Oltiariqda 20 nafar bola ovqatdan zaharlangani haqida xabar tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim massasasining 20 nafardan ortiq tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilganiga doir xabarlar tarqaldi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ushbu holat yuzasidan olib borilgan tezkor o‘rganishlarga asoslanib, bayonot berdi.
«Shu yil 21-oktyabr kuni soat 11:45 lar atrofida Oltiariq tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir guruh tarbiyalanuvchilarida tana harorati ko‘tarilishi oqibatida Povulg‘on oilaviy shifokor punktiga murojaat bo‘lgan.
Surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, mazkur bog‘chada bir kun avval «Hosiljon-mehrjon» bayrami o‘tkazilib, tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmali stol dasturxoni qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, uzum, hurmo, olma, banan, tarvuz hamda turli qandolatlar bilan bezatilgan. Bolajonlar esa ushbu yeguliklardan tartibsiz ravishda iste’mol qilgan», deyiladi xabarda.
21-oktyabr kuni oilaviy shifokor punktiga bo‘lgan murojaat asosida 8 nafar bemor tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan. Dastlabki tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, ularda ovqatdan zaharlanish belgilari kuzatilmagan.
Hozir ushbu bolajonlarning umumiy holati qoniqarli. Tegishli simtomatik davo muolajalaridan so‘ng kichkintoylardan 5 nafariga uyga javob berilgan.
Shuningdek, shifoxonaga yotqizilgan bog‘cha tarbiyalanuvchilaridan olingan tibbiy tahlil namunalari laboratoriyaga yuborilgan. Holat yuzasidan mutaxassislar tomonidan tekshiruv-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter