«Uzbekistan Airways» 5 kunlik sukutdan so‘ng avtobus va samolyot to‘qnashuv haqida xabar berdi
17-noyabr kuni «Aviaspotter» telegram-kanali Toshkent aeroportida xizmat ko‘rsatuvchi avtobus Airbus A320 samolyoti bilan to‘qnashib ketib, havo transportining burun qismiga zarar yetkazgani haqida xabar bergandi. «Tashkent_Land» telegram kanali esa samolyotning to‘qnashuvdan keyingi holati aks etgan suratni e’lon qilgandi.
Biroq shu kunga qadar «Uzbekistan Airports» ham, «Uzbekistan Airways» ham ro‘y bergan hodisa xususida hech qanday rasmiy ma’lumot bermay kelayotgandi. Nihoyat rasmiylar 5 kunlik sukutni buzib, hodisa tafsilotlarini ochiqlashdi.
Qayd etilishicha, 17-noyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida HY054 Urganch – Toshkent reysini bajarganidan so‘ng «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi mutaxassislari Airbus 320 (ro‘yxatdan o‘tish raqami UK32022) havo kemasini navbatdagi reysni amalga oshirish uchun tayyorlayotganda aeroport avtobusi haydovchisi aerodrom hududida harakatlanish qoidalarini buzgan holda havo kemasi bilan to‘qnashgan. Natijada samolyotning agregatlari harakatlanayotganda havo qarshiligini kamaytirishga yordam beradigan qismi (nosovoy obtekatel) shikastlangan.
«Uzbekistan Airways Technics» mutaxassislari havo kemasining shikastlangan qismini almashtirishgan. 18-noyabr kuni havo kemasiga parvozlarga ruxsat berilgan. Soat 14:30 da Airbus A320Neo jadvalga muvofiq parvozlarni amalga oshirishni boshlagan.
«Uzbekistan Airways» aviakompaniya uchun yo‘lovchilar xavfsizligi yuqori o‘rinda turishini eslatib o‘tgan, biroq nima uchun ro‘y bergan voqea haqida oradan 5 kun o‘tib ma’lumot berayotganini izohlamagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter