Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Dunyodan ranjigan komik aktyorning fojialari

Dunyodan ranjigan komik aktyorning fojialari

Bu qiyofa bizga yaxshi tanish. TV ekranini hanuzgacha tez-tez «zabt» etib turadigan fransuz aktyori Lui de Fyunes «Fantomas» turkumidagi filmlarda beqiyos rol ijro etgan. Uning mashhurligi samimiy ijrosi, hazil-mutoyibaga moyil chehrasi, qahramonining shartaki, jizzaki, mudom kulgili vaziyatlarga tushib turishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Betakror komik rollar ustasining shaxsiy hayoti va faoliyati qanday kechgan?..

Mopassannnig nevarasi bilan...

Lui de Fyunes 1914-yilning 31-iyulida Ispaniyada, oqsuyaklar oilasida tug‘ilgan. Otasi Xizpan Karlos de Fyunes de Galarza huquqshunos edi. Ularning oilasi Fransiyaga ko‘chib kelishiga sabab – bir vaqtlar bobo-buvalari ota-onasining nikohiga qarshilik qilganlarida edi.

Aktyorning o‘ziga kelsak, dastlab 1936-yilda u Jermen Luiza Elodi Karruaye bilan umr rishtasini bog‘ladi. Ular oilasida o‘g‘il – Daniel dunyoga keldi. Keyin ajrashdilar. 1943-yil 22-sentyabrda de Fyunes mashhur yozuvchi, «Azizim» romani muallifi Gi de Mopassanning nevarasi Janna Bartolamega uylandi. Ikki o‘rtada ikki o‘g‘il tug‘ildi: Olive de Fyunes (kasbi bo‘yicha uchuvchi) va Patrik de Fyunes (shifokor)...

Bolaligida Lui de Fyunes o‘rtoqlariga «Fyufi» ismi bilan tanish edi. U fransuz, ispan va ingliz tilida yomon gapirmasdi. Voyaga yetgan sari birorta kasbning boshini ushlashga harakat qildi. U maoshi kam joylarda ishlar, no‘noqlikda ayblab bu yigitchani tez-tez ishdan haydab yuborishardi. Shundan keyin Lui de Fyunes pianinochi bo‘lishga qaror qildi, asosan jaz uslubini egalladi. U aftini burishtirib pianino chalganida tashrif buyuruvchilar qotib-qotib kulishardi. Hazil-mutoyibaga moyilligi Lui de Fyunesda o‘sha damlardayoq sezilib borardi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng de Fyunes o‘zini kinoda sinab ko‘rdi. Baxtli tasodif tufayli u armiyaga olinmagan edi. Bungacha esa Mishel Simonning drama kurslarida tahsil oldi. Mazkur kurslarda Fyunes g‘alati muammoga duch keldi. Rejissyorlar romantik qahramonlar rolini berar, u esa hali bunga tayyor emasdi. Kinodagi faoliyati rejissyor Mishel Simonning «Barbinzon vasvasasi» filmidan boshlandi. Tabiiyki, shon-shuhratgacha yo‘l hali ancha uzoq edi. Buning uchun Fyunesning yetmishdan ziyod filmda suratga tushishiga to‘g‘ri keldi.

60-yillarda u kinoda ketma-ket rol o‘ynay boshladi. Rejissyorlar Andre Yunnebel va Jerar Uri filmlaridagi ishtiroki omadli kechdi. Ular suratga olgan filmlarni Fransiyada ikki million tomoshabin ko‘rdi. Darvoqe, Yunnebel rejasida u ishlagan «Fantomas»ning to‘rtinchi qismi ham bor edi. Ayrimlarning qarshiligi tufayli mazkur loyiha tokchada qolib ketdi.

1964-yilda Lui de Fyunes «San-tropelik jandarm»  filmida suratga tushdi. Bu yangi seriyali ruknni boshlab berdi. Deyarli yigirma yil mobaynida de Fyunes Kryusha sarguzashtiga doir oltita filmda o‘ynab, tomoshabinlarga bitmas-tuganmas kulgi ulashdi.

Tentaklar ham kulgan

70-yillarning boshida de Fyunes yanada faol tarzda suratga tusha boshladi. U boshqa mamlakatlarda ham tanilib bo‘lgan edi. Iste’dodli aktyorning shuhrat onlari keldi. «7 kun TV»ga bergan intervyusida (1971-yili) Lui de Fyunes o‘z mavqeiga shunday baho bergan:

«Men o‘z martabam sust kechganidan afsuslanmayman. U kasbimni anglab olishimga yordam berdi. Hali tanilmagan paytlarimda o‘zimga topshirilgan rollarni turli imo-ishoralar, xatti-harakatlar bilan bo‘yashga harakat qilardim. Shu tariqa ma’lum komik zaxiramga ega bo‘ldim, busiz mavqeimni sira yarata olmasdim. Agar hozir ham qayta boshlashga to‘g‘ri kelsa, men shu yo‘lni sira rad etmayman».

Kinotanqidchilarning fikricha, Lui de Fyunes o‘z ishi bilan hamisha kimnidir masxaralab, tomoshabinga uning kamchiliklarini ko‘rsatib, o‘z ustida ishlashga majbur qilardi. De Fyunesning kulgisi boshqacha edi. Yoshligida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi – hammani va hamisha kuldirishi oson bo‘lmagan, albatta, u kulgining g‘aroyib va hammabop formulasini topgan, shu bois, hatto tentaklar ham qotib-qotib kulishardi.

«Oskar» filmida de Fyunes bir og‘iz ham gapirmagan bir lavha bor. Yuzi va qo‘llari rol ijro etadi. Barmoqlari qimmatbaho boylik solingan jomadon uzra o‘ynaydi, afti ham quvonayotganini namoyon etadi. Kinozalda esa bu paytda ishonavering – ingray boshlardilar. Tomoshabinlarning kulishga kuchlari qolmay, yuzlari, lablari qotib, qorinlari tiqilgan, oyoqlarigayam nimadir bo‘lgan... Bas, yetar! Ekrandagi Lui de Fyunesning esa hanuz barmoqlari qimirlayverardi...

Filmdan-filmga de Fyunesning mahorat darajasi o‘sib bordi. U ishini judayam yaxshi ko‘rar, suratga tushish uchun «erib» ketishga ham tayyor edi. Har bir rolini qoyilmaqom o‘ynashga harakat qilardi.

Ishdan tashqari paytlarda esa... Fyunes o‘ychan, ba’zida asabiy edi. Oxirgi intervyularidan birida u millionlab gonorarga ega yo‘lni mashaqqat bilan bosib o‘tganidan mamnunligini aytgan. O‘z maqsadiga erishmaguncha hafsala va qunt bilan ishlar, og‘ir ruhiy siqilishgacha borardi. Vaholanki, har bir yangi filmda Lui de Fyunesning mashhurligi kabi charchog‘i ham ortardi. U millionerga aylanganida ishdan voz kechishga izzattalablik xalaqit qiladigan bo‘ldi.

Ha, De Fyunes orzusiga yetgan edi: eng katta rollar va eng katta pullarga! Ammo bu ikki holat uni zavq-shavqqa to‘ldirsa-da, «qashshoqlik tushunchasi» hali uni ark etmagan edi. Masalan, ikki o‘g‘lini ular ziqnalik deb baholagan otaning tejamkorligi jig‘ibiyron qilardi.

Ko‘rnamak o‘g‘ilning gapi

47 yoshli o‘g‘li Olive otasi haqida shunday degan:

«Mening otam o‘lgudek ziqna. U bir safar meni sport poyafzalimni juda qimmat narxda olganimni aytib, almashtirib kelishga majbur qilgan. Otam hech qachon onamni va bizni to‘ylari sanasi, tavallud kunimiz munosabati bilan tabriklamagan. U uyimizdagi barcha javon, eshik va qulf o‘rnatilgan qutilarning kalitlar shodasini har doim belidagi kamarida olib yurardi. Otam har bir hisobni diqqat bilan ko‘zdan kechirardi. Meni olti marta kinoda suratga tushishga majbur qilgan. Uchuvchi bo‘laman deganimda esa haddan ziyod janjal chiqara boshladi. Bir so‘z bilan aytganda, otam oilada o‘ta zulmkor edi».

Uzoq yillar mobaynida de Fyunes oiladagi ana shunday vaziyatni yumshatishga harakat qilib keldi.

Bularning hammasi aktyor hayotini yanada og‘irlashtirdi. Salomatligi pand bera boshladi. Jerar Uri uning ishtirokida «Timsoh» filmini suratga olmoqchi edi. Bu loyiha amalga oshmadi.

De Fyunes tobora ommadan uzoqlashib borardi. O‘zi u shundoq ham jamoatchilikni yoqtirmas, do‘stlari kam edi. Bo‘sh vaqtlarida oilasi bilan birga dam olishni xush ko‘rardi.

Qisqasi, shaxsiy hayotida Lui de Fyunes g‘amgin, g‘amboda edi. Restoranlar, turli kecha, tantanalarni jini suymasdi. «Odam qo‘lida qadah bilan ne-ne bo‘lmag‘ur gaplarni gapirmaydi-ya», derdi.

O‘z rafiqasini haddan ziyod sevadigan bu oqsuyak zot Nantda yashar ekan, 60-yillarda emas, go‘yo XIX asrda istiqomat qilayotgandek edi. Mashinani kamdan-kam boshqarardi. U baliq ovlar, atirgullar o‘stirardi. Negadir o‘zining dafn marosimi bilan bog‘liq film eng ajoyib komediya bo‘lishi kerak, deb hisoblardi.

Lui de Fyunes bilan birga o‘g‘li Olive ham kinoda suratga tushgan. Aslida Olive yuqorida aytganidek, bu sohani yoqtirmas, otasining istagi o‘laroq mashg‘ulotlarga qatnardi. Oltita filmda rol o‘ynagan bo‘lsa-da, Olivening xayolini osmon chulg‘ab oldi va u uchuvchilik kasbini egalladi.

Xotini va farzandlari uchun Fyunes hammasiga shay edi. Oila a’zolari undan kamdan-kam shirin so‘zlarni eshitsalar-da, ota ularni yo‘qotishdan qo‘rqqani uchun doimiy ravishda tajang bo‘lardi.

Infarkt, judolik va so‘nggi so‘zlar

Yillar davomida bor kuch-quvvating bilan ishlash salomatlikka ta’sir qilishi mumkin emas. 1975 yilda de Fyunes ikkita infarktni boshidan o‘tkazdi. Uzoq vaqt ekranda ko‘rinmadi, u yoki filmga doimiy qilinadigan takliflar taqa-taq to‘xtadi. Natijada Lui de Fyunes butun dunyodan ranjidi. Kulgi ustasining fe’l-atvoriga putur yetib, bu ahvol yaqin qarindoshlari uchun juda og‘ir sinov bo‘ldi.

Aktyor endi kino bilan ishlashni xohlamay qo‘ygan edi. U Parijdagi uyini sotib, Nantda xarid qilingan saroyda o‘zining alamli yodnomalarini yoza boshladi. Bu qaqshatqich kitobdan dunyoni rejissyor Klod Zidi xalos etdi. U de Fyunesni «Qanotcha yoki oyoqcha» filmiga tinmay taklif qilaverdi. Aktyor esa pishqirib, rad etardi. Klod Zidi bo‘sh kelmadi. Nihoyat Lui kinoga qaytdi. U o‘zining joyini hech kim egallamaganini yaxshi bilar, ishonch bilan ish boshlagan edi.

1982-yilda «Jandarm va jandarm ayollar» kinokomediyasini suratga olish paytida de Fyunesning sevimli rejissyori Jan Jiro vafot etdi. Filmni uning yordamchisi tugatib qo‘ydi. Jan Jironing o‘limi aktyorga juda qattiq ta’sir qildi. Bu judolik shunchaki zarba bo‘lmay, o‘ziga xos ishora edi, go‘yo. «Mening ham kunim yaqin», deb o‘ylardi Lui de Fyunes.

Jan Jiro bilan hayotini ko‘p narsa bog‘lagan edi. Asosan, Jan Jiro tufayli tomoshabin de Fyunesni sevib qolgandi. «Katta ta’tillar», «Qurumsoq», «Karamli sho‘rva» va boshqa talay filmlarda Sen-tropezlik jandarmning sarguzashtlari, hangomalari, bari-bari – ularning hamkorlikdagi ishlari edi...

1983-yilning yanvari. Lui de Fyunes atirgullar ekilgan bog‘idagi o‘rindiqda o‘tirgandi. U bog‘bonga murojaat qildi: «Bilmadim, negadir oyoqlarim og‘irlashib qoldi. Uyga qancha yaqin kelsam, u mendan shuncha uzoqlashadi...»

O‘sha kecha keksa aktyorning yuragi xuruj qilgan edi. Shunga qaramay, Lui shikoyat qilmadi, qaydandir tumovni ilashtirib olganini aytdi, xolos. Ertalab aktyor xotinining oldiga shu so‘zlar bilan chiqdi: «Men o‘z xonamda yolg‘iz zerikyapman...»

Bu Lui de Fyunesning so‘nggi so‘zlari edi.

Mash’um xabar haqida eshitgan tomoshabinlar gangib qolishdi: nega o‘ladi, qanday qilib? Ular sevimli aktyorlari vafot etganiga sira-sira ishonmasdilar.

Anvar NAMOZOV

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring