Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Istanbulda dunyoda ocharchilikning oldini olishga qaratilgan bitim imzolandi

Istanbulda dunyoda ocharchilikning oldini olishga qaratilgan bitim imzolandi

Foto: AA

Istanbul shahridagi «Dolmabaxche» saroyida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tarzda olib o‘tishga doir bitim imzolandi. Turkiya, Rossiya, Ukraina va BMT o‘rtasida tuzilgan muhim hujjat dunyoda ocharchilikning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.

«Ukraina portlaridan g‘alla hamda oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz olib o‘tish tashabbusi» deb nomlangan bitim Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish shafeligida imzolangan. Hujjatga mezbon davlat nomidan Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar, Rossiya nomidan mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Ukraina nomidan infrastruktura vaziri Aleksandr Kubrakov imzo chekkan.

BMT bosh kotibi mazkur hodisaga «Qora dengizda umid uchquni porladi» deya munosabat bildirdi. Xalqaro tashkilot yetakchisi g‘alla koridoriga doir bitim imzolashdagi xizmati uchun rasmiy Anqaraga minnatdorlik bildirdi.

«Bugun erishilgan kelishuv bilan Afrikadan Yaqin Sharqqa, Amerikadan Osiyogacha butun dunyoda milliardlab odamlarni kutayotgan ochlik xavfining oldini olishga hissa qo‘shdik. Jahon oziq-ovqat inqirozini hal qilishda katta rol o‘ynaydigan ushbu tashabbus mamlakatlarimiz va insoniyat uchun foydali bo‘lsin», – dedi Turkiya prezidenti R.T.Erdo‘g‘on.   

Rossiya bosqini sababli Ukraina omborlarida saqlanayotgan katta miqdordagi donni Qora dengiz orqali dunyo mamlakatlariga sotish yo‘li yopilib qolgan edi. Oqibatda oziq-ovqat bozorida narx osmonga sapchib, ko‘plab mamlakatlarga ocharchilik xavf solayotgan edi. Nihoyat, ocharchilik va qimmatchilikning oldini olish borasida kelishuvga erishildi. Tahlilchilarga ko‘ra, mazkur bitimni g‘alla bozori ijobiy ruhda qabul qildi, bug‘doy narxi allaqachon tusha boshladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring