Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroning 20ga yaqin maydon va istirohat bog‘larida Navro‘z bayrami davom etmoqda (foto)

Buxoroning 20ga yaqin maydon va istirohat bog‘larida Navro‘z bayrami davom etmoqda (foto)

Foto:«Xabar.uz»

Joriy yilgi Navro‘z tantanalari Buxoroning 20 ga yaqin maydon va istirohat bog‘larida ham zo‘r kayfiyat va ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.

Sahnalarda qadimiy urf-odatlarimizga xos bo‘lgan dorbozlar, qiziqchilar, xalq teatri vakillari, askiyachilar-u badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlarini, turli noz-ne’matlar, hunarmandchilik mahsulotlarining namoyishini ko‘rib, dillarda shukronalik uyg‘onadi.

«Labi Hovuz»  majmuasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon hamda «Ko‘hna va boqiy Buxoro»  majmuasida o‘zgacha shukuh hukm surdi. El ardoqlagan san’atkorlar ijro etgan xalq qo‘shiqlari, lapar, aytishuvlar, yor-yoru yallalar yoshlar ijrosida yangradi.

Foto:«Xabar.uz»

—Buxoroga birinchi marta kelganimga ko‘p yillar bo‘ldi,—deydi surxondaryolik mehmon O‘rol Sherxonov,— bu galgisi ayni Navro‘z kunlariga to‘g‘ri keldi. O‘zim Sho‘rchi tumani «Yosh g‘ayrat» mahallasi raisiman. Mahallamizdagi 50 nafar yoshlarni ushbu tarixiy shaharga sayohatini tashkil qilib keldim. Taassurotlarimiz bir dunyo. Buxoro kutganimizdan ko‘ra ham go‘zallashib, chiroy ochibdi.

Umumxalq bayrami munosabati bilan viloyatning 13 ta tuman, shahri uchun «Ko‘hna va boqiy»  majmuasida ajratilgan hududlar bahoriy chechaklarga burkandi.

Foto:«Xabar.uz»

Xalq etnografik dastalarning chiqishlari, novda va qamishdan yasalgan uy-ro‘zg‘or buyumlari ko‘rgazmasi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.

Tantanada ishtirok etgan xorijlik sayohlar ko‘ksomsa va sumalakning tayyorlanish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.

Foto:«Xabar.uz»

—Yurtimga qaytgach, ushbu taomlarni o‘z qo‘lim bilan pishirib ko‘rmoqchiman. Taomlaringizning ta’mi og‘zimda qoldi. Navro‘z sayliga chiqqan milliy libosdagi yigit-qizlarning chehralari ona-tabiatingiz bilan uyg‘unlashib ketgandek. To‘g‘risi, sayohat uchun O‘zbekistonni tanlab yanglishmabman,—dedi Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan sayyoh Xuan Chi An.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring