnat migratsiyasini mustahkamlash uchun uzoq muddatli va ishonchli hamkorlikni amalga oshirish imkoni yaratilmoqda.
«Germaniya ko‘plab sohalarda, masalan, sog‘liqni saqlash va bemorlarni parvarishlashda ishchi kuchi va malakali mutaxassislarga muhtoj. Shu bilan birga, ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar Germaniyada yaxshi, malakali o‘qish va ishga joylashishga qiziqish bildirmoqda. Bu yerda puxta tayyorlangan, tirishqoq ishchilar uchun katta imkoniyatlar mavjud. Bitim tuzish orqali Germaniya aynan ularga murojaat qilmoqda», – deyiladi Germaniya elchixonasi xabarnomasida.
Migratsiya agentligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mavjud kelishuvlarni hayotga tatbiq etish doirasida Germaniya federal hukumatining Migratsiya kelishuvlari bo‘yicha maxsus vakili Yoaxim Shtamp boshchiligidagi ishchi guruhning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.
O‘tgan hafta Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi (Ost-Ausschuss der Deutschen Wirtschaft) raisi Katrina Klaas-Myulxoyzer O‘zbekiston bilan tuzilgan migratsiyaga oid bitim allaqachon ijobiy natijalar bera boshlaganini ma’lum qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter