Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«UzAuto Motors»dan tashabbus: kompaniya jurnalistlarni ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishtirdi

«UzAuto Motors»dan tashabbus: kompaniya jurnalistlarni ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishtirdi

Foto:«Xabar.uz»

Yilning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri «UzAuto Motors» kompaniyasi va uning atrofida bo‘ldi desak adashmaymiz.

Albatta har qanday muammo yoki masalaning ichiga kirib borish, uni o‘rganish jurnalistlar uchun muhim. Buni avtosanoat vakillari ham his etishgan shekilli, jurnalist va blogerlarni dialogga chaqirib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish uchun Anjidon viloyatiga taklif etishdi.

Birinchi kuni Asaka tumanida joylashgan ishlab chiqarish zavodida bevosita mashina ishlab chiqarish jarayoni o‘rganildi.

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar va rejadagi rusumlar ham namoyish etildi. Jumladan, «Chevrolet Onix» avtomobilini misol sifatida keltirish mumkin. 2022-yil 4-chorak yakunida lokalizatsiya qilinishi kutilayotgan ushbu avtomobil narxi 9-12 ming dollar atrofida baholanmoqda.

Avtomobillar ishlab chiqarish bilan tanishuvdan so‘ng, «UzAuto Motors» rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda qator savollarga javob berildi. Jumladan, «Shapka» muammosi qanday bartaraf etildi?» degan savolga «Uzavto Motors» kompaniyasi direktori v.b. Rustam Rajabov quyidagicha javob berdi:

— Ishlab chiqarishdagi defitsitni yo‘qotdik, tizimni kompyuterlashtirdik, inson omili chiqarib tashlandi. Mana shu sabablar «shapka» muammosiga qarshi kurashda yordam berdi.

Shuningdek, kompaniya rahbariga ko‘ra, pandemiya avtomobilllar savdosiga deyarli ta’sir qilmagan. 2021-yil avtomobil ishlab chiqarish keskin o‘sishi kutilmoqda.

Yana bir jurnalistning «Nega «Uzavto Motors» mashinalarini sotib olgandan so‘ng ballonlarini to‘liq almashtirish kerak?» degan savoliga kompaniya rasmiysining javobi shunday bo‘ldi:

—Har bir avtomobilni yaratishga yillar kerak bo‘ladi. Onix nomli avtomobilni olaylik, ballonini qarang. Mana shu mashina ixtiro bo‘lishi uchun 5 yil vaqt ketgan. Tormoz olish yo‘nalishi, og‘irlikka dosh berishi inobatga olinadi. Avtomobillar og‘irligi, tezlik olishi va boshqa masalar turlicha bo‘ladi. Ballon almashtirish noto‘g‘ri amaliyot.

Agar noto‘g‘ri g‘ildirak qo‘yilsa bu xavfsizlikka ta’sir etadi.

«Uzavto Motors» faqat yig‘uvchi kompaniyami?

Press-tur qatnashchilarida albatta, mazkur savol bor edi. Kompaniya vakillari bu masalaga amaliy yondashishni taklif etib press-tur ishtirokchilarini butlovchi qismlar korxonasiga taklif etishdi.

Press-turning ikkinchi kuni butunlay avtomobil sanoatida mahalliylashtirish mavzusiga bag‘ishlandi.

Dastlabki manzil bo‘lgan «O‘zavtokomponents» AJ direktori Shafqatbek Alimovning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlar yetkazib beruvchi 170 dan ziyod korxona mavjud. Ushbu korxonalar bazasida 200 dan ziyod texnologiyalar o‘zlashtirilgan va 4 000 dan ziyod detallar mahalliylashtirilgan.

Aytish joizki, «Uzavto Motors» ishlab chiqaruvchi avtomobillarda jami 7 mingdan ziyod detallar bor.

— Mahalliylashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini va xorijiy valyutaga bog‘liqlikni kamaytirish, — deydi Shafqatbek Alimov. — Shunga qaramay, avtomobil sanoati import xom ashyo va butlovchi detallarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda, bu ko‘pincha mahalliylashtirishning imkonsiz ekanligi bilan bog‘liq. Masalan, yengil avtomobil uchun kuzovlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilsa-da, po‘lat Rossiyadan keltiriladi (yaqinda u 35-60 foizga qimmatlashdi), chunki avtomobillar uchun po‘lat ishlab chiqarish sanoati bizda mutlaqo yo‘q. Shuningdek, valyuta kurslariga bog‘liqlik korxonalar olgan kreditlarga ta’sir ko‘rsatadi, ular bo‘yicha foizlar milliy valyutada 20-24 foiz va AQSh dollarida 7-8 foiz oralig‘ida belgilangan, holbuki boshqa mamlakatlarda bu faqat 2-3foizni tashkil etadi. Faqat mana shu kreditlar foizlarini to‘lashning o‘ziga 75 mlrd. so‘mdan oshiq pul sarflangan.

Press-tur ishtirokchilari shuningdek, detallar yaratuvchi uch korxona faoliyati bilan tanishdilar:

«O‘z-Dong Yang Ko» - 1997-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, hozirgi kunda «UzAuto Motors» ishlab chiqaradigan avtomobillarning ichki bezak detallarini ta’minlaydi. Uskunalar paneli, eshik qoplamasi, g‘iloflar, shift paneli, yukxona bo‘lmasi – bu korxona ishlab chiqaradigan mahsulotning asosiy ro‘yxati. Korxonaning o‘rtacha yillik tovar aylanmasi 35,6 mln. dollarni tashkil etadi. Korxonada 1 000 dan ziyod xodim ishlaydi.

«O‘z-Se Myung Ko» – 1996-yilda asos solingan, «UzAuto Motors» ishlab chiqaradigan avtomobillar uchun yoqilg‘i baklari va nasoslar ishlab chiqaruvchi Andijon viloyatidagi eng yirik qo‘shma korxonalardan biri. Shuningdek, korxonada metall o‘tamplangan detallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaning o‘rtacha yillik tovar aylanmasi 50 mln. dollarni tashkil qiladi. Korxonada taqriban 1 200 nafar xodim ishlaydi.

«O‘zERAE Climate Control» – 2010-yilda asos solingan, isitish, sovitish, ventilyasiya va konditsionerlash tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada «UzAuto Motors» ishlab chiqaradigan avtomobillar uchun isitish, konditsionerlar va sovitish tizimlari bog‘lamalari ishlab chiqariladi. Korxonaning o‘rtacha yillik tovar aylanmasi 40 mln. dollarga tashkil qiladi. Korxonada 300 dan ziyod xodim ishlaydi.

Uch yirik korxona faoliyati o‘rganilgach, «UzAuto Motors» tashabbusi bilan Andijonga uyushtirilgan press-tur yakunlandi. Jurnalist va blogerlar bevosita ishlab chiqarish va detallash jarayoni bilan tanishib, avtomobilsozlik haqida kengroq tasavvurga ega bo‘ldilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring