Yana bir stereotip “sindi”. Bilim uchun mukofot sportdagidan kam bo‘lmaydi
Avvallari ijtimoiy tarmoqlarda "sportchilar katta mukofot oladi, bilim uchun bunday e’tibor yo‘q" degan gaplar ko‘p bo‘lardi. Endi bu o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
Sportda olimpiya chempionligini qo‘lga kiritish oson emas. Olimpiada g‘olibligi — dunyoning milliardlab aholisi orasida o‘z sport turi va vaznida eng kuchlisi bo‘lish demakdir. Bunday sharaf har qanday sportchining orzusi.
Shu boisdan ham sportga e’tibor, unga bo‘lgan rag‘bat, chempionlarni munosib taqdirlash o‘zini oqlaydi. Mamlakat sportdagi muvaffaqiyatlari orqali dunyoga taniladi, yoshlarda motivatsiya uyg‘onadi. Yangi Bahodirlar, Hasanboylar va Abduqodirlar yetishib chiqishi tabiiy jarayonga aylanadi.
Ilm-fan yutuqlari ham shu darajada qadrlanadi
Bundan buyon ilmda yutuqqa erishgan yoshlar sportchilar singari katta rag‘batga ega bo‘ladi. Ilgari ham ta’lim sohasida mukofotlar kam emas edi, ammo endi ularning miqdori karrasiga oshib bormoqda.
Faqat davlat emas, balki xususiy sektor ham iqtidorli yoshlarning intilishlarini munosib baholashga kirishdi. Hozirda ta’limda seleksiya, ya’ni eng zukko va iste’dodli yoshlarni saralab, ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi kuchaymoqda.
O‘zbekiston – peshqadamlar qatorida
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy olgan.
Bu e’tirof bejizga emas. Aholining 60 foizini yoshlar tashkil etgan yurtda ta’lim va iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sanaladi. Xususan, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining ilk bandlarida ta’lim tizimidagi islohotlar haqida so‘z boradi. Unga ko‘ra:
Ta’lim uchun qulay muhit
- Chekka hududlardagi 715 ta maktab o‘quvchilari uchun bepul avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi.
- Barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya infratuzilmasi bilan ta’minlanadi.
- 700 ga yaqin yangi darsliklar, metodik qo‘llanmalar va mobil ilovalar ishlab chiqiladi.
- Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning ta’lim metodikasi barcha maktablarga joriy qilinadi.
Xususiy sektordagi islohotlar
- Nodavlat ta’lim muassasalari soni 1000 taga yetkaziladi.
- Kelgusi besh yilda xususiy maktablar uchun 1 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.
- Davlat-xususiy sheriklik asosida kamida 100 ta maktab qurilishi rejalashtirilgan.
- Xalqaro moliya institutlari orqali 2 milliard dollarlik ta’lim infratuzilmasi kengaytiriladi.
O‘zbekistonda 2024/25-o‘quv yili boshida faoliyat yuritayotgan nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 455 taga yetdi. Hozirda bu maktablarda jami 112 mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda.
Ushbu ko‘rsatkich 2018/19-o‘quv yili boshiga nisbatan 8,1 baravarga yoki 98 324 nafarga ko‘paygan.
Rag‘bat
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazining telegramm kanalida yaqinda ikkita e’longa ko‘zim tushdi:
- birida 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi matematika olimpiadasi o‘tkazilishi, g‘olibga BYD e2 avtomobili (!) berilishi;
- ikkinchisida maktab o‘quvchilari o‘rtasida matematika, fizika va informatika fanlaridan olimpiada tashkil etilib, TOP-o‘quvchilar uchun 1 mlrd so‘m (!), 18 nafar g‘olib uchun Turin politexnika universiteti va AKITA universiteti uchun 100 foizlik grant, eng yaxshi maktab jamoasiga BYD Chazor avtomobili va’da qilinmoqda.
Bu — bir hafta ichida e’lon qilingan ikkita tanlov. Hech qanday shov-shuv ham qilingani yo‘q, chunki bunday katta yutuqli tanlovlar odatiy holga aylanmoqda. Qolaversa, ular davlat budjeti hisobidan o‘tkazilayotgan olimpiadalar emas, xususiy ta’lim muassasalarining tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovlar.
Demak, “yosh yigit-qizlar shuncha pulni/mukofotni nima qiladi”, degan stereotip ham yo‘qolmoqda. Avvallari kattalar tanlovlarida ham bunday sovrinlar deyarli qo‘yilmasdi, yutug‘iga televizor yoki kompyuter bo‘lsa, qancha ovoza bo‘lardi.
Ikkinchidan, xususiy oliy ta’lim muassasalari iqtidorlar uchun kurashishni boshlashmoqda. Universitetlarning kelgusidagi maqomi, obro‘yi va reytingini iqtidorli talabalar, bitiruvchilarning muvaffaqiyatli karerasi belgilab beradi. Ular bugun otni qamchilab qolishmasa, saralarini xorijdagi universitetlar “ilib” ketishadi. Bu — sog‘lom raqobat, yaxshi tendensiya.
Uchinchidan, iqtidorli, bilimli bo‘lishning qadri oshdi. Oliy ta’lim olishda variantlar ko‘paydi. Ilgari bitta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi.
To‘rtinchidan, bilimli yoshlar o‘rtasida ham raqobat yuzaga kelib, buning ortidan ta’lim sifati yaxshilanadi. Maktab bosqichidanoq yoshlarda aniq maqsadlar, marralar paydo bo‘lmoqda.
Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda katta yangilikni e’lon qildi: bundan buyon xalqaro fan olimpiadasi g‘oliblariga 70 ming dollar (!) mukofot beriladi. Oldin ham bu summa kam emasdi (14 ming dollar), biroq endi mukofot puli 5 karra oshirildi!
Beshinchidan, "sportchilar katta mukofot oladi, bilimga bunday e’tibor yo‘q" degan gaplar endi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
O‘qisang, intilsang, mehnat qilsang, o‘z sohangda eng kuchli, bilimli bo‘lsang, albatta rag‘bat topasan!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter