Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqarolardan 6 kunda 500ta taklif tushdi. Innankeyin-chi?

Fuqarolardan 6 kunda 500ta taklif tushdi. Innankeyin-chi?

Foto: «Taraqqiyot strategiyasi» markazi

Shu yilning 6-avgust kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va «Yuksalish» umummilliy harakatining qo‘shma loyihasi – «jamoatchilik.uz» onlayn platformasi ishga tushirilgan edi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi xabariga ko‘ra, ayni paytga qadar ushbu platformaga yuborilgan takliflar soni qariyb 500 tani tashkil etmoqda. Fuqarolarning davlat va jamiyat hayotini yanada yaxshilash, islohotlarga e’tibor bilan yondashish istagini kelib tushayotgan takliflar, bildirilayotgan fikrlar yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ularning aksariyati o‘zida muayyan muammo va uning yechimi borasida aniq yondashuvni aks ettiradi. Galdagi vazifa esa, muhokamalar jarayonida o‘rtaga tashlangan takliflarni yanada boyitib, tegishli tartibda amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rishdan iborat. Zero takliflar qimmati ularni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish, buning ortidan insonlar turmushi yaxshi tarafga o‘zgarib, islohotlar hayotiyligi ta’minlanishidadir.

Shundan kelib chiqib, fuqarolarning kuyunchakligi va e’tiborini to‘g‘ri e’tirof etish va puxta o‘ylangan takliflar faqatgina hisobotlarda qolib ketishining oldini olish tashkilotchilar uchun ayni paytda bosh maqsadga aylangan. Binobarin, platforma faoliyati haftalik tahlil qilinib, oraliq natijalar bo‘yicha jamoatchilik xabardor etib borilishiga oid vazifa ham ana shu mas’uliyat mahsulidir.

Bugun ushbu portalda bildirilgan takliflar tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida ilk bor muhokama qilindi. Unda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbari va xodimlari ham ishtirok etishdi.

Fuqarolar tomonidan bildirilgan hech bir taklif e’tibordan chetda qolmadi. Har bir masala bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning mas’ullari hamda vakolatli vakillari o‘z fikrlarini, munosabatini bildirishdi.

Eldor Tulyakov, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori

— Darhaqiqat, «Jamoatchilik» onlayn-platformasiga 6 kunda 500 ga yaqin takliflar kelib tushdi. Bu raqamning o‘zi fuqarolarning ushbu xalq istak-hoxishlari va takliflarini o‘rganadigan yangi instrumentning haqiqatdan ham samarali ishlashiga ishonch emas, umidning borligini bildiradi. Demak, fuqarolar davlat boshqaruvida, ishlab chiqilayotgan qonun hujjatlarida faol ishtirok etishni istashadi. Lekin, bu takliflar faqatgina qog‘ozlarda qolib ketadigan bo‘lsa, biz juda ko‘p narsa yo‘qotamiz.

Ma’lumki, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda «Yuksalish» umummilliy harakati — jamoatchilik tashkilotlari hisoblanadi, davlat tashkiloti emas. Balki shuning uchun ham «Jamoatchilik» onlayn-platformasiga fuqarolarning qiziqishlari katta. Ushbu jihatga urg‘u berayotganimning sababi bizga kelib tushgan takliflardan biri bo‘ldi. Unda shunday deyilgan: «Harakatlar strategiyasi» qabul qilinganidan buyon qancha muddat o‘tganiga qaramay, hamon ko‘plab davlat organlariga murojaatlar e’tiborsiz qolib ketyapti. Taklifim shunday: agarda davlat tashkiloti belgilangan muddatda fuqaro murojaatiga javob bermasa, bu sukut — rozilik sifatida qabul qilinsin», ya’ni, sukut — alomati rizo. Shuning uchun ham tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar vakillariga biz tomonimizda sohalar bo‘yicha taqsimlangan murojaatlarning hech birini e’tibordan chetda qoldirmagan holda ko‘rib chiqishlarini so‘raymiz.

Yana bir jihat bor, ko‘tarilayotgan barcha takliflar munozarali, ularni soatlab tahlil qilish mumkin. Shuning uchun endilikda biz bu kabi muhokamalarni yo‘nalishlar bo‘yicha olib borishga va pirovardida, muammoning aniq va tugal yechimini topishga harakat qilamiz. Chunki ba’zi takliflar 2 va undan ortiq davlat organlari bilan birgalikda o‘rganishni talab etadi. Alohida, hamma o‘z bilganicha ishlaganda samara bo‘lmasligi tabiiy. Bugun o‘tkazilgan tadbirimiz hali boshlanishi. O‘ylaymanki, bundan keyin taklif mualliflari yana-da faol ishtirok etib, o‘z pozitsiyalarini himoya qilishadi. Ana shundagina biz erkin muloqot maydonini yaratgan bo‘lamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring