Aholi bank kartalaridagi pul o‘tkazmalarini nazorat qilish yangi Konstitutsiyaga zid – iqtisodchi
Avvalroq joriy yil 10-fevral imzolangan Prezidentning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart sharoitlarni yaratishni nazarda tutuvchi PF-21-son Farmoni 7-bandida 2023-yil 1-maydan boshlab jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’iy nazar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur tartib ijtimoiy faollar o‘rtasida muhokama mavzusi bo‘lib kelmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi muallifligida ishlab chiqilgan farmonning 7-bandi 4-xatoboshisi qonunchilikka zid kelishidan tortib, uning hujjat loyihasida bo‘lmaganigacha ayni vaqtga qadar turli nashrlarda tanqid ostiga olib kelinyapti.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bu tartibning joriy yil 1-may kunidan kuchga kirgan yangilangan Konstitutsiyaga ham mutlaqo zidligi va noqonuniy ekanligini yozyapti.
«Bosh qomusning 15-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi. Ya’ni hech bir hujjat, u nizommi, farmonmi, qarormi yo qonunmi Konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkin emas. Agar zid bo‘lsa, Yangi Konstitutsiya uni avtomatik tarzda bekor qiladi», – deya eslatadi Bakirov.
Konstitutsiyaning 41-moddasida esa «Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek, meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi», deb yozib qo‘yilgan.
Iqtisodchining ta’kidlashicha, yuqoridagilarga ko‘ra 3 oydan buyon muhokamalar mavzusi bo‘lib kelayotgan, loyihada bo‘lmasdan, hujjatning imzolatish uchun Prezidentga kiritilayotgan paytda qo‘shib yuborilgan bank sirini tashkil etuvchi P2P o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlar soliq organlarida jamlanishinini ko‘zda tutadigan PF-21 Farmonning 7-bandi 4-xatboshisi Konstitutsiyaga zid va noqonuniy.
«Banklar bank sirini tashkil etuvchi P2P o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishni zudlik bilan to‘xtatishi, soliq organlari P2P o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlarni elektron hisobvaraq-faktura yoki boshqa kanallar vositasida olishdan voz kechishlari zarur!» – deydi Otabek Bakirov.
U, shuningdek, barchani Yangi Konstitutsiyaga amal qilishga chaqiradi va «amal qilmasak, nega Konstitutsiyani yangiladik?» degan savolni o‘rtaga tashlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter