Boysundagi «M-25» gaz konida yuzaga kelgan vaziyat xususida ma’lumot berildi

27-mart, payshanba kuni kech soat 21:00 atrofida Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan «M-25» gaz konidagi 202-sonli quduqda vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi yuz bergan.
Mavzuga doir: Boysundagi konda oltingugurt gazi chiqishi bilan bog‘liq texnogen hodisa ro‘y berdi
Energetika vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida quduq yoqib qo‘yilgan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Mavzuga doir: Boysundagi «olovli maydonlar»: vazirlik rasmiy bayonot bilan chiqdi
Voqea joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining brigadasi, shuningdek, ishlarni tashkil etish maqsadida Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari hodisa joyiga yetib kelgan.
«Ayni paytda kerakli barcha chora-tadbirlar zarur texnika hamda uskunalardan samarali foydalanilgan holda olib borilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan choralar ko‘rilmoqda», – deyiladi xabarda.
Mavzuga doir: Boysundagi gaz konida yana texnogen holat yuz bergan: qurbonlar bor
Qayd etilishicha, yuzaga kelgan mazkur holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Jarayon Favqulodda vaziyatlar vazirligi, «Sanoatkontexnazorat» davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan to‘liq nazorat ostiga olingan.
Hozirgi vaqtda ushbu vaziyat hamda yong‘inning kelib chiqishi sabablari o‘rganilmoqda. Tafsilotlar ishlar yakunlanganidan so‘ng ma’lum qilinishi aytildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas