«O‘zmilliybank» AJ: «Xonatlas – milliyligimiz timsoli»
Asl hunarmandlar yurti bo‘lgan O‘zbekistonda atlasu adrasga teng keladigan matoni topish amrimahol. Kamalakning yetti rangini betakror naqshlarda ko‘z-ko‘z qilgan ushbu matodan tikilgan libos barcha xotin-qizlarga o‘ziga xos chiroy, joziba hamda maftunkorlik baxsh etadi. Qolaversa, milliyligimiz timsoli sifatida alohida ahamiyatga ega. Bejiz qadim urf-odatlarimiz, to‘y marosimlarimiz atlasu adrassiz o‘tmaydi.
Shu bois diyorimizda bo‘lgan har bir xorijlik sayyoh ko‘zlarni yashnatib atlas kiygan suluv qizlarimizning, zebo kelinchaklarimizning egnidagi xushbichim andozali ko‘ylaklari hamda to‘nlariga havas hamda hayrat bilan nazar soladilar. Xullas, zar ipaklardan tayyorlangan turfa bichimdagi atlasning rang-barang uslublari bugunga kelib zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan holda yanada takomillashdi va festivallarimizning shoh asari sifatida namoyish etilmoqda.
Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab «Xonatlas» festivali davom etayotgan fursatlarda bahoriy kayfiyatga yanada jo‘shqinlik baxsh etish maqsadida «O‘zmilliybank» AJ da faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar faol ishtirok etishdi. Milliy libos kiygan xodimlarimiz mijozlarni iliq tabassum hamda xushmuomala bilan qarshi olib, bank xizmatlarini taqdim etishdi. Albatta, bu kayfiyat va sharqona muhit yurtdoshlarimizni befarq qoldirmadi.
– To‘g‘risi, bankka kirib kelishim bilan bank xotin-qizlarining milliy taqinchoqlar taqilgan atlas ko‘ylaklarda mijozlarni kulib qarshi olayotganlariga ko‘zim tushib, kayfiyatim ko‘tarildi, – deydi Rahim Boynazarov. – Bular menga yoshligimni eslatdi. Bahor faslini chinakamiga shu yerda his etdim. Sababi menga bahor ham aslida, xotin-qizlarning tabassumidan boshlanadi.
Bugun «O‘zmilliybank» AJ respublika bo‘ylab barcha hududiy bo‘limlarida ana shunday «Xonatlas» festivali davom etdi. Bu tadbirda bankning barcha xodimlari munosib ishtirok etishdi va milliy qadriyatlarimizni davom ettirishda o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter