Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xo‘jaylida bir maktab bor – o‘quvchilarga telefon qiziq emas...

Xo‘jaylida bir maktab bor – o‘quvchilarga telefon qiziq emas...

foto: xabar.uz

Mana bunday gapni juda ko‘p eshitamiz: bugungi bolalar kitob o‘qimaydi yoki ular telefonga tikilgani tikilgan.

Bizga nimagadir faqat telefonga termulgan yoki internet o‘yinlariga mukkasidan ketgan bolalar ko‘rinadi va ha xuddi shunday, deya ishonamiz. Nimagadir hozirgi davrda internetga qiziqmaydigan, telefon o‘ynashga vaqti yo‘q yoshlar ham ko‘pligi xuddi ertakdek tuyuladi.

Kuni kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniyat va san’at sohasiga doir amalga oshirilgan ishlarni keng targ‘ib qilish maqsadida OAV uchun   tashkil qilingan press-tur bizga ana shunday telefon va internet o‘yinlarini keyingi o‘rinda, deb hisoblaydigan yoshlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Xo‘jayli tumanidagi tashkil topganiga qariyb 70 yil bo‘lgan ushbu 4-son bolalar musiqa va san’at maktabi qanchadan-qancha yoshlarning san’atini, iqtidorini yuzaga chiqarmagan deysiz.

Masalan 2022-yilda O‘rinbayeva Erkinoy hamda 2023-yilda Qudaybergenova Gulshinalar Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olishga sazovor bo‘lishdi. Boshqa o‘quvchilar ham bir qancha tanlov va festivallarda faol qatnashib yuksak natijalarga erishib kelishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bolalar musiqa va san’at maktabidagi sharoitlar bilan tanisharkan, ushbu maskanning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 250 000 000 so‘mlik vaucher sovg‘a qildi va shunday dedi:

«Bu maktab qanchadan-qancha bo‘ronlardan, bo‘hronlardan omon qolmadi, deysiz. Xodimlar oyliksiz ishlashdi ammo bir muddat bo‘lsa-da o‘z faoliyatlarini to‘xtatmadi, san’at va madaniyat rivojiga hissa qo‘shishda davom etdi».

Aslida maktab 150 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo hozir 180 dan ortiq o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ya’ni biz bu raqamlar orqali bolalarning san’atga qiziqishi ustun ekanligini bilishimiz mumkin. Demak shu tumandagi 200 ga yaqin bolaning telefonda o‘yin o‘ynab o‘tkazishga, ko‘chada bekorchilikdan sandiroqlashga vaqti yo‘q degani.

Ayni paytda maktabda fortepiano, torli cholg‘u, xalq cholg‘ulari, baxshi-jirov, estrada, xoreografiya, tasviriy san’at, teatr san’ati yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berilmoqda.

Ana qoraqalpoqcha milliy kiyimda bolakaylar raqsga tushmoqda. Ularning ajoyib raqsiga biroz sehrlanib turib qoldik.

Keyin esa sokin bir xonaga kirdik. U yerda bolalar surat chizishayotgan ekan. Har birining nigohi oq qog‘ozga qadalgan edi. Ustozning aytishicha, bugungi mavzu baxshi, jirov haqida o‘z tasavvurlarini qog‘ozga tushirish.

   

Maktabga kiraverishingizda terib qo‘yilgan «jonli» suratlarni shu maktabni tugatib ketgan o‘quvchilar chizishgan. Demak bu yerdagi mana shu yosh rassomlar ham kelgusida xuddi shunday surat chizadigan darajaga yetishi aniq.  

Keyingi xonada bolalar qandaydir sahna ko‘rinishini berilib ijro etishmoqda. Ular biz bilan salomlashgach, biror teatrdan parcha qo‘yib berishlarini so‘radik. Bolalar chug‘urlashib o‘zlari o‘rgangan rollarni taklif qilishdi: ustoz «Shum bola»ni o‘ynaylik, yo‘q «Aldar ko‘sa»... va nihoyat Shum bolaning Boy ota bilan suhbatidan parcha ijro etishdi. Biz bir lahza xuddi haqiqiy teatr tomoshasida o‘tirgandek o‘zimizni unutdik...

«Bolalar bu mashg‘ulotlarni qoldirishi yoki qandaydir sabablar bilan kelmaslikka bahona kidirishi mumkinmi?», degan savolimga ustoz Jenis Nurgaliyeva shunday deydi:

– Yo‘q bu bolalar jon jahdi bidan mashg‘ulotlarga qatnashadi, hattoki vaqt yetmay qoladi shug‘ullanishi uchun ba’zan.

Ustozning aytishicha bolalar rol o‘ynash uchun kinolarga yoki novellalarga tez-tez taklif qilinarkan.

«Gonorar berishadimi», deb sekin so‘ragan savolimizga o‘qituvchi o‘quvchilarga eshittirib:

– Yo‘q ularning rol o‘ynashlari o‘zlari uchun tajriba oshirish, katta sahnada o‘zini tutishni o‘rganishi uchun ham kerak, yosh aktyorlar hozir san’atning ortidan pul ishlashni emas, iqtidorini sayqallashtirishni o‘ylashi kerak, dedi...

Bu maktabda o‘zgacha hayot qaynaydi – bir tomonda tanburchi qizlar, bir tomonda pianino chalayotgan bolalar, bir tomonda xor aytayotgan yoshlar...

Bu yoshlar ham qandaydir ma’noda zavq olayapti, adrenalin olayapti xuddi internet o‘yinlariga mukkasidan ketgan bolalardek. Bular ham xuddi telefonga qaram bolalardek raqsga, surat chizishga, aktyorlik mahoratini oshirishga, musiqa chalishga mukkasidan ketgan, tom ma’noda qaram... Lekin farqi telefon va internetga qaram yoshlarning ruhiy holati yomonlashadi, sog‘lig‘iga putur yetadi, oldiga qo‘ygan maqsadlari maqsadligicha qolib ketadi. San’atning qaysi yo‘nalishi bo‘lmasin, jon jahdi bilan o‘rganayotgan bolaning esa ruhi yuksaladi, uning san’atga qaramligi o‘z millati qadriyat va an’analarini boshqalar qalbiga singdirish uchun xizmat qiladi, madaniyatli inson bo‘lishga hissa qo‘shadi.

Bu maktabda men ko‘rgan eng chiroyli manzara – birorta o‘quvchining qo‘lida telefon yo‘qligi, birorta o‘quvchining ko‘zlari telefonga termulmagani edi. Bugungi talato‘p zamonda bolalarning nafaqat kitob o‘qishini, balki san’atsevarligini ham qo‘llab-quvvatlash lozimligining isbotini shunday san’at va madaniyat maskanlari orqali ko‘rish mumkin ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik...

                                                                                                                                 Barno Sultonova 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring