Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jumboqli 7 o‘lim yoxud mashhur insonlar bilan ro‘y bergan g‘aroyib hodisalar

Jumboqli 7 o‘lim yoxud mashhur insonlar bilan ro‘y bergan g‘aroyib hodisalar

Taniqli shaxslar siymosiga boqib, ular haqida o‘qir ekanmiz, go‘yo cho‘qqida belkurak bilan osongina pul topib, dam olish maskanlarida rohat qilishayotgandek tuyuladi. Aslida esa ayrimlarining hayotiga nazar solib, inson umri naqadar qisqaligi, baxtsiz hodisalar, halokatli kasallik va fojiali vaziyatlardan, hatto millionlar ham qutqara olmasligi xususida o‘ylab qolamiz. Yana ta’kidlash joizki, qarg‘ish va la’natlar mashhurlarni chetlab o‘tmaydi...

La’natlangan avtomobil

Mashhur aktyor va poygalar ishqibozi Jeyms Din o‘limi ko‘plab savollarni keltirib chiqargan. Uning vafotidan keyin yuzaga chiqqan gap-so‘zlar qandaydir la’natlanish bilan bog‘liq bo‘lib, muxlislarni karaxt qilib qo‘ydi.

1955 yilning 30 sentyabrida o‘zining yap-yangi «Porshe-550» avtomobiliga o‘tirgan 24 yoshli Din mexanik Rolf Vyuterix hamrohligida Salinas poygasiga qarab yo‘l oldi. Aktyor Xolame shahri yonidagi trassa bo‘ylab harakatlanayotganida qarama-qarshi tomondan talaba Donald Tornspid boshqarayotgan «Ford» kelib qoldi. Mashinalar bir-biriga urilib ketdi. Mexanik Vyuterix og‘ir jarohatlandi, Din esa shifoxona yo‘lida vafot etdi. Uning so‘nggi so‘zlari shunday bo‘ldi: «Bu yigit to‘xtatishi kerak edi, u bizni ko‘rgan edi». Biroq keyinchalik Tornspid matbuotga yo‘lda Dinning mashinasiga ko‘zi tushmaganini aytib turib oldi.

Qizig‘i, Jeyms Din «Jajji vahshiy» deb erkalagan «Porshe-550» avtomobilini sotib olgach, g‘alati voqealar yuz bera boshlagan edi. Falokatdan bir hafta avval do‘sti Alek Giness, agar u bu mashinaga yaqinlashsa o‘lishini aytgan. Keyin esa, avtohalokatdan uch kun oldin aktyorning mahbubasi Dindan «Porshe» ruliga o‘tirmasligi va hech qayoqqa ketmasligini iltimos qilgan, qandaydir ko‘ngilsiz hodisa ro‘y berishini his etayotganini ta’kidlagan. Afsuski, Jeyms bu gaplarga e’tibor bermagan.

Fojia va aktyorning o‘limidan so‘ng sirli voqealar davom etdi. Jeyms Din ishtirokidagi «Sababsiz isyon qatnashchisi» ekranlarga chiqdi. Filmda qahramonlar sirli ravishda halokatga duchor bo‘ladilar.

«Jajji vahshiy»ning keyingi barcha egalari ham yoki halok bo‘lishdi, yoki nogironga aylanishdi. 1960 yili avtomobil to‘la-to‘kis tiklandi, biroq ma’lum vaqt o‘tgach, u g‘oyib bo‘ldi va hozirgacha topilgani yo‘q.

Suiqasdmi yoki qaqshatqich zarba?

Butun umrini jangovar san’atga va tanasini chiniqtirishga bag‘ishlagan odam bosh og‘rig‘i malhamidan o‘lishi mumkinmi?.. Bryus Lining 32 yoshda vafot etgani hozirgacha sirligicha qolayotir.

1973 yil 20 iyul. Gazetalar muqovasida shunday xabarlar chiqdi: «Bryus Li vafot etdi!» O‘shanda aktyor o‘zining qahramoni o‘ladigan kartinada suratga tushayotgandi. Shu bois mazkur xabarni dastlab film reklamasiga mengzadilar. Sayyoradagi eng kuchli erkaklardan biri shu qadar kutilmaganda vafot etishini hech kim o‘ylamagan edi.

Rasmiy hisoblangan birinchi farazga ko‘ra, Li tabiiy sabab — miya o‘simtasi tufayli o‘lgan. Biroq oradan bir necha kun o‘tgach, afsonaviy aktyorning o‘ldirilgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Shifokor yozgan o‘lim xulosasining yo‘qolishi gap-so‘zlarni yanada alangalatib yubordi. Bir necha guvohning aytishicha, Bryus Lini shifoxonaga ma’shuqasi Betti Ting Pey olib kelgan, ya’ni aktyor uning uyida hushini yo‘qotgan. Keyin esa Bryusning giyohvand modda qabul qilgani va Betti Ping xonadonida jon bergani haqida gapira boshladilar. Yana bir faraz esa, Lining «Triada» – Xitoy mafiyasi yo‘lini kesib o‘tgani bois o‘ldirilgani ham aytildi.

Eng g‘aroyib taxmin esa «o‘limni kechiktiruvchi texnika»ni ishga solgan maxsus yollanma qotil bilan bog‘liq – u qo‘llagan o‘ziga xos zarba tufayli oradan bir necha oy o‘tgach, Li vafot etgan. Ayrim muxlislar nazdida esa, Bryus Li  aslida o‘lmagan, u dushmanlaridan yashirinish uchun o‘lim sahnasini o‘ylab topgan, xolos.

Suvdan qo‘rqqan aktrisa

«34-ko‘chadagi mo‘’jiza», «Deyzi Kloverning ichki dunyosi» va boshqa talay filmlarda rollar ijro etgan Natali Vud o‘tgan asr kinotanqidchilari va tomoshabinlari yuragini zabt etgan edi. Natali 1981 yili 43 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. O‘limi sababi noma’lum, aktrisaning cho‘kib ketgani bilan bog‘liq ish politsiya tomonidan bir necha marta ko‘rib chiqilgan.

1981 yilning 30 noyabr oqshomida Natali Vud yaxtada turmush o‘rtog‘i Robert Vagner va uning do‘sti Kristofer Uoken bilan Kaliforniya orollari bo‘lmish Santa-Katalina sari yo‘l oldi. Kemada kapitan Dennis Devern ham bor edi. Devern aytishicha, o‘sha kecha Robert xotini Natali bilan urishib qolgan – uni Uokendan rashk qilgan emish. Uoken ularni xoli qoldirgach, janjal davom etgan. Devern olishuv, qichqiriq va tushunarsiz shovqin-suronni eshitganini ta’kidlaydi. U nima bo‘layotganini bilishga qaror qilganida Vud Natalining qayiqqa o‘tirib suzib ketganini aytdi. Vaholanki, 1979 yili suratga olish chog‘ida Natalining cho‘kib ketishiga bir bahya qolgan. Uning suvdan nihoyatda qo‘rqishini yaqinlari bilishgan. Bu hadik shunchalik kuchli bo‘lganki, Natali kichik ko‘l yonida suratga tushishdan ham bosh tortgan.

Vudning jasadini topishganida u tungi ko‘ylak va kurtkada edi. Aktrisa tanasida shilingan va ko‘kargan joylar bo‘lib, bu eri bilan yoqalashish tufayli yuz bergan. Rasmiy faraz: ichkilik iste’mol qilgani tufayli Natali bortga yiqilgan! Biroq guvohlar ayol kishining yordamga chaqirganini ta’kidlashgan.

Kapitan Devern guvohligi eslatib o‘tilgan Marti Ralli qalamiga oid «Alvido, Natali, alvido!» chiqqach, politsiya yangi dalillarga e’tiborini qaratdi. Shohidlar Robert Vagnerni xotininning o‘limiga aloqador deb hisoblasalar-da, u Natali Vud o‘limi bilan bog‘liq ishni ochish uchun tergovga har tomonlama yordam berishga shayligini rasman e’lon qildi.

«Quzg‘un»ning qora ishi

Bryus Lining o‘g‘li Brendon Li «Quzg‘un» filmida bosh rolni o‘ynaganidan so‘ng mashhur bo‘lgan. Ammo ayni shu kinoasar uning umriga ham zomin bo‘ldi. 28 yoshli yigit har tomonlama otasiga o‘xshar edi: jangari san’atga oshufta, aktyorlik kasbini egallagan... Hatto, navqiron paytida vafot etib, yulduzi erta so‘ndi.

1993 yil 31 mart. «Quzg‘un» suratga olinayotgan zim-ziyo kinomaydonida jarohatlangan Brendonning o‘limi Hollivudni karaxt qilib qo‘ydi. Peshanasiga azaliy qismat bitilgan Li mazkur kinoasarni suratga olishdan sakkiz soat avval film ishlashda qo‘llaniladigan to‘pponchani qo‘lida aylantirgan, viski shishasini nishonga olgan va tepkini bosgan – hech nima yuz bermagan. Bu yerdagilardan birining og‘zi ochilib qoldi, Brendon esa, miyig‘ida kulib, mazkur o‘yinchoq o‘ziga hech qanday ziyon yetkazmasligini aytdi.

Bosh qahramon o‘lishi kerak bo‘lgan sahnada Brendonga xuddi shu qalbaki «Magnum» to‘pponchasidan otishdi. Bu safar to‘pponchada bittagina paxtavon o‘q bo‘lib, qurolning og‘ziga to‘g‘ri kelmasdi, shu tufayli otish nihoyatda kuchli bo‘lib, aktyorning tanasini teshib o‘tdi.

Jarrohlik stolida besh soatdan ko‘p yotgan Brendonni qutqarib qolishning iloji bo‘lmadi. Shifokorlarning aytishicha, «Bemor benihoya ko‘p qon yo‘qotdi, agar tirik qolganida ham butun umr falajlanib yotishi aniq edi».

Keyinroq ayon bo‘lishicha, «Quzg‘un»ni suratga olish og‘ir kechgan: ko‘pchilik film zamirida la’nat yotganini ta’kidladi. Aktyorlar doimiy ravishda jarohatlangan, dekoratsiyalar o‘z-o‘zidan tushib ketgan, suratga olish jarayoni haqida yozgan jurnalist avtohalokatga uchragan, rassomning esa aqli ozgan. Film kompyuter effektlari va dublyor yordamida nihoyasiga yetkazildi.

Brendon Lining Eliza Xatton bilan to‘yiga bir oy qolgan edi. Fojiali o‘lim uning hayotiga nuqta qo‘ydi. Brendon Sietldagi «Leyk-Vyu» qabristonida, otasining yoniga dafn etildi.

Ko‘chadagi otishma

Reperlardan dunyo miqyosida birinchi bo‘lib Tupak Shakurga haykal qo‘yilgan. Unga 25 yoshida o‘q uzilgan edi. Tupak beshta o‘qdan so‘ng ham yashab ketdi, biroq keyingi safar bunday bo‘lmadi.

Bosqinchilar to‘dasi a’zosi bo‘lgan Shakur qamoqda bir necha bor o‘tirib chiqqan. U muntazam ravishda ko‘ngilsiz voqealarga aralashib qolar va ortig‘i bilan to‘lardi. Xuddi shu tarzda, 1994 yili zo‘ravonlikda ayblandi, biroq hukm o‘qilishidan bir kun oldin Tupakni tunashdi va tanasiga beshta o‘q joylashdi. Aytishlaricha, suiqasd Shakurning ikki dushmani Puff Daddi va Notorius tomonidan uyushtirilgan. Shu ondan e’tiboran ko‘cha bandalari o‘rtasida «Qirg‘oq urushi» boshlanib ketdi.

1996 yili Tupak xip-xopni tark etib, siyosatga sho‘ng‘igani haqida gap-so‘zlar tarqala boshladi. U go‘yo g‘alvali hayot tarzi joniga tekkan va imidjini tubdan o‘zgartirish, hatto mer kursisini egallash uchun o‘z nomzodini qo‘ymoqchi emish!

7 sentyabr kuni, boksdagi yakkama-yakka bellashuvdan so‘ng, Tupak oshnasi Shug Nayt bilan ozgina ko‘ngil yozmoqchi bo‘ldi, biroq klubga ketish yo‘lida Shugning avtomobili noma’lum kishilar tomonidan o‘qqa tutildi. Shakur to‘rtta o‘q bilan jarohatlandi va og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazildi. Sun’iy nafas berish uskunasi qo‘llandi, ammo bu amaliyotlar naf bermadi va reper hayotdan ko‘z yumdi.

Qotillik yuzasidan juda ko‘plab mish-mishlar tarqaldi. Ayrimlar bu jinoyatni aynan Shug Nayt tashkillashtirgan deb hisoblashdi, boshqalarning aytishicha, qo‘shiqchi qimorxonada kelib chiqqan janjal tufayli o‘ldirilgan. Ko‘pchilik esa, Tupak aslida hayotligi, o‘limi sahnalashtirilganiga ishonadi. Haqiqatga yaqin tutilgan faraz esa, Shakurning vafotiga u raqib bo‘lgan sharqiy guruh, aynan Notorius va Puff Daddi sababchi bo‘lgani bilan bog‘liq. Reperning jasadi kuydirildi va kuli... yaqin do‘stlari tomonidan marixuana qo‘shilgan holda chekib yuborildi.

Ruhiy tanazzulmi yoki?..

Janjalkash aktrisa va «Pleyboy» jurnali modeli Anna Nikol Smit 39 yoshida vafot etgan. Uning qaynoq ishidan tashqari shaxsiy hayoti ham jo‘shqin edi: bir nechta er, qo‘ydi-chiqdiga oid ovozalar, giyohvand moddani haddan ziyod iste’mol qilib shundoq qo‘lida jon bergan yigirma yoshli o‘g‘lining o‘limi...

2007 yilning 8 fevralida Bagam orollari mehmonxonasida Anna Nikolning o‘zi ham hayotdan ko‘z yumdi. Mazkur o‘limga oid talay taxminlar bor. Ko‘pchilik aytishicha, aktrisa o‘g‘lining vafoti munosabati bilan yuzaga kelgan beqaror ruhiy holat va ichkilikbozlik oqibatida o‘z joniga qasd qilgan. Ammo murdani yorib ko‘rish Annaning zotiljam bilan og‘rigani, bola tuqqani va ruhiy zarbalar tufayli esa bu kasallik kuchaygani oydinlashdi. Yana bir farazga ko‘ra, Anna Nikol silning bir turi bilan xastalanib vafot etgan.

Mashhur yulduzning o‘limi sababi hozirgacha jumboqligicha qolayotir. Taxminlar qatoriga o‘z joniga suiqasd, giyohvand moddani ko‘p iste’mol qilish, yuz terisini noto‘g‘ri torttirgandan keyingi asoratlar va hokazo sabablar ham kiradi...

Vafotidan keyin... «Oskar»

Omma e’tiboridagi xushro‘y va arzanda yigit Xit Lejer ruhiy siqilishdan aziyat chekadi, deb kim o‘ylabdi, deysiz! Uning hamma narsasi: hurmat-e’tibor, rollar, muxlislar muhabbati va sevgan qizi bor edi. Shunday bo‘lsa-da, bu to‘kislik aktyorni nogahoniy o‘limdan asrab qola olmadi.

2008 yilning 22 yanvarida 28 yoshli Lejer Nyu-Yorkdagi uyida o‘lik holda topildi. Aktyorning yarim yalang‘och murdasi tevaragida son-sanoqsiz dori-darmon solingan bankachalar yotardi. Jasadni yorib ko‘rish hech nimani anglatmadi, shu sababli qo‘shimcha toksilogogik ekspertiza o‘tkazildi (toksikologiya – zaharlar xususiyati va ta’sirini o‘rganadigan fan). Pirovardida Xit uxlatuvchi va og‘riqni qoldiradigan hapdorilar hamda asabni tinchlantiruvchi dorilarni haddan ziyod iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi.

Umrining so‘nggi ikki oyi mobaynida Lejer «Qora ritsar» filmida suratga tushayotgan edi. U o‘z intervyusida sutkada ikki soat uxlayotgani, ko‘p vaqtini qahramonining fe’l-atvorini yaxshiroq anglashga sarflayotganini aytgan. Aftidan, Mishel Uilyams bilan ajrashish arafasida suratga tushish Lejerning rosa sillasini quritgan. Ayrimlar bu aktyorni mazhabparastlar o‘ldirgan deb hisoblaydi, boshqalar aytishicha, bu – o‘z joniga suiqasd, yana bir toifa kishilar esa mazkur fojiani baxtsiz hodisa bilan izohlashdi. Qayd etish kerakki, Lejer o‘lishni istamagan, chunki ertasi kuni do‘sti bilan uchrashishi rejalashtirilgan edi.

Xit Lejerning Joker roli ikkinchi darajali erkak roli uchun «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritdi. Bu paytda aktyorning vafotiga bir yildan oshgan edi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring