Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda 7 oyda 200 nafardan ortiq mansabdor pora olishda gumonlanib tergovga tortilgan

Toshkentda 7 oyda 200 nafardan ortiq mansabdor pora olishda gumonlanib tergovga tortilgan

Joriy yil 22-avgust kuni Toshkent shahar korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari  A.Urmanovning poytaxtda mansabdorlik va korrupsiya jinoyatlariga qarshi kurash borasida olib borilayotgan nazorat tadbirlari haqidagi hisoboti tinglandi.

Xususan, poytaxt prokuraturasi organlarida 2024-yil 7 oyi mobaynida 217 nafar mansabdor shaxs va fuqarolar tomonidan korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganligi yuzasidan 185 ta jinoyat ishi tergov qilingan.

Ular asosan, huquqni muhofaza qilivchi organlari, oliy, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, moliya, soliq, energetika, bank, hokimlik xodimlari, kadastr xizmati va ekologiya idoralarning mas’ul hamda mansabdor shaxslari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Korrupsiya holatlarini fosh etish va aybdor shaxslarga jazo muqarrarligini ta’minlash borasida, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 81 ta tezkor tadbirlar o‘tkazilib, barchasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari tergovi doirasida 93 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, hisobot davrida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha jami 236 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 216 tasi og‘zaki, 20 tasi ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarni tashkil etgan.

Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, shahar surishtiruv va tergov organlari tomonidan poraxo‘rlik jinoyati haqidagi xabarlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilishi, bu toifadagi jinoyat ishlari yuzasidan tergov va sud amaliyoti, tezkor tadbirlar davomida protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish tartibiga rioya qilinganligi, hisobotlar haqqoniyligi hamda sohadagi prokuror nazorati ahvoli o‘rganilib, natijasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar Muvofiqlashtiruvchi Kengashi yig‘ilishida muhokama qilingan.

 Hisobot yakunida korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha Kengash qarori qabul qilinishi taklif etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring