Yo‘lovchi murojaati ortidan «Uzbekistan Airways»ga chora ko‘rildi

Raqobat qo‘mitasi Anqara-Toshkent reysi bilan uchgan Turkiya fuqarosi hamda «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi o‘rtasida kelib chiqqan mojaro ortidan yo‘lovchi foydasiga qaror qabul qildi.
Aniqlanishicha, Turkiya fuqarosi Qo‘mitaga murojaat qilib, aviakompaniyaning Anqara-Toshkent reysida yo‘lovchining sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan maxsus (glyutensiz) ovqat yetkazib bermaganligini bildirgan.
Bundan tashqari, murojaatda samolyot salonining sanitariya-gigiyena holati talabga javob bermagani – yo‘lovchi o‘tirgan joyda oldingi reysdan qolgan chiqindilar mavjudligi ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Yo‘lovchi chipta sotib olish chog‘ida o‘z sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatni oldindan aviakompaniya bilan kelishib olgan va aviakompaniya ushbu maxsus ovqat reysda ta’minlanishini kafolatlagan edi. Biroq, parvoz kuni bu talab bajarilmagan.
Qo‘mita tomonidan «Uzbekistan Airways» AJ aviakompaniyasiga yuborilgan so‘rov bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida yo‘lovchi haq ekanligi, maxsus ovqatni Anqara aeroportidagi keytering xizmati tomonidan yetkazib berilmaganligi tasdiqlandi.
Natijada, yo‘lovchiga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararni qoplash maqsadida aviakompaniya tomonidan iste’molchining keyingi reysida xizmat ko‘rsatish klassini biznes-klassga oshirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi va manfaati himoya qilinishi ta’minlandi.
Shu bilan birga, samolyot salonidagi sanitariya-gigiyena holati bo‘yicha ham mas’ul tashkilotga qo‘shimcha nazorat choralari o‘rnatilishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter