Miltillab turgan umid yoki Zafarbekning orzulari (video)
Zafarbek Allaberganov juda og‘ir kasallikning murakkab bosqichida hayot uchun kurashmoqda. U «Taskin» deb ataluvchi bolalar hospisida Noxojkin limfomasining 4-bosqichida davolanyapti. Shifokorlar vaziyat ancha jiddiyligini tan olishgan.
Inson hamisha umid bilan yashaydi. Ayniqsa bolalarda olam-olam orzular bo‘ladi. Zafarbekdan nimani orzu qilishi so‘ralganda «Bunyodkor» stadionida futbol o‘ynashni va «spetsnaz» bo‘lishni, deya javob bergan.
Orzular ijobati bilan go‘zal. «Sen kuchlisan» tashabbuskor guruhi a’zolari Zafarbekning orzularini eshitishlari bilan ishga kirishishdi. Hospis shifokorlari ruxsati va ko‘magi bilan Zafarbek zarur muolajalarni oldi va kichik safarga tayyorlandi. Ko‘ngillilar u va onasini «Bunyodkor» stadioniga olib kelishdi.
Bu yerda bolakayni haqiqiy sovg‘a kutib turadi. Bo‘lajak hamkasblarining orzusini eshitgan ichki ishlar boshqarmasi maxsus bo‘linmasi yigitlari jam bo‘lib, zirhlangan ulkan avtomobilda Zafarbekni kutib olishdi. Unga o‘zlarining sovg‘alarini topshirishdi, qudratli transport vositasi va qurollar bilan tanishtirishdi. Shuningdek, yigitlar bolakayga qanday qilib ichki ishlar xodimi bo‘lish, xalqimiz, vatanimizga xizmat qilish bo‘yicha maslahatlarini berdilar.
Akalarining e’tiboridan Zafarbek juda xursand bo‘ldi. Juma namoziga ketayotgan otaxonning duolari esa unga ma’naviy ko‘mak bag‘ishladi.
«Bunyodkor» stadioni ma’muriyati aziz mehmonning kelishiga o‘ziga xos dastur tayyorlab qo‘ygan ekan. Ular Zafarbekni futbolimiz tarixi muzeyi, yosh futbolchilar mashq qiladigan maydonlar, stadion ma’muriyati bilan tanishtirdilar.
Futbolchilar Zafarbek bilan birga maydonga kirib kelishdi va birga suratlarga tushishdi. Uchrashuv yakunida Zafarbek Allaberganov maydon markazida to‘pni ramziy tepdi va o‘yinga kiritib berdi. Bolakay onasiga gul sovg‘a qildi va barchaga minnatdorchilik bildirib, shifo maskaniga qaytdi.
Abror Zohidov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter