Grigoriy Leps: musiqa siyosatdan tashqarida bo‘lishi kerak
Rus qo‘shiqchisi Grigoriy Lepsning joriy yil 23 oktyabrga Toshkentda o‘tishi rejalashtirgan konsert dasturi jamoatchilik e’tirozi sabab bekor bo‘lgach, qo‘shiqchi «Govorit Moskva» radiosiga shu xususida intervyu berdi.
U O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston rasmiylarining (avalroq qo‘shni davlatlar rasmiylari ham Lepsning konsert dasturlarini bekor qilgan edi, -tahr.) bunday xatti-harakatlari uni «xavotirga solmasligini» ta’kidlagan.
U, shuningdek, intervyusida Rossiya va boshqa do‘st davlatlarda unga yetarlicha ish borligini ta’kidlab, «musiqa siyosatdan tashqarida bo‘lishi kerak»ligini aytadi.
«Endi men Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqalarsiz qanday yashayman? U yerdagi aksariyat odamlar tuppa-tuzuk, bir guruh o‘ta so‘llar va o‘nglar borki, ularga 20 dollardan pul to‘lashgan. Ular ham xizmat qilishdan xursandlar.
Qolganlariga kelsak, menga baribir. Men Rossiyada yashayman, agar menga dunyoning deyarli barcha mamlakatlariga kirish taqiqlansa ham, albatta, bizning do‘stona mamlakatlar – Janubiy Amerika, Malayziya, Turkiya va boshqalardan tashqari, men mutlaqo xotirjamman. Men o‘z uyimda juda baxtliman. Hammasi joyida. Qolaversa, ular o‘z mamlakatining xo‘jayinlari, ular kimnidir kiritishga yoki kiritmaslikka haqli. Lekin buning musiqaga hech qanday aloqasi bo‘lmasligi, musiqa siyosatdan tashqarida bo‘lishi kerak.
Aftidan, ular mening Rossiyaning Ukranadagi maxsus operatsiyasi (Rossiya-Ukraina urushi nazarda tutilmoqda, -tahr.) borasidagi pozitsiyam, vatanimga qanday xizmat qilishim va yigitlarimizga yordam berish uchun qo‘limdan kelganini qilishimdan g‘azablanishgan. Xudo ular bilan. Vaqt ko‘rsatadi, qolgan hamma narsa meni umuman bezovta qilmaydi. Bizning qiladigan ishlarimiz ko‘p, ona yurtimiz odamlari bizni juda yaxshi kutib olishadi. Agar ertaga menga dunyoning hamma joylariga sayohat qilish taqiqlansa, men faqat o‘z yurtimda ishlayman, deb faxrlanaman va xursand bo‘laman», – deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Grigoriy Lepsning konserti bekor qilingani ma’lum bo‘lgan edi. Bungacha Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham shunday choralar ko‘rilgan.
Ma’lumot o‘rnida, «san’atning siyosatdan tashqarida bo‘lishi kerak»ligini ilgari surayotgan rus xonandasi ayni paytda Ukrainadagi rus askarlariga har bir vayron qilingan Leopard tanki uchun million rubl to‘lash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi va bu aksiyada o‘zi ham ishtirok etadi (1, 2, 3, 4).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter