Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat Toshkent shahrida avtobuslarni tekin qilish taklifini bermoqda

Deputat Toshkent shahrida avtobuslarni tekin qilish taklifini bermoqda

Joriy yil 1-noyabrdan Toshkent shahridagi jamoat transportlari uchun to‘lovlar egiluvchan tizimga o‘tayotgani haqidagi xabar jamoatchilik o‘rtasida turli fikrlarni uyg‘otmoqda.

Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov bu yangilikni ijobiy baholab, to‘lovlarni, agar naqd pul ko‘rinishida bo‘lsa, «300 so‘mga emas, balki karrasiga» qimmat qilishni taklif qiladi. Iqtisodchi bu bilan «naqd puldagi to‘lovlar tizimdagi o‘g‘irliklarning mazmun mohiyatini saqlab qolishga imkon berishi»ga hamda «konduktor biriktirish amaliyoti yo‘q bo‘lishi»ga ishora qiladi.

Parlament Quyi palatasi deputati Doniyor G‘aniyev esa, o‘zining istilohi bilan aytganda, «radikal» taklif bilan chiqadi.

Uning taklifiga ko‘ra, avtobuslarni hammaga bepul qilish mumkin. Bu budjetga qo‘shimcha 300 mlrd so‘mga tushishi mumkin. Ammo buni qoplashning ham o‘z manbasi bor.

«Hozirgi hisob-kitobda shahar hokimiyatiga yiliga qo‘shimcha 300 mlrd so‘mga tusharkan. Bu pullarni shahar markaziy qismiga kiradigan moshinalarga kunlik soliq solish orqali qoplasa bo‘ladi», – deydi deputat.

G‘aniyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, masalan, poytaxt markazida harakatlanuvchi avtomobillarga bir kun uchun 1 AQSh dollari miqdorida soliq solinsa va agar shahardagi bir kunlik 500 mingta mashinadan 20 foizi, ya’ni 100 mingi shahar markazida harakatlanadi deb olinsa, kuniga 100 ming AQSh dollarni tashkil qiladi.

«Bu odamlarda avtobusdan ko‘proq foydalanishga, moshinadan kamroq foydalanishga rag‘bat bo‘ladi. «Probka»lar kamayadi, yo‘l harakati sal tartibga keladi», – deb yozadi deputat.

U, shu bilan birga, bu taklifi ishlashi uchun birinchi navbatda transport xizmati faoliyati, hisob-kitobi to‘liq ochiq va shaffof bo‘lishi lozimligini, qo‘shimcha samarasizlik va o‘g‘rilikka yetaklamasligi kerakligini ta’kidlaydi.

Operatsion xarajatlarni qisqartirish hisobiga haydovchilar oyligini oshirishga ham imkon bo‘lishini urg‘ulaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring