Xorijiy OAV vakillari O‘zbekistonning turizm salohiyati bilan tanishmoqdalar

Joriy yil 24-31 may kunlari Turizm qo‘mitasi va O‘zbekistonning Varshava, Rim, Qohiradagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikda Polsha, Italiya, Belgiya hamda Misr davlatlarining taniqli, ommabop OAV vakillari, inflyuenserlari, blogerlarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xorijiy davlatlardan sayyohlar oqimini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatimiz turizm salohiyatini taniqli shaxslar ishtirokida targ‘ib qilishdan iborat. Press-tur ishtirokchilari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ingliz, ispan, polyak, italyan va arab tillarida olib borishmoqda. Obunachilarining asosiy qismi esa Yevropa davlatlari fuqarolaridir.
Mamlakatimizga tashrifi davomida, mehmonlar Namangan, Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘lishmoqda. Xususan, ular maxsus kontentlar yaratish hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish maqsadida o‘zbek madaniyati, urf-odatlari, turizm qishloqlari, madaniy meros ob’yektlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va umuman turizm sohasida amalga oshirilayotgan eng so‘nggi islohotlar va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, tasvirga olish ishlarini amalga oshirishmoqda.
Shuningdek, tashrif davomida mehmonlar 25 may kuni Namangan shahrida bo‘lib o‘tayotgan 64-Xalqaro Gullar festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Ushbu tashabbus xorijiy davlatlardan keladigan sayyohlar oqimini oshirish, O‘zbekistonning turizm brendini jahon bozorida mustahkamlash va mamlakatimizning turizm sohasidagi imkoniyatlarini yanada kengaytirish yo‘lida muhim qadamdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter