Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E-kon, burg‘ilash va benzin – «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot anjumani o‘tkazdi

E-kon, burg‘ilash va benzin – «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot anjumani o‘tkazdi

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan «2024 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar» yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir davomida ma’lum qilinishicha, tashkilotda transformatsiya islohotlari 2019 yildan buyon jadal amalga oshirib kelinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 20 dekabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida vazirlik va tarmoqlarda raqamlashtirishning bugungi holati muhokama qilinib, iqtisodiyot tarmoqlarida xarajatlarni kamaytirishga faqat va faqat raqamlashtirish orqali erishish mumkinligi ta’kidlangan edi.

Burg‘ilash ishlarini boshqarish
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJda mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazini tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazini (SUB) yaratish doirasida Jamiyatga qarashli barcha (jami 23 ta) burg‘ilash dastgohlari raqamlashtirildi. Bugungi kunda burg‘ilash jarayonlari onlayn kuzatib borilmoqda va tahlil qilinmoqda. Markazlashgan tashkiliy-raqamli makonni yaratish kompaniyaga qazib chiqarish uchun sarflanadigan vaqtni, xususan, quduqlarni burg‘ilash muddatini 30 foizdan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.

E-kon
Shuningdek, tabiiy gazni qazib chiqarish tizimini raqamlashtirish – “E-kon” loyihasi boshlandi. Ushbu loyihani amalga tatbiq etish orqali konlardagi yer usti tizimlari raqamlashtirilib, yer osti bilan integratsiya qilinmoqda. Ushbu loyiha orqali zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb qilgan holda uglevodorod konlaridan tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda loyiha doirasida barcha konlarda jami 4057 ta bosim va harorat o‘lchov vositalari hamda 76 ta aloqa stansiyasi o‘rnatildi va onlayn nazorat tizimi ishga tushirildi.

Samaradorlik indeksi
Ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish doirasida korxonalar faoliyatini samaradorlik indekslar asosida baholash tizimi joriy etildi. Asosiy ishlab chiqarish maydonlarida ishonchlilikni boshqarish va operatsion samaradorlik xizmatlari tashkil qilish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirildi.

⦁ GRI xalqaro standarti bo‘yicha ilk bor ESG hisoboti tuzildi va e’lon qilindi. Korporativ barqaror rivojlanish (ESG - Atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv) ekologik mas’uliyat, ijtimoiy mas’uliyat va korporativ boshqaruv yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

⦁ “VEMA Carbon” (Shveysariya) va “ICA-Finance” (Norvegiya) kompaniyalari bilan “Metan emissiyalarini qisqartirish” loyihasi boshlandi. Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 246 ta quduq va gaz tayyorlash qurilmasida, 17 ta gaz yoqish mash’alasida va 9 ta rezervuarda metan emissiyalari aniqlandi.

Ai-80dan voz kechish
Davlat rahbarining 2025 yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha bergan topshirig‘iga ko‘ra Jamiyat tomonidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda.

Xususan, zavodda ishlab chiqariladigan avtobenzinni to‘liq Yevro-5 ekologik sinfi talablariga mos keladigan, yiliga 1 mln. tonnadan ziyod faqat yuqori oktanli AI-92 va AI-95 avtobenzinlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida zavodni modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish borasida tadbirlar olib borilmoqda.

Modernizatsiya doirasida loyihalash, qurilmalarni tayyorlash, yetkazib berish, qurish va o‘rnatish, sozlash va ishga tushirish, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Xitoyning Milliy neft - gaz korporatsiyasi (CNPC) va uning tarkibiy Xitoy neft muhandislik va qurilish korporatsiyasi (CPECC) bilan hamkorlik qilinmoqda. Texnologik jarayon va qurilmalarni tanlash borasida jahonning yetakchi litsenziar tashkilotlari, jumladan Fransiyaning “Axens”, AQShning “Honeywell UOP” va Rossiyaning “NPP Neftexim” kompaniyalarining takliflari o‘rganildi.

Hamkorlar taqdim etayotgan takliflar Jamiyat va zavod mutaxassislari tomonidan chuqur o‘rganib chiqilib, online va ofline formatlardagi muloqotlarda chuqur muhokama qilib borilmoqda.

Yangi ish o‘rinlari
“O‘zbekneftgaz” AJda 2023 yil yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga asosan Jamiyatda 168 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 189 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ushbu ish o‘rinlari, “Janubiy Tandircha” konida ishga tushirilgan siquv kompressor stansiyasi, “Girsan-Cho‘lquvar” quduq usti kompressor stansiyasining foydalanishga topshirilishi hisobiga amalga oshirildi.

Shuningdek, “Shatakka olish” dasturi doirasida 2024-2026 yillarda Qashqadaryo viloyatida joylashgan tizim korxonalari tomonidan 3 ta loyihani o‘z ichiga olgan “Yo‘l xarita”si shakllantirildi. Ularni amalga oshirish natijasida 2024 yilda – 600 ga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Yangi rejalar
2024 yilda quyidagi ishlarni amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

1. BCG konsalting kompaniyasi bilan ishlab chiqilgan jamiyat o‘rta va uzoq muddatli strategiyasini tasdiqlash va amalga oshirishni boshlash.
2. Jamiyat korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish “yo‘l xaritasi”ga muvofiq PwC kompaniyasi tavsiyalarini tatbiq qilish.
3. “Ye-kon” tizimini to‘liq ishga tushirish, gaz qazib chiqarish jarayonlarida gaz sarfini onlayn ravishda, inson omilisiz nazorat va tahlil qilish imkoniyatini yaratish.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring