Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarz girdobi: o‘jar Mark Tven, qashshoq ingliz qiroli va prezidentlar

Qarz girdobi: o‘jar Mark Tven, qashshoq ingliz qiroli va prezidentlar

Sizning qarzingiz yo‘qmi? Mabodo pulni bekordan-bekorga sarflashingizga to‘g‘ri kelmaganmi? Agar shunday bo‘lsa, yaxshilab anglab, xotirjam bo‘lishingiz mumkin: ayrim mashhur kishilar ham pulini u yoki bu ishga sarflab, juda og‘ir ahvolda qolishgan.

Misol uchun Mark Tvenni olaylik. U butun dunyoni kulish yoki yig‘lashga majbur etish qudratiga ega edi. Ammo pul jamg‘arishga kelganda, boshqalardan farqli o‘laroq, sog‘lom fikrga tayanavermasdi.

Mark Tven deyarli yigirma ming funt-sterlingni navbati bilan turli ixtirolarga, masalan, bug‘ dvigateli, dengiz telegrafi yoki bosma jarayonni takomillashtiradigan g‘alati mashinalarni moliyalashtirishga yo‘naltirgan. Faqat bitta korxona qolgan bo‘lib, u Mark Tvenga o‘ta xayoliy ko‘rindi. Unga pul tikish fantastikadan iboratdek tuyuldi. Bu «ayyor» kashfiyot telefon edi.

Mark Tvenga telefonning bevosita kashfiyotchisi A.Bell kompaniyasi aksiyalari paketi bilan taklif etilgan edi. U esa zaharxandalik bilan kulib qo‘ya qoldi. Vaholanki, Mark Tven nihoyatda katta boylikka ega bo‘lishi mumkin edi. Buning o‘rniga yozuvchi qarindoshlarining bir behuda ishiga kirishdi, bor-yo‘g‘idan judo bo‘ldi, ixtiyorida faqat oshxona plitasi qoldi, xolos.

Adibning «Standart oyl Kompani»dagi do‘sti X.Rojers unga qarzining yarmini to‘lamoqchi ekanligini aytdi, ammo Mark Tven bu haqda eshitishni ham istamadi. Muxlislari sevimli yozuvchisi uchun mablag‘ yuborishga kirishdilar. Unga mamlakatning turli tomonidan kelayotgan cheklar yog‘ilib ketdi. Lekin Mark Tven bu pullarning hammasini oxirgi chaqasigacha ortiga qaytarib yubordi, qarzlarini o‘zi to‘lashini aytib, oyoq tirab oldi.

U ma’ruzalar o‘qishni jini suymas, ammo yuzaga kelgan vaziyat tufayli dunyo bo‘ylab sayohatga chiqishga majbur bo‘lgan edi. O‘zining omma oldidagi chiqishlari oralig‘idagi tanaffuslarda aziyat chekar, uyini sog‘inar, zerikish qiynab yuborar edi.

Mark Tvenning qarzlarni to‘lashi uchun olti yil kerak bo‘ldi, ammo u baribir aytganiga erishdi.

General Grant Li qo‘mondonligi ostidagi armiyani talafotga uchratib, g‘alaba qozondi va Qo‘shma Shtatlarning prezidenti bo‘ldi. Ammo unga Uoll-Strit banklariga bog‘lanib qolmaslik uchun moslashuvchan aql-idrok yetishmadi. Keyingi yillarda generalning hayotida ikkita firibgar paydo bo‘lib, uni biznesga jalb etishdi. Ular aldov yo‘li bilan 3 million 200 ming funtni o‘zlashtirib oldilar.

Shundan so‘ng falokat qo‘pdi. Grant qarzdan qutulish uchun o‘zining fermasini, Filadelfiya va Nyu-Yorkdagi uylarini, hatto harbiy harakatlar uchun g‘alabaga erishganida taqdim etilgan qilich hamda boshqa harbiy mukofotlarni berishga majbur bo‘ldi. O‘sha paytda uning bir dollari ham ega qolmay, saraton kasalligi tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Grant o‘limidan so‘ng xotinini qashshoqlik kutayotganini oldindan his etgan edi. Shu sababli uni yetarli mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida yodnomalar yozishga kirishdi. Grant bu kitobini toki avjiga mingan saraton tomog‘idan olib, ovozidan mahrum etgunga qadar aytib turib yozdirdi. Shundan so‘ng u tamomila o‘lim talvasasida bo‘lsa-da, kitobni qalamda yozib tugatdi. Oxirgi bobni o‘limidan uch kun oldin bitirgan edi.

Mark Tven mazkur kitobni nashr etdi va qalam haqi sifatida Grantning bevasiga yuz ming funt to‘ladi.

Amerikalik mashhur davlat arbobi Daniel Vebster qassob taqdim etgan hisob bo‘yicha qarzini to‘lamagani bois sudga tortilgan.

Taniqli novellachi, «Veksfild ruhoniysi» romanini yozgan Oliver Goldsmit uy haqini to‘lamagani uchun qamoqqa olingan.

Ulug‘ fransuz yozuvchisi O.Balzak shunchalik qarzdor ediki, har safar eshik qo‘ng‘irog‘i chalinganida, ochishdan qo‘rqib turardi.

Ingliz qiroli Charlz ikkinchi ham qarzga botgan va hech vaqosi qolmagan. Shu bois bugungi kunda Pensilvaniya shtatini tashkil etgan barcha yerlarni jami 15 ming funtga berib yuborishga majbur bo‘lgan.

Linkolnning xotini Todd Linkoln xonim qarzdan qutulish uchun nafaqat o‘zidagi qimmatbaho buyumlarni, shu bilan birga, hatto mo‘ynasi, ko‘ylaklarini ham sotgan. U oq uyni tark etgach, shu qadar muhtojlik komida qolgan ediki, hatto marhum erining ko‘ylaklarini ham (unda Linkolnning ism-sharifi bitilgan edi) sotishiga to‘g‘ri keldi.

Amerikaning mashhur rassomlaridan biri Uistler har qadamida o‘zining rasmlarini pullar va shu yo‘l bilan qarzlaridan qutulmoqchi bo‘lardi. Qarz bergan kishi kelib, puli evaziga Uistlerning oromkursilaridan birini yoki karavotini olib ketsa, u polga ana shu buyumni aks ettirar va qo‘l siltab, u bilan xayrlashar edi.

B.Brumell Angliyaning yuz yildan ziyod ijtimoiy hayotini belgilab bergan. Shunga qaramay, u o‘zining bankdagi hisob-kitobini mutlaqo tartibga sola olmasdi. Brumell Uels shahzodasini yangi urf bo‘yicha kiyinishga o‘rgatar edi. Ammo o‘zini ot poygasi va qarta o‘yinidan aslo tiya olmasdi. Politsiya boshlig‘i, sherif eshikni taqillatganida, sezgir Brumell o‘zini javonga urib, kiyimlar ortiga yashiringan. Nihoyat qarzlarini to‘lamagani uchun uni hibsga olib, qamoqqa tashlashdi. Bir paytlar dunyo miqyosida modalar bo‘yicha qonun chiqargan, hatto hozir ham nomi kiyimlarni takomilga yetkazishda nazokat ramzi bo‘lib kelgan inson shu darajada qashshoqlik domiga tushib qolgan, shu bois ko‘cha-ko‘yda irkit, juldur kiyimlarda yurar, odamlarga kulgi bo‘lardi. Vaholanki, uning o‘zi bir vaqtlar abgor kiyinadigan kishilarga nafrat bilan qaragan edi.

Brumelning aqliga nuqson yetib, jirkanch va xilvat joylarda yashaydigan bo‘ldi. Nihoyat u jinnixonada vafot etdi.

Avraam Linkoln yoshlik yillarida, baqqollik biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lib, sheriklikka bir aroqxo‘rni tanlagan. Bu niyati chippakka chiqdi: aroqxo‘r o‘ldi, barcha qarzlar Linkolnning bo‘ynida qoldi. U bu vaziyatdan to‘liq, ochiq tarzda va obro‘siga putur yetkazmasdan chiqib ketishi, hamma qarzlaridan xalos bo‘lishi mumkin edi. Ammo o‘shanda u Linkoln bo‘lmas edi-da. Shunday qilib, Linkoln ziqnalik qildi, yig‘di, iloji yetguncha barchaga ehson ulashdi, og‘ir hamda mashaqqatli o‘n bir yil mobaynida qarzlarini oxirgi chaqasigacha, buning ustiga foizi bilan to‘ladi.

Suqrot – bu yorug‘ dunyoda yashab o‘tgan eng donishmand insonlardan biri. Ammo u shu darajada kambag‘al bo‘lganki, goh u-goh bu yerdan qarzga jo‘ja so‘rab, o‘zi uchun ovqat pishirishiga to‘g‘ri kelgan. Ajali oldidan u qaysidir kuni qarzini to‘lamaganini eslab qoldi. Va o‘lim to‘shagida ekan, do‘stlaridan biriga murojaat qilib, qarzini to‘lab qo‘yishini iltimos qildi. Bu uning eng so‘nggi so‘zi bo‘ldi.

                   Akbar Fathullayev

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring