Maktablarda geografiya fanidan eskirgan ma’lumotlar bo‘yicha dars o‘tilayapti(mi?)
Oxirgi paytlarda o‘qituvchilar muammosi, ta’lim sifatining pastligi haqida ko‘p gapirilayapti. Albatta, yosh avlodning savodli, ilmli bo‘lishi har bir mamlakat uchun dolzarb bo‘lishi kerak. Ammo hozircha bizda ta’lim sohasida darsliklardan tortib, o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatgacha yetarlicha muammolar bor.
Men geografiyaga judayam qiziqaman. Ayniqsa iqtisodiy, ijtimoiy geografiyaga. Dunyodagi turli mamlakatlar aholisining etnik tarkibi, ularning iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligidagi yetakchi sohalari, mamlakatlardagi aholi soni, ularning poytaxtlarida qancha aholi yashashi men uchun judayam qiziq. O‘ylaymanki, bu ko‘pchilik uchun ham qiziq.
Geografiyaning bir qismida ma’lumotlar uncha-munchada o‘zgarmaydi. Yer shari bo‘ylab o‘tgan meridianlar, parallel chiziqlar, ularning uzunligi, mamlakatlarning poytaxtlari, ularning hududlari va hokazolar. Ammo iqtisodiy ko‘rsatkichlar, qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, mamlakat aholisi, shuningdek turli aholi punktlaridagi aholi soni, turli mamlakatlarning eksport-import salohiyati o‘zgaruvchandir. Ana shu sabablar tufayli ham maktablarda, o‘rta maxsus bilim yurtlarida, OTMda o‘qitilayotgan iqtisodiy geografiya darsliklari, programmalari, shuningdek shu darsliklarga ilova tarzida chiqarilgan turli kartalar tez-tez yangilanib turishi turishi kerak. Aks holda aynan iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanini o‘qiyotgan o‘quvchilar, talabalar «zamondan orqada qolib ketib», ko‘pgina yangi voqea-hodisalardan, iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlardan bexabar qolishlari mumkin.
Qo‘limda 9-sinf o‘quvchilari uchun chiqarilgan «Dunyoning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi» kitobi va «Dunyoning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi» atlasi. Bu kitob va kartada dunyo davlatlaridagi turli sohalar umumiy ma’lumot va jadvallar asosida yoritilgan. Qisqasi ushbu kitob va atlas 9-sinf «Jahon iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi» fani uchun yetarli ma’lumotlar bilan boyitilgan. Ammo...
Hamma gap ana shu ammoda-da! Ushbu kitob va atlasdagi ma’lumotlar judayam eski.
Kitob to‘ldirilgan holda 2014-yilda qayta chop etilgan. Ammo undagi ma’lumotlarning aksariyati 2011-va 2012-yillarga oid. Atlasning oxirgi varag‘ida ma’lumot berilishicha, karta 2007-yilda tuzilgan. 2013-yilda esa tuzatilgan va nashr etilgan.
Qizig‘i, karta ilk marta 2013-yilda, 2011 — 2012-yillardagi statistik ma’lumotlarga asoslanib chop etilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha o‘zgartirilmasdan o‘sha holida chop etib kelinayapti. Mana, qo‘limdagi karta 2017-yilda chop etilgan. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra mamlakatimizda 29.555.400 kishi yashaydi. Bu ma’lumot 2012 yilniki. Hozir esa mamlakatimizda 32 milliondan oshiq aholi yashayapti. Shu tariqa kartada boshqa davlatlardagi aholi soni va turli poytaxtlar aholisining soni ham 2011-va 2012-yillar ma’lumotiga ko‘ra berilgan. Undan keyin dunyoning ba’zi davlatlarida aholi soni sezilarli kamaydi. Ba’zilarida esa oshib ketdi. Ammo bizning o‘quvchilarimiz hanuzgacha 2011-va 2012-yilning ma’lumotini o‘rganishayapti.
Shuningdek atlasdagi iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligiga tegishli ko‘p ma’lumotlar ana shunday eski ma’lumotlar asosida berilgan.
Ximiya, fizika, algebra va boshqa bir qator fanlarda ma’lumotlar o‘zgarmaydi. Ammo geografiya fani — boshqa masala. Olti-yetti yil uyoqda tursin, hatto uch-to‘rt yilda ham geografiya fanidagi turli ma’lumotlar o‘zgarib ketishi mumkin. Shuning uchun ham, fikrimcha, aynan geografiya fani darsliklarini yangi ma’lumotlar bilan boyitib, har uch-to‘rt yilda chop etib turish kerak.
Masalan, 2000 — 2005-yillargacha biz paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha dunyoda Xitoy va AQShdan keyin uchinchi o‘rinda, paxta tolasi eksporti bo‘yicha esa AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turganmiz. Ammo bugunga kelib yildan-yilga paxta maydonlari qisqartirilib, ularning o‘rni boshqa ekinlarga bo‘shatib berilayotganligi, o‘zimizda ham to‘qimachilik va tekstil sanoati rivojlanib, tolaning katta qismi o‘zimizda qayta ishlanayotgani tufayli biz bugungi kunda paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha, uni eksport qilish bo‘yicha birinchi beshlikka ham kirmaymiz.
Bu haqda esa o‘quvchilarga asosan geografiya fani xabar beradi. Shuning uchun xam geografiya kitoblari tez-tez yangilanib turishi maqsadga muvofiqdir.
Fan olimpiadalarida aynan geografiya fanidan qanday savollar beriladi, ana shu kitob va atlasdagi eski ma’lumotlar bo‘yichami yoki yangi ma’lumotlar bo‘yichami? Shuni bilish uchun maktabda ishlayotgan geografiya o‘qituvchisi bilan gaplashdim.
Uning aytishicha, fan olimpiadalarida savollar darslikda berilgan ma’lumotlar bo‘yicha beriladi. Ammo ayrim hollarda o‘qituvchilarning o‘zlarini atestatsiyadan o‘tkazish paytida o‘qituvchining qo‘liga yetib kelmagan kitob ma’lumoti bo‘yicha ham savollar berib qolishadi.
Shuningdek geografiya fani bo‘yicha yana bir muhim muammo bor ekanki, bu haqda o‘qituvchi kuyunib gapirdi:
— Kitob va kartalardagi ma’lumotlarning eskiligi, 2018-yilgi o‘quv yilida ham o‘quvchilar 2011 — 2012-yillardagi ma’lumotlarni o‘rganayotgani bir muammo. Yana bir muammo shuki, geografiya kitoblariga ilova tarzida chiqarilgan atlaslarga ilova tarzida bo‘yalmagan kartalar ham chiqarilgan. O‘quvchi yil davomida o‘tilgan mavzu bo‘yicha ana o‘sha kartani bo‘yab borishi kerak. Bu esa o‘quvchi uchun umuman keraksiz mashg‘ulot. Kartalarda turli davlatlarning turli ranglarda belgilanishi hech narsani anglatmaydi. Bu ish shunchaki davlatlarni bir-biridan oson ajratish uchun qilinadi. Lekin o‘quvchining qimmatli vaqtini oladi xolos. Bu masalaning birinchi jihati.
Ikkinchi jihati shundaki, maktab o‘quvchilari uchun chiqarilgan oddiy qalamlarda o‘n ikki xil rang bor. Kartada esa yigirmadan oshiqroq rang berilgan. Qaysi rangga qaysi rangni qo‘shib bo‘yasa o‘sha kerakli rang chiqishini o‘quvchilar bilmaydi. Buni bilish uchun esa kamida rassom bo‘lishi kerak.
Masalaning uchinchi jihati shuki, ana shu bo‘yash qiyindan qiyin bo‘lgan kartalarni bo‘yayman deb bir nechta o‘quvchimning ko‘rish qobiliyatida muammo chiqib, ko‘z shifokoriga murojat qilishga majbur bo‘ldilar.
Ko‘p o‘quvchilar biri ko‘zini asrash uchun, yana biri vaqtini tejash uchun kartani naridan beri bo‘yab qo‘ya qoladi. Bu ishning murakkabligini bilib ularga indamay qo‘ya qolamiz.
— Kartani bo‘yash o‘quvchi salomatligi uchun zararli ekan, buning ustiga o‘quvchining bilimini oshirishga xizmat qilmaydigan yumush ekan, bu haqda ta’lim sohasidagi yuqori idoralariga shu ishni o‘quv rejasidan olib tashlash haqida murojaat qilganmisizlar? — so‘rayman men.
— Murojaat qilganmiz, faqat vazirlikka emas, tuman XTBga «vazirlikka yetkazinglar shu muammoni» deb murojaat qilganmiz. Ammo ularning aytishicha, geografiya fanidan o‘quv rejasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tuziladi va vazirlik lozim topsagina o‘sha kartani bo‘yash o‘quv dasturidan olib tashlanadi. Lozim topishmasa ahvol o‘zgarishsiz qolaveradi.
Buning ustiga o‘quvchilarning vaqtini olayotgan, sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ana shu karta darslikka qo‘shib ijaraga berilmaydi, uni o‘quvchi sotib olishi kerak. Uni ishlab chiqarish uchun qanchalab qog‘oz va mehnat sarflanayapti. Agar XTV shu masalani o‘rganib chiqsa va o‘quvchilarni shu ishdan xalos qilsa ancha qog‘oz, mehnat hamda o‘quvchilarning pullari tejab qolinar edi...
O‘qituvchi bilan gaplashib bo‘lganimdan keyin qo‘limga darslikka ilova tarzida berilgan kartani va bo‘yalishi kerak bo‘lgan kartani oldim va yonma-yon qo‘yib ko‘rdim. Yo‘q, men geografiyaga qanchalik qiziqmay bu kartani eplab bo‘yay olmayman. Ko‘zim ham dosh bermaydi, asabim ham. Nazarimda, hatto rassom uchun ham bu kartani asliga o‘xshatib bo‘yab chiqish oson emas.
Men yuqorida gapni 9-sinflar uchun chiqarilgan geografiya kitobi va kartasi xaqida yozdim. Ammo karta bo‘yash topshirig‘i 7-sinf o‘quvchilari uchun ham bor ekan.
O‘ylaymanki, shu maqola orqali bu muammo vazirlikka ham yetadi va ular maktablarda geografiya fanini o‘qitishni qayta ko‘rib chiqadilar va bolalarning sog‘lig‘i uchun muammo bo‘layotgan va ularning qimmatli vaqtini olayotgan karta bo‘yash ishini dars rejasidan chiqarib tashlaydilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter