Toshkentda qaysi tumanlarda ijara qimmatlashgani aytildi
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari dekabr oyida Toshkent shahrida xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlaridagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.
Natijalar xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxi noyabr oyidagiga nisbatan oshgani, lekin oshish sur’ati sekinlashganini ko‘rsatdi. Xususan, noyabrda narxlar oktyabr oyidagiga qaraganda 4,4% ga tushgan, ammo dekabrda 3,5% ga oshgan.
Narxlar Shayxontohur (10,6%), Mirobod (3,5%), Yunusobod (3,3%), tumanlarida oshgan. Boshqa tumanlarda esa pasayish kuzatilgan.
«Oybek», «Toshkent», «Minor», «Buyuk ipak yo‘li» metro bekatlari atrofida va Nukus ko‘chasi bo‘ylab joylashgan, yaxshi ta’mirlangan xonadonlar uchun 1000 AQSh dollaridan yuqori ijara narxlari taklif qilinmoqda. Chilonzor va Yunusobod tumanlarida ijara narxlari nisbatan pastroq, aniqrog‘i ta’mirlangan xonadonlar uchun asosan 400-600 AQSh dollari atrofida ijara narxlari taklif etilmoqda.
O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar taklifi nisbatan kamroq bo‘lib, ular asosan Chilonzor va Yunusobod tumanlarida, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasi bo‘ylab taklif etilmoqda. Bu yerdagi xonadonlarning ijara narxi asosan 300-800 AQSh dollarini tashkil etadi.
Ta’kidlash kerakki, ijaraga beriladigan qimmat segmentdagi xonadonlar odatda vaqtinchalik ishlash maqsadida kelayotgan chet el fuqarolariga taklif etilayapti va ular qulay infratuzilmaga ega, transport qatnovi yaxshi va oziq-ovqat do‘konlari yaqin bo‘lgan hududlarda joylashgan.
Nisbatan arzon segmentdagi xonadonlarning ko‘p emasligi va asosan ikkita tumanda taklif etilayotgani ijara bozorini rivojlantirish zarurati borligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter