Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sadir Japarov to‘rt yilda nimalarga erishdi?

Sadir Japarov to‘rt yilda nimalarga erishdi?

Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga kirishganiga to‘rt yil to‘ldi. 2021 yil 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan saylovda u elektoratning 79,2 foiz ovozini olib g‘alaba qozongan edi. Qirg‘iziston jamoatchiligi va matbuoti Sadir Japarov o‘tgan to‘rt yil davomida nimalarga erishganini muhokama qilmoqda.

S.Japarov hokimiyatga kelgan paytda mamlakat koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan aziyat chekar, xalqaro aloqalar zaiflashib, tashqi qarz hajmi oshib ketgan edi. Shu sabab u iqtisodiyotni mustahkamlash va infratuzilmani rivojlantirishga e’tibor qaratdi.

Parlament boshqaruvidan prezidentlik tizimiga o‘tish, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, Qumtor oltin konini davlat tasarrufiga qaytarish S.Japarov amalga oshirgan ilk chora-tadbirlar sirasiga kiradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Qumtor koni xorij kompaniyasi tasarrufida bo‘lgan 28 yil mobaynida 420 tonnadan ziyod oltin qazib olingan, respublika esa bundan bir tonnadan ko‘proq foyda ko‘rgan. Kon davlat ixtiyoriga o‘tgach, umumiy daromad 3,4 milliard dollarga, sof foyda esa 1,2 milliard dollarga yetgan.

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida 2024 yilga qadar davlat g‘aznasiga 125 milliard dollar mablag‘ qaytarilgan.

To‘rt yil ichida 100 dan ziyod korxona, jumladan, oltin qazib olish va avtomobil zavodlari qurilgan, “Qambarota-1” GESi, Xitoy–Qirg‘iston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangan, yuzlab maktab, bog‘cha, shifoxona barpo etilgan, qisqa muddatda ichki aeroportlar faoliyat tiklangan, aviaqatnovlar soni oshirilgan. Masalan, 2021 yilda 109 ta ijtimoiy ob’yekt (59 ta maktab, 12 ta bog‘cha, 11 ta shifoxona, 4 ta madaniyat, 2 ta sport maskani va b.) qurilgan bo‘lsa, 2024 yilda 230 ta ijtimoiy ob’yekt (100 ta maktab, 31 ta bog‘cha, 11 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 7 ta madaniyat, 13 ta sport maskani, 12 ta turarjoy va b.) barpo etilgan.

Aholining ijtimoiy himoyasini oshirish yo‘lida ham sezilarli yutuqlarga erishilgan. Masalan, eng kam pensiya miqdori 1800 somdan 6900 somga ortgan. Pensiyaning o‘rtacha miqdori esa 10547 somga yetgan.

Tahlilchilar O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara masalalari hal etilganini ham muhim yutuqlardan biri deb hisoblaydi.

To‘rt yil ichida S.Japarov mamlakat nufuzini oshirish uchun xorijiy davlatlarga o‘nlab tashriflarni amalga oshirgan. Jumladan, 2024 yil iyul oyida u Xiva shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Ushbu tashrif o‘zbek–qirg‘iz do‘stligi, qardoshligida yangi sahifa ochdi.

Qirg‘iziston matbuotiga ko‘ra, S.Japarov to‘rt yil ichida eskicha qarashlar, stereotiplarni buzib, yangi boshqaruv poydevorini qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. U Qirg‘izistonni dunyoning rivojlangan 30 davlati safiga kiritish maqsadini qo‘ygan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring