Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mushuklar uchun jannatga aylangan orol

Mushuklar uchun jannatga aylangan orol

foto: Xabar. uz

Yaponiya o‘zining g‘aroyibotlari bilan doimo odamlarni lol qoldirgan. Birgina qayg‘uli Nagoro – qo‘g‘irchoqlar qishlog‘ini olaylik.

Sayyohlarni yana bir jalb qiladigan mo‘’jizalardan biri bu – Tashiro orolining mushuklar uchun jannatga aylantirilgani. Yapon xalqining mushuklarga o‘ziga xos munosabati ko‘p asrlar oldin boshlangan. Ya’ni bu orolda ipakchilik gullab-yashnagan va juda qimmat bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi – yuqori  mansabli amaldorlarning oyliklari ipak bilan hisob-kitob qilingan. Ipakni sichqonlardan asrash uchun bu orolga mushuklar olib kelingan. Mushuklar sichqonlar bilan muvaffaqiyatli kurashgani bois ularga ibodatxonalar va yodgorliklar o‘rnatilgani bejiz emas.

Vaqt o‘tib asta-sekin ipak ishlab chiqarish pasayib, uning o‘rnida baliqchilik rivojlangan. Shundan so‘ng bu yerda mushuklarning oltin davri boshlandi. Yaponlar har doim mushuklar omad va pul olib kelishiga, shuningdek, ob-havoni bashorat qilishi mumkinligiga ishonishgan va hozir ham ishonishadi. Baliqchilar to‘rlarga baliq ko‘plab tushishini mushuklarning poyqadamidan deb bilishadi va albatta ularni to‘ygunicha baliq bilan mehmon qilishadi.

  

Hozirda orolda ikkita qishloq, mushuklar sharafiga 10ga yaqin ibodatxonalar qurilgan. Sayyohlar uchun Manga oroli deb nomlangan kurort ehtiyotkorlik bilan qurilgan. Sayyohlik majmuasi mushukning boshi shaklidagi bir nechta yog‘och uylardan iborat bo‘lib, bu yerda mehmonlar uchun oziq-ovqat, ichimliklar va suvenirlar sotiladi. Port yo‘lida esa turli xil mushuklar tasvirlangan ko‘plab mayda haykalchalardan yasalgan ulkan haykal, hatto yodgorlik ham bor. Ushbu asarlar 2010-yilda Tokio San’at universiteti talabalari tomonidan yaratilgan.

Masalan, panjasini ko‘targan Maneki-neko o‘tirgan mushuk tasvirlangan xalq hunarmandchiligi haykalchasi omad keltiradi, bu omad chaqiruvchi mushuk yoki baxt mushugi deb ataladi. Bunday haykalchalar yog‘och, suyak, chinni, loy va hatto yarim qimmatbaho toshlardan yasalgan.

Baliq ovlashdan tashqari, orolga bu yer haqida internetdan xabar topgan 40 dan ortiq sayyohlar har kuni tashrif buyuradi. 1955-yilda orol aholisi deyarli 1000 kishini tashkil etgan bo‘lsa, o‘shandan beri u 70 kishiga kamaydi, yoshlar shaharlarga ketishdi, maktabda o‘qiydigan bolalar yo‘qligi sababli yopildi. Hozir bu yerda keksalar va o‘rta yoshlilar yashaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, orolda har 70 yapon uchun 500 mushuk to‘g‘ri keladi.  

Bu yerning aholisi qo‘shnilari bilan ehtiyotkor munosabatda bo‘lishadi, ularni uylariga qamab qo‘ymaydilar – mushuklar faqat erkinlikda to‘liq hayot kechirishadi, orol mushuklari xohlagan narsani qilishlari mumkin, deb o‘ylashadi. Mushuklar ko‘chalarda, qirg‘oq bo‘ylab sayr qilishadi, agar xohlasalar, odamlarning uylariga kiradilar va ularni haydab chiqarish mumkin emas. Bundan tashqari, ular uchun alohida uylar, ovqatlanish va dam olish joylari mavjud. Mushuklarning xavfsizligi va ovqatlanishini ta’minlash uchun bu yerda maxsus xodimlar, shuningdek, majburiy veterinariya punkti mavjud bo‘lib, ularning vazifasi mushuklarni kuzatish, ularni tekshirish, emlash va kerak bo‘lganda davolashdir. Qattiq qoida bor – mushuklar stressga tushmasligi uchun  orolga itlarni olib kelish taqiqlanadi.

Bu yerda hamma qulayliklar to‘rt oyoqli jonivorlar – mushuklar uchun yaratilgan. Sayyohlar ularni shirinliklar bilan siylashadi, hatto ba’zi mushuklar bu siylovlardan ortiqcha vaznga ega. Shu bois orol ma’muriyati tashrif buyurgan sayyohlarga mushuklarni boqishni taqiqlovchi qoidani joriy qilgan.

Orol markazidagi ikki qishloq o‘rtasida marhum mushuk sharafiga ziyoratgoh barpo etilgan. Bir paytlar baliqchilar baliq ovlash uchun tosh yig‘ishgan va bitta tosh mushuk boshiga tushib ketgan, natijada u vafot etgan. Bu fojeadan aholining qayg‘usi shunchalik katta ediki, ular o‘rmonda Neko Jinja ibodatxonasini qurishdi, uning yoniga esa mushukni ko‘mishdi.  Aholining mushuklarga alohida ixlos qilishiga yana bir sabab 2011-yilda Cat orolida  sodir bo‘lgan zilzila. Kuchli zilziladan keyin mushuklar qattiq miyovlab suv toshqinidan ogohlantirishgan. Ya’ni mushuklar zilzila yaqinlashayotganini sezishgan, ular miyovlab, har yoqqa yugurishgan, odamlar ham xavotirga tushishgan – mushuklar bilan birga suvdan uzoqroqda orolning tepasiga chiqishgan. Bunday harakatlar tufayli tabiiy ofat qurbonlari soni juda kam edi. Qizig‘i shundaki, jabrlangan orol aholisi qutqaruvchilardan birinchi bo‘lib mushuklar uchun ozuqa so‘rashgan. 

Mushuklar omad keltiradi, degan ishonchga yana bir sabab sayyohlar tufayli nafaqat yaponiyaliklar, balki chet elliklar ham orolda mo‘’jizalarga duch kelganini aytishadi, ya’ni sayyohlar mushuklar bilan ozroq yashash baxtiga erishadilar – eng yaxshi kunlarda tashrif buyuruvchilar soni 100 kishidan oshadi. Odamlar mushuklar bilan muloqot qilishadi, suratga olishadi, fotosuratlar va videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiradilar. Va sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi.

Oroldagi mushuklarning fotosuratlari orasida mandarin rangli mushuklar juda ko‘p ekanligini ko‘rasiz. Sababi bu joy izolyasiya qilingan – tashqaridan boshqacha zotli mushuklar kelib qo‘shilmaydi.

Xullas Tashiro orolining mushuklari baxtli: ular odamlar bilan uyg‘unlikda yashaydilar va noqulaylik his qilmaydilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring