Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Musiqa maktabi binosidan mushukni uloqtirgan o‘smirning otasi jazolandi

Musiqa maktabi binosidan mushukni uloqtirgan o‘smirning otasi jazolandi

Ijtimoiy tarmoqlarda yosh yigit Madaniyat vazirligi R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining 3-qavati derazasidan mushukni uloqtirgani aks etgan video tarqaldi.

Mazkur holat Toshkent shahar IIBB xodimlari e’tiboridan chetda qolmagan.

Huquqbuzarning shaxsi aniqlandi: u Olmazor tumanida joylashgan yuqorida qayd etilgan musiqa maktabi o‘quvchisi 17 yoshli X.O. bo‘lib, huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilganligi sababli, 2022-yil 28-may kuni uning otasi, 46 yoshli U.E. ta’lim muassasasiga chaqirtirildi. Unga farzandining tarbiyasi bo‘yicha mas’ul ekanligi tushuntirildi va O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasiga asosan jarimaga tortildi.

Ota va o‘g‘il bilan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, bunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjudligi tushuntirilib, profilaktik suhbat o‘tkazildi. Voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik haqidagi ma’lumotlar tuman hokimiyati huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha bo‘limga yuborildi.

Shuningdek, Olmazor tumani 4-sonli IIB xodimlari tomonidan ushbu videorolikni uyali telefonda suratga olgan va internetga joylantirgan shaxs 16 yoshli Sh.A. ekanligi, muqaddam shu maktabda o‘qiganligi aniqlandi.

Voqea yuzasidan o‘smir bilan ota-onasi ishtirokida suhbat o‘tkazildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring