Farg‘onada fermerlardan yer tortib olinmoqda. Vaziyatga Adliya vazirligi aralashdi
Uchko‘prik tumanida fermerlar hokimiyat binosiga chaqirilib, o‘z yerlaridan «ixtiyoriy» voz kechish yuzasidan ariza rasmiylashtirilganligi aniqlandi.
Holatga Adliya vazirligi munosabat bildirdi.
Prezident Farmoniga asosan joriy yil 1 sentyabrdan boshlab yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risidagi ariza faqat notarial tartibda tasdiqlanishi qat’iy belgilangan, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning mahalliy davlat hokimiyati organlari qarori bilan bekor qilinishi mumkin emas.
Mazkur tartib fermerlarni majburan yerini topshirtirish, bo‘sh oq qog‘ozga imzo chekdirish yoki fermer nomidan boshqa shaxs imzo qo‘yishi kabi yillar davomida uchrab kelgan amaliyotlarga chek qo‘yish, shuningdek, istalgan paytda fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlarining yerga bo‘lgan huquqlarini har xil yo‘llar bilan bekor qilishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy etilgan.
Ya’ni ixtiyoriylik shaxsning haqiqatan asl xohish-irodasining ifodasi ekanligini tasdiqlash murakkab huquqiy jarayon ekanligini inobatga olib, bu muhim vazifa notariuslarga yuklatilgan.
Biroq, joriy yilning 13 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimligi binosiga chaqirtirilgan notarius M.E. tomonidan yer ijara shartnomalarini bekor qilinishini so‘rab 16 ta fermer xo‘jaligi rahbarlaridan hokim nomiga yozilgan arizalar tasdiqlaganligi ma’lum bo‘ldi.
Ya’ni, notarius ham va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ham bevosita tuman hokimligi binosiga chaqirtirilgan bo‘lib, arizalarni notarial tasdiqlash tuman hokimligi binosida yuz bergan.
Bundan tashqari, fermerlarning arizalari bilan bog‘liq notarial harakatni amalga oshirish, jumladan davlat boji va boshqa to‘lovlar Uchko‘prik tumani hokimligi xodimi Sh.M. ishtirokida amalga oshirilgan.
Bunday amaliyot yuqoridagi Farmon maqsadiga, mazmun-mohiyatiga, unda belgilangan tartib va prinsiplarga ziddir.
Ma’muriy binoga chaqirtirilib, hokimlik xodimlari ishtirokida ushbu notarial harakatlarning amalga oshirilishi fermerlarning asl xohish-irodasini ifoda etishiga xalaqit qiluvchi katta to‘siq sifatida qaralishi lozim.
Qolaversa, 16 ta fermerning bir vaqtda birvarakayiga yerni topshirish qaroriga kelganligi va bir vaqtda ariza yozish maqsadida notariusga murojaat qilish holati tasodif bo‘lishi mumkin emas.
Shunga asosan Adliya vazirligi tomonidan 13 oktyabr kuni 16 ta fermer xo‘jaligi rahbarlarining arizalarini bekor qilish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu arizalar asosida yerlarni tuman hokimligi zaxirasiga olib qo‘yish amalga oshirilmasligi nazoratga olindi.
O‘z o‘rnida, hokimlik mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berish yuzasidan prokuratura organlariga murojaat qilindi.
Adliya vazirligi huquqiy munosabatlar barqarorligi, yerga bo‘lgan huquqlarning ta’minlanishi qishloq xo‘jaligi rivojlanishi uchun eng muhim shartlaridan biri ekanligini ta’kidlaydi.
Shu munosabat bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslariga qonunchilik hujjatlari talablari, ayniqsa yuqoridagi Farmon mazmun-mohiyatidan kelib chiqib zid faoliyat yuritganlik uchun javobgarlik mavjudligini eslatib o‘tamiz.
Hurmatli fermerlar!
Agar sizga nisbatan yer huquqlaringizdan ixtiyoriy voz kechish bo‘yicha majburlash yoki boshqa ko‘rinishdagi bosimlarga duch kelsangiz, ya’ni mazkur harakatlar o‘z ixtiyoringizga qarshi amalga oshirilayotgan bo‘lsa, darhol adliya organlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz, deyiladi Adliya vazirligi xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter