O‘zsanoatqurilishbank: qurilish materiallari sanoatini boshqarish tizimining samaradorligi oshadi
Joriy yilning 26 oktyabr kuni Milliy matbuot markazida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan hamkorlikda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish hamda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish borasida amalga oshirilgan ishlarning joriy holati hamda yil yakuniga qadar kutilayotgan natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2021 yil 9 iyundagi «Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank qurilish materiallari ishlab chiqarishni kompleks rivojlantirishga qaratilgan ishlarning tizimli borishida mas’ul hisoblanadi.
Matbuot ajumanida ta’kidlanganidek, bu boradagi sa’y-harkatlar qurilish materiallari sanoatini boshqarish tizimining samaradorligini oshirishdan boshlandi.
Xususan, Bank tomonidan «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan hamkorlikda «Boston consulting group» xorijiy kompaniyasi mutaxassislarini jalb qilgan holda qurilish materiallari sanoatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi.
Sohada ilmiy salohiyatni oshirish hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishda Turkiya tajribasidan foydalanish maqsadida Turkiyaning Maltepe universiteti va Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (IMSAD) bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Yiliga 400 nafar tinglovchini o‘qitishga mo‘ljallangan «Tadbirkorlar maktabi» o‘quv markazi va uning Samarqand filiali tashkil etildi. 65 turdagi qurilish materiallari bo‘yicha amaliy-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqildi.
Biznes loyihalarni ishlab chiqish va tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida konsalting kompaniyasi va uning hududiy tarmoqlari tashkil etildi.
Loyihalarni moliyalashtirish maqsadida tijorat banklarining yetakchi xorijiy moliya institutlari bilan hamkorligi kuchaytirildi. Birgina O‘zsanoatqurilishbank tomonidan joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, 586 mln. dollar hajmida chet el kredit liniyalari jalb qilindi (yil yakuniga qadar qo‘shimcha 69 mln. dollar mablag‘ olinishi rejalashtirilgan). Boshqa banklar bilan birgalikda umumiy qiymati 1 mlrd. dollar bo‘lgan 203 ta investitsiya loyihaga 373,6 mln. dollar miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, qiymati 608 mln. dollarlik 242 ta loyiha ishga tushirildi.
Pirovardida, joriy yilning o‘tgan davrida qurilish materiallari sanoatida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 22,5 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 124 foizga o‘sdi. 6 393 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Jumladan, 11,1 mln. tonna sement, 19,8 mln. kv. metr qurilish oynasi, 18,5 mln. kv. metr keramik plitkalar, 49 mln. kv. metr gipsokarton, 1 810 ming o‘ram gulqog‘oz kabi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Ushbu davrda sohaga 1 102,4 mln. dollarlik investitsiyalar jalb etildi (o‘sish 124 foiz), 445,5 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilindi (o‘sish 156 foiz), mahalliylashtirish dasturi doirasida 1 020 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi (o‘sish 149 foiz).
Matbuot anjumanida 2022 yil yakuniga qadar mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 27,6 trln. so‘mga, mahsulotlar eksporti esa 600 mln. dollarga yetkazilishi kutilayotgani qayd etildi.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter