Cho‘lga sayohat –«O‘zbekneftgaz» savollarga javob berdi
Qarshi shahridan G‘uzor tomon yurib, tuman markaziga 10 chaqirimcha qolganda o‘ngga burilsangiz, Qashqadaryo cho‘llari bag‘riga kirib ketasiz. Avvaliga bu cho‘lga sira o‘xshamaydi, tekis yo‘l, chetlari esa daraxtzor. «O‘zbekneftgaz» yigitlarining mehnati samarasi bu, daraxtlarni lozim bo‘lganda yuk mashinasida suv tashib sug‘orishgan.
Bora-bora yo‘l ham, daraxtlar ham tugaydi, qip-qizil cho‘l boshlanadi. Bu yog‘iga onda-sonda cho‘ponlarning qo‘nalg‘asi uchrab turmasa, zamonaviy hayot alomatini faqat toshloq yo‘l chetidagi simyog‘ochlar ko‘rsatib turadi holos. Yuravergach unisi ham, bunisi ham tugaydi, bu yog‘iga endi har ikki tomonda bir xil manzara – cho‘l, cho‘l, cho‘l. Mana shu cho‘lning osti esa gaz bilan to‘la.
«O‘zbekneftgaz» AJ axborot xizmati tomonidan Qashqadaryo viloyatiga tashkil etilgan press-tur davomida gazchilarning og‘ir mehnati bilan tanishib qaytdik. Oldindan aytamiz, ikki kunlik safar 20 kunlik charchoqni berdi, ammo zavqi ham shunga yarasha...
Birinchi borgan manzilimiz –«Sho‘rtan» konidagi 329-sonli quduq bo‘ldi, bu yerda xorij tajribasi asosida burg‘ilash va raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Quduq qazishda 38 kishi mehnat qilyapti, «Gazpromneft»dan taklif etilgan mutaxassis esa kerakli maslahat va yo‘riqlarni berib turibdi.
Surgutlik Tagir Kalimulin o‘zimizning qorako‘z mutaxassislar orasida ajralib turadi, oq-sariqdan kelgan, shimol odami ekani bir qarashdayoq seziladi. Yaqinlashib, salomlashaman.
– Ismingiz Tagir ekan, shu o‘zimizning Tohir emasmi?
– Ha, shunday, Tohir desangiz ham bo‘ladi. Tatarman men, sizga yaqinmiz.
– O‘zimizdan ekansiz-da, qaysi shahardansiz?
– Surgutdan. Biz tomonlar ancha salqin... (kuladi)
– Issiq qiynamayaptimi?
– Chidasa bo‘ladi, mana shu intervyulardan o‘tib olsak bo‘lgani, – yana kuladi Tagir.
Bu orada hamkasblar uni o‘rab olishgan, mikrofonlar tutilgan, intervyuga shay bo‘lib turishibdi. Tagir quyosh tig‘i ostida turgancha barcha savollarga javob beradi – burg‘ilash ishlari yaxshi ketyapti, «O‘zbekneftgaz» AJ rahbariyati tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan, gaz borligi kutilayotgan 3500 metr chuqurlikka rejadagi 88 kun o‘rniga 50 kunda tushish maqsad qilingan. Qazish ishlari 38 kun ertaroq yakunlanishi hisobiga bir necha o‘n milliard so‘m tejab qolinadi, bu esa juda yaxshi natija deganidir.
Tagir Kalimulin bilan intervyu tugashi hamono kechikib kelgan boshqa hamkasblarimiz yana mikrofon tutishadi. Nachora, shimoldan kelgan yigit ularning ham savollariga javob berishi kerak.
Tabiiyki o‘zimizning mutaxassislar ham bo‘sh qolishgani yo‘q, jurnalistlarga burg‘ilash jarayonidagi murakkab jihatlarni tushuntirib turishibdi.
– Bu quduqda yangicha, xorij tajribasiga asoslanib ish olib boryapmiz. Hozircha natijalar juda yaxshi, nasib qilsa keyinchalik bu tajribani boshqa quduqlarda ham joriy etamiz. Asosiy maqsad mahsuldor qatlamni sifatli ochish va quduqlar qurilish muddatini 40 foizgacha qisqartirish, – deydi biz bilan suhbatda gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Aziz Rahmonov.
Rejalar katta. Bizga aytishlaricha, yaqin vaqtlar ichida bosqichma-bosqich «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli barcha burg‘ilash ob’yektlari «Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi» tomonidan to‘liq onlayn nazorat qilinadi. Buning uchun dasturiy ta’minot bo‘yicha mutaxassislar malakasi oshiriladi va ish tartiblari o‘zlashtiriladi. Tabiiyki, o‘shanda samaradorlik ham oshishi kutilyapti.
329-sonli quduqni ko‘zdan kechirib bo‘lgandan so‘ng cho‘l bo‘ylab «Ye-kon» loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish uchun ketamiz. Bizga aytishlaricha, raqamlashtirish ishlari 20-sonli gaz yig‘ish punktida to‘liq tugatilgan. Bu yerda birgina muhandis-operator 20 tagacha quduqdan olinayotgan gaz ko‘lamini kuzatib turish imkoniyatiga ega. Barcha quduqlarda harorat va bosimni o‘lchaydigan chiplar o‘rnatilgan bo‘lib, muammo yuzaga kelgan taqdirda darhol chora-tadbir ko‘riladi.
– Ilgari gaz qazib olishda muammo bo‘lsa, nazoratchilarimiz barcha quduqlarni birma-bir tekshirib chiqishga majbur bo‘lishardi. Buning uchun 18 kilometrlar yurishar va qimmatli vaqt yo‘qotilardi. Endi esa muhandis-operatorning yolg‘iz o‘zi qayerda qanaqa muammo borligini aniqlay oladi va kerakli mutaxassislarni kerak joyga yo‘naltira oladi. Keyin nosoz quduqqa kislotali ishlov beriladimi, yoki texnik ta’mirlash ishlari o‘tkaziladimi, mutaxassislarga havola, tezda qaror chiqarib, muammoni bartaraf etadilar, – deydi Aziz Rahmonov.
Bizga ma’lum qilishlaricha, yil oxiriga qadar «O‘zbekneftgaz» AJga tegishli barcha konlarda raqamlashtirish ishlari yakuniga yetadi va barcha kerakli ma’lumotlarni Toshkentdan turib kuzatish mumkin bo‘ladi. Umuman olganda, bu tizim hozir ham ishlab turibdi, Xabar.uz saytida bu haqda reportaj ham berilgan edi.
Gaz yig‘ish punkti bilan tanishib olganimizdan so‘ng hududiy shtab tomon yurdik, bu yerda esa bizni yaxshigina syurpriz kutib turgandi — jurnalistlar bilan muloqotda bo‘lish uchun «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Bahodir Siddiqovning shaxsan o‘zi G‘uzorga yetib kelibdi. Bu esa OAV uchun ajoyib sovg‘adir, tabiiyki salomlashib bo‘lganimiz hamono savollar yomg‘iri boshlanib ketadi. Bahodir Siddiqov birorta savolni javobsiz qoldirmadi, hammasiga batafsil tushuntirish berdi. Muloqot ikki soatga yaqin davom etdi, bir necha bor to‘xtagandek bo‘ldi ham, ammo yana qaytadan davom etdi.
Savol-javoblar orasida anomal sovuq ham, Afg‘onistondan qaytgan dizel ham, benzinu, GTL zavodi ham qolmadi, barchasi so‘raldi. Xabar.uz saytida suhbat bir necha qismlarga bo‘lingan holda chop etildi, istalgan vaqtda o‘qib olishingiz mumkin.
– Jurnalistlardan bir narsani alohida so‘ragan bo‘lardim, – dedi Bahodir Siddiqov muloqot davomida ta’kidlab. – Biz har doim siz bilan aloqada bo‘lishga tayyormiz, savol bersangiz bo‘lgani, javob beramiz. Masalan, yaqindan boshlab axborot makonida O‘zbekistonda gaz tugab borayotgani haqida xabarlar ko‘payib ketdi. Bir narsani tushunishingizni istardim – to‘g‘ri, oxirgi yillarda gaz olish qisqardi, bunga sabab esa asosiy konlarimiz o‘tgan asrning 70-80-yillarida ochilgani bo‘lib turibdi. Ya’ni, yerning yuza qismiga yaqin bo‘lgan chuqurlikda gaz haqiqatan kamaygan, ammo bu holat bir bizda emas, butun dunyoda kuzatilmoqda. Demak, endilikda xorij tajribasiga asoslangan holda yana-da chuqurroqqa tushish lozim bo‘ladi. Biz ishlayapmiz, ayni vaqtda 5 500 va 6 500 metrgacha bo‘lgan chuqurlikkacha burg‘ilash ishlari olib borilmoqda. Nasib qilsa, yaqin vaqtlar ichida xalqimizga xushxabarlar yetkazishni niyat qilganmiz...
Bahodir Siddiqov bilan suhbatimiz yakuniga yetganda qosh qorayib qolgandi, hamkasblarda charchoq kuchli, kayfiyat esa ko‘tarinki edi. Shu o‘rinda bir mulohaza, ko‘pincha jurnalistlarni diletantlikda ayblashadi va balki bu to‘g‘ridir ham. Ammo jurnalist biror sohaga chuqur kirib borishi uchun avval uning savollariga javob berish lozim bo‘ladi. O‘zaro muloqot bo‘lsagina aniq va to‘g‘ri xulosa chiqarish mumkin.
«O‘zbekneftgaz» bu yo‘nalishda katta va dadil qadam tashladi. Umid qilamizki, keyingi qadamlar ham bundan qolishmaydigan bo‘ladi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter