Oltiariqda marhum shikoyat «imzoladi». Ajab?!
Shunaqasi ham bo‘lar ekan, — deb yozadi «Adolat» gazetasi jurnalisti Xurshid Sultonov. Yana qayerda deng? O‘zimizning Oltiariqda! Aytishingiz mumkin: u qanday arizaki, hatto marhumning «imzo»siga ehtiyoj sezilgan bo‘lsa?!
...2019-yil 16-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oltiariq tumanidagi Xalq qabulxonasiga ariza tushadi. Uning qisqacha mazmuniki, tumanning Xo‘jaqo‘rg‘on va Otincha ko‘chalari kesishmasida joylashgan, tumandagi «O‘rta Osiyo tayyorlovsavdo» jamoa birlashmasiga qarashli 9 xonadan iborat bino mahalliy tadbirkor – birlashma rahbari Abduhalil Mamatov tomonidan go‘yoki noqonuniy egallab olingani qayd etilib, ushbu joyni mahalla guzari sifatida qaytarib olinishida amaliy yordam so‘ralgan.
Mazkur arizada jami 39 nafar fuqaroning ism-shariflari, yoshi va imzosi qayd etilgan.
Avvalo o‘sha bino haqida to‘xtalsak. Sobiq ittifoq davrida bunyod etilgan ayni bino ilgari Alisher Navoiy jamoa xo‘jaligiga qarashli bo‘lgan. Ammo 1996-yilda xo‘jalikning «O‘rta Osiyo tayyorlovsavdo» jamoa birlashmasidan yuzaga kelgan qarzi evaziga birlashmaga o‘tkazib berilgan. Birlashma raisi ma’lum muddat uning mahalla fuqarolar yig‘ini binosi sifatida foydalanilishiga qarshilik qilmagan. Biroq sobiq MFY raisi Mamajo‘ra Xolmirzayev va boshqalar binoni MFY idorasi tariqasida rasmiylashtirish harakatiga tushib qoladi. Buning natijada kelib chiqqan nizo Farg‘ona viloyat xo‘jalik sudigacha yetib boradi. Sudning 2011-yil 11-iyuldagi hal qiluv qaroriga binoan binoga nisbatan «O‘rta Osiyo tayyorlovsavdo» jamoa birlashmasining mulk huquqi e’tirof etilgan. Vassalom — ortiqcha gapga o‘rin qolmadi: binoning egasi tayin!
Shunga qaramay, eski masalani qo‘zg‘ash kimgalargadir kerak bo‘lib qolgan o‘xshaydi. Yo‘qsa, mana, oradan sakkiz yil o‘tdi...
...Yuqoridagi ariza o‘sha kun (2019-yil 16-yanvar)ning o‘zidayoq tuman Xalq qabulxonasidan Oltiariq tuman hokimligiga yuborilgan. Tuman hokimligining ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda esa bino bilan bog‘liq yuqoridagi holatlar aniqlangan. Shu bois 2019-yil 14-fevralda ariza mualliflariga yangi ochilgan holat bo‘lsa, qaytadan sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan holda javob xati yuborilgan. Ammo....
Ammo murojaatni o‘rganish jarayonida unda ism-shariflari qayd etilgan aksariyat fuqarolarning imzosi qalbakilashtirilgani ayon bo‘ldi. Eng achinarlisi, arizaga bir nafar marhum ham «imzo chekkani» hamda murojaat voqeadan mutlaqo bexabar bo‘lgan mahalla faoli... Abdukarim Madaliyev nomidan yuborilgan.
— Yanvar oyining o‘n to‘rtinchi yoki o‘n beshinchi kunlari edi, chamamda. Menga mahalladoshimiz Obidjon hoji Qosimov qo‘ng‘iroq qilib, familiyamni so‘radi. Men esa familiyam nima uchun kerakligini so‘radim. O.Qosimov bo‘lsa, aniq javob bermadi, — deya esladi Abdukarim Madaliyev. — Shundan keyin men shaxsiy ishlarim bilan Rossiyaga ketib, 2019-yil 27-yanvar kuni uyga qaytdim. Uyga kelsam, o‘g‘lim: «Dada, yozuvchi bo‘lib qolganmisiz?» desa bo‘ladimi?! Ishonasizmi, o‘z bolamdan bunday gapni eshitib, tepa sochim tikka bo‘ldi. Surishtirsam, gap bu yoqda ekan: o‘zim bexabar — mening nomimda ariza jo‘natilibdi! E’tibor bering-a, men 1956 yil 23 avgustda tug‘ilganman, 63 yoshdaman. Lekin arizada mening yoshimni 60 yosh, tug‘ilgan vaqtimni esa 1958 yil 15 may qilib ko‘rsatishgan. Soxtakorlikni shundan ham bilish mumkin. Shuning uchun avval Abduhalil akadan kechirim so‘radim. Keyin Obidjon akanikiga bordim. Ammo u aybini tan olmadi.
Endi «Xo‘jaqo‘rg‘on» MFY kotibi Nargiza Rahmatovaning gaplariga quloq tutaylik:
— O‘sha arizaga imzo qo‘yganim rost. Biroq men va mahallamiz maslahatchisi Nazira Akbaraliyeva imzolagan ariza nusxasi faqatgina mahallada tibbiy punkt tashkil etish haqida edi, xolos. Tilga olingan binoning noqonuniy egallab olingani to‘g‘risidagi fikrlar umuman yo‘q edi!
Oltiariqda bo‘lganimizda mahallaning Bo‘ston ko‘chasi 113-uyda yashovchi, arizada 6-raqamda ism-sharifi qayd etilgan Yoqubjon Yunusov bilan ham suhbatlashdik. Yo.Yunusov arizadagi imzo o‘ziniki emasligini, voqeadan butunlay bexabar ekanligini ma’lum qilib, qalbaki imzo yoniga o‘zining haqiqiy imzosini chekib berdi.
Ko‘rinib turibdiki, «tashkilotchi»lar kimnidir aldab imzo qo‘ydirishgan bo‘lsa, ko‘pgina fuqarolarning imzosini esa soxtalashtirishgan. Hattoki ular 2018-yil 7-dekabr kuni omonatini topshirgan Boydada Tojiboyevning imzosini ham qalbakilashtirishgan. Marhum B.Tojiboyevning qarindosh-urug‘, tanish-bilish va mahalla-kuy orasida «Qoraboy» degan ikkinchi ismi ham bo‘lgani sababli arizaga «Tojiboyev Qoraboy 86 yoshda» deya qayd etilgan. Vaholanki, 1936-yilda tug‘ilgan B.Tojiboyev 82 yoshda bo‘lgan. Mo‘ysafidning o‘limi tuman FHDYo bo‘limida 2018-yil 19-dekabrda 863-sonli dalolatnoma yozuvi bilan qayd etilib, bu haqda I-FR № 0247281-raqamli guvohnoma berilgan. Ariza esa 2019-yil 16-yanvarda yuborilgan.
Endi aytting: kuyasizmi, kulasizmi? Yoki Oltiariqda «dorul baqo»dan ham murojaat qabul qilinaveradimi?!
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasiga ko‘ra, tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunining 38-moddasiga binoan esa murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, xuddi shuningdek tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter