Salamat Avezov: «Bilim olmasdan maqsadga erishish — bu tayyor oshga hamtovoq bo‘lish degani»
Salamat Avezov Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali o‘quv-yordamchi bo‘limi laboranti.
U 1983 yili Nukus shahrida tug‘ilgan. Salamatga bolalar serebral falaji tashxisi qo‘yilgan, II guruh nogironi. Ammo shunga qaramay, matonatli bu yigit 2008-2012-yillarda TATU universiteti Nukus filialida informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olgan.
TATU Nukus filiali rasmiy sayti — www.tatunf.uz, www.kruz.uz, Makan.uz, KarInform.uz saytlari, «Yerkin Qaraqalpaqstan», «Qaraqalpaqstan jaslari», «USTAZ JOLI — Ustoz yo‘li» ziyolilar gazetasiga o‘zbek, qoraqalpoq, rus tillarida maqolalar yozadi. Shuningdek, o‘zining «SA.KR.UZ» shaxsiy veb-saytini yuritadi. Ingliz, rus, o‘zbek tilidagi ertaklar, hikoya, qissalar va voqeiy hikoyalarni qoraqalpoq tiliga tarjima qilib, o‘z saytiga joylashtirib boradi. Bolalar serebral falaji kasalligiga chalingan nogiron insonlar uchun «DDYo — do‘stlar bilan dildan yozishamiz» maxsus muloqot guruhini tashkil qilgan. www.intali.uz yosh ijodkorlar portali hamda www.it-express.uz yosh dasturchi va mutaxassislarga mo‘ljallangan veb-sayti loyihalari muallifi.
O‘zbekiston Qahramonlari Ibrohim Yusupov hamda To‘lepbergen Qaipbergenovlarning qoraqalpoq, o‘zbek, rus tillaridagi veb-saytlarini yaratgan.
– Salamat inim, hayotda yetti muchasi sog‘ odamlar ko‘p. Ammo ularning orasida hech narsaga qiziqmaydiganlari ham bor. Siz hayotga kuchni qayerdan olasiz?
– To‘rt muchasi sog‘ bo‘lmay turib barcha g‘am-g‘ussani unutish, tag‘in, hamma odamlar qatori tengma-teng mehnat qilish uncha-muncha kishining qo‘lidan kelmaydi. Bunday inson chinakam matonatli, kuchli irodaga ega, qalbi muhabbatga to‘la bo‘lishi kerak. Oramizda ana shunday insonlar ko‘plab topiladi.
Hayotga bo‘lgan kuchni hech kim tuhfa qilmaydi. Chunki ongga hech bo‘lmasa, bir marta singdirilgan hayot haqiqati insonning butun umri davomida ta’sir ko‘rsatib, o‘zini boshqara olishni o‘rgatib, tanangizning haqiqiy sohibiga aylanasiz va barcha hayotiy muammolaringizni qiynalmay hal qila olasiz.
Hayotning beg‘uborlik hissini tuyish, dardiga shifo damlari nasib qilarmikan, degan orzularga ko‘milib yashayotgan insonlar oramizda ozmunchami?
Men ham bolalik chog‘larimda ana shu savollar girdobida qolgan edim. Shukrki, bugun mehribon ota-onam hamda yaqinlarimning daldasi menga kuch bag‘ishlab turadi. Boshqalar bilan solishtirganda, imkoniyatlarim doirasi biroz cheklangan. Shunga qaramay, ko‘p narsalardan bebahra qolmaslikka, oldinga intilib yashashga harakat qilaman. O‘tgan yillar davomida bir narsani angladim, kasallik – baxtsizlik emas, irodaning sinovi, xolos.
Oilada ota-onam va yaqinlarim meni o‘zlaridan ham ko‘proq ayashadi, parvarish qilishadi. Ulardan juda minnatdorman. Otam-onamdan faqat bir narsani eshitishni xohlayman: «Sen farzandlik burchingni bajaryapsan, orzu-havaslarimizni ro‘yobga chiqaryapsan, biz rozimiz», deyishsa, bu dunyoda mendan baxtli inson bo‘lmaydi. Ular mening birinchi o‘qituvchilarim. Hayotni, yashashni o‘rgatgan aslida shu kishilar bo‘ladi. «O‘g‘lim, jur’atli bo‘l!» degan o‘gitlarini unutmayman. Ota-onam menga ilohiy kuch bag‘ishlaydi. Ulardan bir umr minnatdorman. Qolaversa, jondan aziz buvijonimga ham rahmat aytaman.
Mengayam ravon gapirish nasib qilarmikan, qani endi kichkina bo‘lsayam umid uchqunini ko‘ra olsam, buyog‘iga qanday qilib odamlar bilan muloqotga kirishib ketaman? Bu haqida ko‘p o‘yladim, lekin qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin bu bor haqiqat. Hayot va baxt tushunchasi har kim uchun alohida mazmun kasb etadi. Aytaylik, ko‘zi ojiz odamning baxti bilan ko‘z nuridan ayrilmagan, tilida nuqsoni borlar-chi? «Yaxshi, rah-mat...» deb bosh silkitib qo‘yaveradilar, aslida bilganlar uchun bir gapni ravon aytish odamga huzur bag‘ishlaydi.
Hayot shirin va go‘zal ne’mat. Inson umri davomida hayotning quvonch va tashvishlarini ko‘radi, achchiq-chuchugini totadi. Binobarin, umr yo‘llarida ko‘p narsa uchraydi insonga. Hayotdan noumid emasman, bu qalbimda umid chirog‘ini yoqqan.
– Kundalik daftar tutarkansiz. Uning sahifalarida quvonchli onlar ko‘p bitilganmi yoki tushkunlik holatlari aks etganmi?
– Kundalik – bu ko‘ngil ko‘zgusi. U o‘y-xayoldan tortib, tuyg‘ulargacha ko‘rsatadi. Unga qarab bosib o‘tayotgan umrimni sarhisob qilib boraman. Dilimdagi qalb daftarim eng yaqin do‘stim, sirdoshimga aylandi. Unga qalbim tubidagi mudrab yotgan, hech kimga aytolmagan dil so‘zlarimni, hayot va xayol bilan kurash onlarimni xasta qo‘llarim, ojiz qalamimni o‘pib muhrlayman.
Sizga qalb daftarimdagi men uchun eng aziz misralarni keltiraymi?
«To‘xtagan insongina hamma narsadan mosuvo bo‘ladi. Nurli tongni qarshi olish bu – eng ulug‘ BAXT. Barchamiz munavvar osmonga termulib, ezgu niyatlar, olam-olam orzu-umidlar qilamiz. Bu olamda ona qalbi, ayol mehri, uning cheksiz samimiyati, kuyunchakligidan-da kattaroq muhabbatni topa olmaysiz. Onajon, yuzingizdan baxt uchquni ufurib turibdi, samimiy tabassumingiz olamni titratadi. Sizga hayotning iforli tarovatini his etib yashash nasib aylasin. O‘zgalar qalbiga umid uchqunini uyg‘otish odamiylikka xos fazilat. Qalbingiz faqat mehr va muhabbatga to‘la marvaridlaringiz ko‘p bo‘lsin!».
– Hayotdagi shioringiz?
– Seni eshitishni xohlaganlar, albatta, eshitadilar.
– Bilim olmasdan turib ham maqsadga erishish mumkinmi?
– Bilim ozuqadir. Aql va qalb u bilan oziqlanadi. Bilim muvaffaqiyat, bilimsizlik esa mag‘lubiyat. O‘z qobiliyatimizni hisobga olmasdan, birovlarning tavsiyasiga ko‘ra ish yuritsak yoki biror kasbni tanlasak, oxir-oqibatda afsus qilib qolishimiz mumkin.
Maqsadning real hayotga mos kelmasligi, unga erishish uchun motivatsiyaning yo‘qligi, irodasizlik, intizomning yetishmasligi, moliyaviy muammolar, o‘z shaxsidan qoniqmaslik va o‘z kuchiga ishonmaslik maqsad oldidagi to‘siqlar, deb bilaman. Har qanday maqsadga erishishning kaliti — har kuni sizni istagingiz tomon yaqinlashtiradigan sa’y-harakatingizdir. Bilim olmasdan maqsadga erishish — bu tayyor oshga hamtovoq bo‘lish degani. Inson o‘zi butun vujudi bilan mehnat qilsa, yegan oshi totli va mazali bo‘ladi. Maqsadga erishish uchun inson qat’iyatni o‘ziga do‘st bilishi kerak.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar ko‘pincha favqulodda iste’dod sohibi bo‘ladi. Shunga yarasha fikr doiralari keng, ko‘ngil dunyosi go‘zal. Ularning umid bilan yaxshi natijalarga erishish uchun jon-jahdi, ongu tafakkuri, aql idroki va zakovati pokiza qalb ila intilishlarining o‘zi katta muvaffaqiyatdir.
Inson o‘ziga men nogironman, shuning uchun baxtsizman, degan fikrni singdirmasligi kerak. Chunki, hayotda hamma narsa o‘zimizga bog‘liq. Har bir qilingan mehnat kishi ruhiyatini metinday toblaydi. Sabr to‘la ulkan qopni yelkangga ortmoqlab yurish zamirida katta mehnat yotishini his qilish zarur. Oila qo‘rg‘onimiz uzoq vaqt turmushning izg‘irin shamol va yomg‘irlarida nurab ketmasligini istasak, uni sabr atalmish poydevor ustiga barpo qilishimiz darkor.
– Inson orzusiz yashay olmaydi...
– Yutuqqa ko‘zi yetmagan inson muvaffaqiyat cho‘qqilariga chiqa olmaydi. Chiqqan taqdirda ham.... Maqsad esa orzusiz bo‘lmaydi. Demak, orzuingiz doirasini kengaytirishdan qo‘rqmang. Nima xohlayotganini bilgan inson uchun qiyinchiliklarni yengish – burgut samoda uchib, o‘ziga ozuqa qidirgani bilan barobar. Rang-barang rasmlar chizaman. Rasmlarimda o‘zimni to‘rt mucham sog‘ inson qiyofasida tasvirlayman, aslida bu ham orzu. Qo‘llar va oyoqlarim sog‘, so‘zlarimni ravon ifoda etayotgandek bo‘laman. Orzularim og‘ushida parvoz qilaman. Bu rasmlarga qarab, jamiyatda mening ham o‘rnim borligini, baxtli yashashga haqli ekanimni his etaman.
Magistratura yo‘nalishida tahsil olish va AKT sohasi rivojiga o‘z hissamni qo‘shishni istayman. Yana mehribon ota, sadoqatli turmush o‘rtoq bo‘lish orzuidaman.
Abdug‘ani Abdurahmonov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter