«Yuksalish» 10ta taklif bilan chiqdi
«Yuksalish» umummilliy harakati Toshkentdagi havo ifloslanishi bo‘yicha ekolog mutaxassislar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, holatni yaxshilash yuzasidan 10 ta birlamchi chora-tadbir takliflarini ishlab chiqdi.
So‘rovda 34 nafar mutaxassis, jumladan, tegishli vazirlik va qo‘mitalar, tadqiqotchilar, mahalliy ekofaollar va jurnalistlar ishtirok etdi.
- Respondentlarning aksariyati (80,7 foiz), birinchi galda, chang ko‘tarilishini kamaytirish uchun barcha ochiq maydonlarga daraxtlar va ko‘p yillik o‘tlarni ekish orqali «yashil belbog‘» yaratish kerak, deb hisoblaydi. Bunga qo‘shimcha sifatida ekilgan daraxtlarni doimiy parvarishlash, monitoring qilish, kesish holatlariga jazoni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
- So‘ralgan ekologlarning 74,4 foizi shaharsozlik Bosh rejalari tasdiqlanmaguncha yangi, ayniqsa, ko‘p qavatli va noturar binolar qurilishiga moratoriy joriy etish, qurilishlarga faqat «yashil» standartlar doirasida ruxsat berish zarur, deb hisoblaydi.
- Respondentlarning 70,1 foizi havoni ifloslantiruvchi omillar haqida aniq tushuncha va ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun maxsus uskunalar orqali ifloslantiruvchi manbalarni (korxona, zavod, issiqxona va boshqalar) monitoring qilish kerak, degan fikrda. Bunda mas’ul idoralar va NNTlar vakilallaridan iborat tezkor monitoring guruhini tuzish maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan.
Monitoringda asosiy urg‘u quyidagilarga qaratilishi tavsiya etiladi:
- ifloslanish darajasi, sabablari va tarkibini o‘rganish, uni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;
natijalarini OAVda e’lon qilib borish; - havoni ifloslantirishga sabab bo‘lgan korxonalarga ijobiy xulosalar yoki faoliyat yuritish uchun ruxsatnomalar bergan shaxslarni javobgarlikka tortish;
- qoidabuzarlarga jarima va jazo choralarini qo‘llash;
- havo sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
- Respondentlar, shuningdek, havoning ifloslanganlik holati haqida aholini xabardor qilish, zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar beriladigan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini o‘tkazishni aytgan (57,3 foizi). Axborot bilan ta’minlash tizimli, doimiy va ekolog mutaxassislarning ma’lumotlariga tayanilgan bo‘lishi kerak, deyiladi bayonotda.
- Ekspertlar barcha transport vositalarini, jumladan, traktor va texnikalarni rejadan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlagan (53 foiz). Shuningdek, ular nosoz uskunalardan foydalanishni taqiqlashni yoqlagan.
- Mutaxassislar, shuningdek, ijtimoiy-ahamiyatli ob’yektlarda (maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqalar) havoni tozalovchi tizimlarni o‘rnatishni (50,6 foiz) hamda ish beruvchilarga bino va ofislar ichkarisida havoni tozalash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni ham tavsiya etgan (42,1 foiz).
- Respondentlarga ko‘ra, vaqtinchalik chora sifatida namlikni oshirish uchun yerosti suvlaridan foydalangan holda favvoralar sonini ko‘paytirish zarur (25 foiz).
- Ayrimlarining fikricha, mo‘’tadil mikroiqlimni ta’minlash va havo sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish uchun sun’iy suv havzalarini yaratish ham samarali choralardan biri.
- So‘rovda qatnashgan ekspertlarning 19,3 foizi ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan kunlarda aholi orasida tibbiy niqob taqish zarurligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish kerak, deb hisoblaydi.
- Shuningdek, so‘ralganlarning 18 foizi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, ishlab chiqarish, omborlarda yong‘inning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish kerakligini ta’kidlagan. Chunki dala va o‘rmonlarda, xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlarda sodir bo‘ladigan yong‘inlardan havo sifatiga hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi zaharli tutun va kul tarqalishi mumkin, deb ta’kidlanadi xabarda.
Bundan tashqari, ekspertlar havo sifatini yaxshilashga, uning yanada ifloslanishining oldini olishga kompleks yondashish va uzoq muddatli turli darajadagi strategik chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Ular quyidagilar:
- beton yoki asfalt bilan qoplangan maydonlar yaqinida kichik bog‘lar tashkil qilish;
- shahar va aholi yashaydigan hududlarda ko‘mir va mazutdan foydalanishni taqiqlash;
- tig‘iz vaqtlarda (soat 07:00 dan 10:00 gacha va 17:00 dan 20:00 gacha) N2 va N3 toifali (og‘irligi 3,5 va 12 tonnadan ortiq yuk ortilgan) transport vositalari harakatini cheklash;
- 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtomobillarning harakatlanishini bosqichma-bosqich taqiqlash, bunda zamonaviy transportlarga o‘tish bo‘yicha imtiyozlar joriy etish;
- Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarining markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli zonalar tashkil etish;
- Atmosfera havosini muhofaza qilish va ifloslanishining oldini olish davlat dasturini ishlab chiqish;
- Markaziy Osiyoda ekologik vaziyatni monitoring qilishda davlatlararo munosabatlar sohasida maqsadli ishlarni amalga oshirish, muayyan vakolatlarga ega ishchi guruhlarni tuzish;
- korxona va zavodlarda tozalash uskunalari mavjudligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
- korxonalarning ekologik auditini o‘tkazish, belgilangan standartlarga rioya etilishini joriy etish va nazorat qilish;
- aholi uchun ekologik ta’lim dasturlarini yanada rivojlantirish;
- xususiy tashkilotlarga ekologik muammolarni hal qilishga sarmoya kiritish imkonini beruvchi dasturlarni ishlab chiqish;
- atrof-muhitga xayriya qilish uchun soliq imtiyozlarini berish;
- atmosfera havosining sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun shahar hokimligi huzurida Ekologiya, sog‘liqni saqlash, transport va qurilish vazirliklari vakillaridan iborat ishchi komissiya tuzish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter