15-may. Kepler qonunlari, 45 soniyalik dahshat, «Qora kvadrat», birinchi bosh vazir va boshqa voqealar
Bayram va muhim sanalar
- Butunjahon oila kuni.
- Mustaqillik kuni (Avstriya, Paragvay).
- Fors tili kuni (Eron).
- Falastin qochoqlarini xotirlash kuni (Falastin).
Voqea-hodisalar
- 1157-yil — Kiyev boyari Petrilaning ziyofatida Suzdal va Kiyev knyazi Yuriy Dolgorukiy zaharlandi.
- 1525-yil — Tomas Myunser yetakchiligida bosh ko‘targan dehqonlar Frankenxauzendagi jangda tor-mor qilindi. Muqaddas Rim imperiyasidagi dehqonlar urushi nihoyasiga yetdi.
- 1618-yil — nemis astronomi Iohann Kepler sayyoralarning harakatlanish qonunlarini kashf qildi.
- 1648-yil — Vestfal tinchlik shartnomasi tuzilib, Yevropadagi O‘ttiz yillik urush yakuniga yetdi.
- 1730-yil — qirol Georg II Buyuk Britaniya tarixidagi birinchi bosh vazirni tayinladi. Shu paytgacha 9 yil lord-kansler lavozimida ishlagan Robert Uolpol bosh vazir bo‘ldi.
- 1756-yil — Angliya Fransiyaga urush ochdi: Yetti yillik urushning boshlanishi.
- 1768-yil — Fransiya Genuyadan Korsika orolini sotib oldi.
- 1770-yil — Mariya Antuanetta (14 yosh) va Fransiyaning bo‘lajak qiroli Lyudovik XVI ning (15 yosh) nikoh to‘yi o‘tkazildi.
- 1800-yil — britan qiroli Georg III ga suiqasd uyushtirildi, og‘ir jarohatlanishiga qaramay, u tirik qoldi.
- 1811-yil — Paragvay Ispaniyadan mustaqil bo‘lib chiqdi.
- 1813-yil — Chilining mustaqillik urushi: San-Karlos jangi.
- 1875-yil — Kolumbiyada 45 soniya davom etgan zilzila 16 ming kishining umriga zomin bo‘ldi. Zilzila bilan bir paytda Kokuto shahri yaqinida vulqon ham otildi.
- 1902-yil — Portugaliya o‘zini bankrot deb e’lon qildi.
- 1905-yil — AQShning Nevada shtatida Las-Vegas shahriga asos solindi.
- 1910-yil — Angliyaning «Skerryworth» yuk tashuvchi paroxodi Gastings yaqinida Germaniyaning besh machtali «J.S.Vinnen» kemasi bilan to‘qnashish oqibatida cho‘kib ketdi. Ekipaj a’zolaridan bir kishi omon qoldi.
- 1910-yil — Italiya futbol terma jamoasi birinchi o‘yinini o‘tkazdi.
- 1911-yil — AQSh oliy sudi «Standard oyl» neft kompaniyasini monopolchi deb hisobladi va uni besh korporatsiyaga bo‘lib tashlash haqida hukm chiqardi.
- 1918-yil — Birinchi aviapochta AQSh poytaxti Vashington va Filadelfiya, Nyu-York shaharlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yildi.
- 1918-yil — Finlyandiyada fuqarolar urushi tugadi.
- 1928-yil — «Plane Crazy» multfilmida mashhur Mikki Maus obrazi ilk bor paydo bo‘ldi.
- 1930-yil — dunyodagi birinchi styuardessa — Ellen Chyorch ishga olindi.
- 1935-yil — Moskva metropoliteni birinchi liniyasi ishga tushdi.
- 1940-yil — AQShda birinchi neylon paypoqlar sotuvga chiqarildi.
- 1941-yil — Angliya Germaniya va Italiyadan so‘ng uchinchi bo‘lib o‘z reaktiv samolyoti(«Gloster E.28/39»)ni uchirdi.
- 1942-yil — «Boeing 367-80» yo‘lovchi samolyotining ilk parvozi.
- 1948-yil — sobiq ittifoq Isroil davlatini tan oldi.
- 1948-yil — Isroil mustaqilligi e’lon qilingan kunning ertasiga (15-may) Arab-Isroil urushining ikkinchi bosqichi (1947 — 1949-yillar) boshlandi.
- 1955-yil — sobiq ittifoq, AQSh, Angliya, Fransiya va Avstriya o‘rtasida mustaqil va demokratik Avstriyani tiklash haqida shartnoma imzolandi.
- 1955-yil — fransuzlar Jan Kuzi va Lionel Terray balandligi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turuvchi Himolaydagi Makalu cho‘qqisi(8462 metr)ni birinchi bo‘lib zabt etishdi.
- 1970-yil — Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Janubiy Afrika Respublikasini aparteid siyosati uchun musobaqalardan chetlatdi.
- 1988-yil — Afg‘onistondan sovet qo‘shinlari cheklangan kontingentini olib chiqish boshlandi.
- 1990-yil — qrim tatarlarini Qrimga qaytarish dasturi qabul qilindi.
- 1992-yil — Toshkentda imzolangan shartnoma asosida MDH davlatlarining Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti tuzildi. O‘zbekiston 1992-yil 15-may — 1999-yil 2-aprel; 2006-yil 16-avgust — 2012-yil 28-iyun oralig‘ida tashkilot a’zosi bo‘lgan.
- 1992-yil — Ozarbayjonda davlat to‘ntarishi yuz berdi; mamlakatning birinchi prezidenti Ayoz Mutalibov siyosiy muxolifat tomonidan ag‘darildi.
- 2001-yil — AQShning Ogayo shtatida yuklari orasida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lgan poyezd salkam ikki soat davomida 76 kilometr/soat tezlikda 106 kilometr masofani mashinist boshqaruvisiz bosib o‘tdi.
Tavallud kunlari
- 1845-yil — Ilya Mechnikov, rus biologi va immunologi,ilmiy gerontologiya asoschisi, Nobel mukofoti sohibi.
- 1848-yil — Viktor Vasnetsov, rus rassomi.
- 1859-yil — Per Kyuri, fransuz fizigi, Nobel mukofoti sovrindori.
- 1904-yil — Botu, o‘zbek shoiri va jamoat arbobi
- 1910-yil — Razzoq Hamroyev, O‘zbekiston xalq artisti.
- 1914-yil — Tensing Norgey, sherp (Nepal) alpinisti, Edmund Xillari va Jon Xant bilan birgalikda dunyoning eng baland Jomolungma cho‘qqisini birinchi bo‘lib zabt etgan.
- 1937-yil — Madlen Olbrayt, AQSh davlat kotibi (1997 — 2001-yillar).
- 1951-yil — Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va yozuvchi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktori.
Vafot etganlar
- 907-yil — Boris I, bolgar knyazi.
- 1157-yil — Yuriy Dolgorukiy, Suzdal va Kiyev knyazi, Moskva asoschisi.
- 1886-yil — Emili Dikinson, amerikalik adiba.
- 1935-yil — Kazimir Malevich, polyak rassomi, mashhur «Qora kvadrat» muallifi.
- 2012-yil — Karlos Fuentes, meksikalik yozuvchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter