Nodirbek Abdusattorov alamli mag‘lubiyatga uchradi
Shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov Champions Chess Tour-2023 turnirining yarim finalida kutilmagan xato tufayli imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Amerikalik taniqli grossmeyster Uesli So 1-setda mag‘lub etildi, 2-setda esa Nodirbek 2,5:1,5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shundan so‘ng, 3-setga start berildi. Dastlabki 2 ta partiya durang bilan tugagach, Armageddon, ya’ni hal qiluvchi tay-brek o‘yiniga navbat keldi. Qora donalarda raqibidan 5,5 daqiqa kamroq vaqt bilan o‘ynagan Nodirbek yaxshi pozitsiyada edi, durang ham uni qanoatlantirardi. Ammo birgina xato yurish natijasida u ustunlikni berib qo‘ydi. Tajribali Uesli So bu imkonni qo‘ldan bermadi hamda g‘alaba qozonib, finalga chiqdi.
Ikkinchi yarim finalda Magnus Karlsen ortiqcha qiyinchiliksiz Fabiano Karuana ustidan g‘alaba qozondi.
Nodirbek hamda Fabiano turnirda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi va har biri 50 ming AQSh dollari miqdorida mukofot oladi.
Turnir g‘olibligi uchun Magnus Karlsen va Uesli So kurash olib boradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter