Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aholi murojaatlari tahlil qilindi — O‘zsanoatqurilishbank

Aholi murojaatlari tahlil qilindi — O‘zsanoatqurilishbank

Joriy yilning 15-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash sohasida o‘tgan 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Prezidentimiz raisligida 2021-yil 23-iyulda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada har bir rahbarning o‘z strategiyasi bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan edi.

Brifingda qayd etilganidek, O‘zsanoatqurilishbank faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Uning ijrosi yuzasidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslardan jami 935 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 267 tasi ijobiy hal etilgan, 606 tasi bo‘yicha amaldagi me’yoriy hujjatlarga asosan tushuntirishlar berilgan va 62 tasi qonun normalariga zid bo‘lganligi sababli ko‘rmasdan qoldirilgan.

Hududlar kesimida asosiy murojaatlar Toshkent shahri aholisidan kelib tushgan: umumiy murojaatlarning 27,1 foizini tashkil etadi. Shuningdek, bu ko‘rsatkich Toshkent viloyati bo‘yicha 14,5 foiz, Qashqadaryo viloyati miqyosida 7,1 foiz, Surxondaryo viloyati misolida 7 foiz va Farg‘ona viloyati bo‘yicha 6 foizni tashkil qiladi.

Murojaatlarning 293 tasida kredit to‘lovi muddatlarini uzaytirish so‘ralgan bo‘lsa, 147 tasida chakana biznes yo‘nalishidagi masalalar, 132 tasida milliy valyutada kredit ajratish, 46 tasida esa ishga joylashish bilan bog‘liq murojaatlar o‘rin olgan.

Mamlakatimizda xalq orasiga kirish, ular bilan yaqindan muloqot qilishning samarali usullari keng qo‘llanilmoqda. «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan ezgu g‘oya asosida sayyor qabullar o‘tkazilib, muammolar joyida yechim topishiga erishilmoqda.

Xususan, hisobot davrida Bank rahbariyati tomonidan 30 dan ortiq sayyor qabullar tashkil etilib, ularda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli 90 dan ziyod murojaatlar ijobiy hal qilindi.

Bundan tashqari, bugungi kunda Bankning bosh ofisidagi ishonch telefoniga kelib tushayotgan og‘zaki murojaatlarga ham tezkorlik bilan javob berib kelinmoqda. Bu borada o‘tgan 9 oy davomida 6500 dan ziyod qo‘ng‘iroqlar orqali bildirilgan taklif va e’tirozlar yechimi tegishli tuzilmalar tomonidan hal etildi.

Brifingda qayd etilganidek, Bank tizimida aholi murojaatlari bilan ishlashda tuzilmalar, hududiy tarmoqlar hamda mas’ul shaxslar faoliyati alohida o‘rganib boriladi.

Hisobot sanasida Bankning hududiy tarmoqlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha ishlash sohasidagi 12 ta holat bo‘yicha kamchilik aniqlangan. Bunday holatga yo‘l qo‘ygan 6 nafar mas’ul xodimga «hayfsan» intizomiy jazo chorasi va 6 nafar xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 10 foizi miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

Tizimda aholi murojaatlari bilan ishlashda bunday holatlarning oldini olish maqsadida alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.

Unga binoan Bank bosh ofisidagi tarkibiy tuzilmalar hamda mintaqaviy tarmoqlarda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimiga qat’iy rioya qilinishi va bu borada javobgarlik shaxsan rahbarlar zimmasida bo‘lishi belgilangan.

Murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirib borish, xususan, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni murojaatchi bilan uchrashgan holda ko‘rib chiqish, takroriy murojaatlar bo‘yicha aniqlangan muammolarni batamom hal etish chorasini ko‘rish, ishonch telefonlarining ish vaqtida uzluksiz ishlashini ta’minlash, sayyor uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etish hamda murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish yuzasidan nazorat ishlarini yanada kuchaytirish vazifalari belgilangan.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring