Yadro tahdidi: boylar bunkerda jon saqlaydi, kambag‘allar-chi?..
Keyingi oylarda yadro zarbasi vaqti jon saqlash mumkin bo‘lgan bunkerlarga talab keskin ortdi. Xususan, AQShda ayni faoliyat bilan shug‘ullanuvchi Atlas Survival Shelters shirkati rahbari Ron Habbard xodimlar qo‘li qo‘liga tegmay ishlayotganini ma’lum qilgan.
Yaqin muddatda yadro quroli ishga solinishi mumkinligi haqida xabar tarqalgach, Polsha va Ukrainadagi o‘ziga to‘q oilalar oshig‘ich ravishda bunkerga buyurtma bera boshlagan.
«Ilgari bu hol aqldan ozish deb baholanishi mumkin edi. Ammo bugun unday emas. Ukraina va Polshada tijoratimiz kengaymoqda. Masalan, Ukrainadagi badavlat mijozlarimiz imkoni bo‘lsa bugunoq bunker yetkazib berishni talab qilmoqda», – deydi tadbirkor.
Qayd etilishicha, AQSh hamda Sharqiy Yevropada ham yadro tahdidiga chidamli qurilmalarga talab oshgan.
Ron Habbard shirkati ishlab chiqarayotgan bunkerlar 40 ming dollardan 1 million dollarga qadar baholanadi. Masalan, balandligi 3, uzunligi 12 metrni tashkil qiluvchi standart bunkerlar 200 ming dollar turadi. Bunkerlar birlamchi ehtiyoj uchun zarur bo‘lmalar, shuningdek, oziq-ovqat va suv saqlagichlarga ega. Zirhli qurilmaga kislorod ko‘mir filtri orqali o‘tadi.
«Odamlar tahdid ro‘y bergan vaqtda oilasi bilan jonini qutqarib qolish uchun xavfsiz va qulay joyga ega bo‘lishga intilmoqda. Bu – AQShdagi yangi trend! Men har hafta millionlab dollarli mahsulot sotyapman. O‘rtahol odamlar nima qilsin deya savol berishingiz mumkin. Nima ham derdik, qanchalik shafqatsiz tuyulmasin, boylar kambag‘allardan ko‘ra yaxshiroq yashaydi», – deydi Atlas Survival Shelters shirkati rahbari R.Habbard.
Tadbirkor so‘nggi vaqtlarda yadro quroli ishga solinishi ehtimoli haqida muhokamalar kuchayganidan xavotir bildirgan.
«Yangiliklar dasturini tomosha qilar ekansiz, goh Shimoliy Koreya, goh Rossiya, goh Xitoy yadro quroli haqida gapirayotganini ko‘rasiz. Xavotirli jihati, ilgari odamlar yadro quroli haqida hozirgichalik ko‘p gapirmasdi. Bu esa odamlarni apil-tapil bunker sotib olishga undamoqda», – deydi amerikalik tadbirkor.
Rossiyaning Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy yurishi ortidan Moskva yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqidagi ovozalar kuchaydi. Ukraina urushi boshlangan ilk kunlardayoq prezident Vladimir Putin mudofaa vazirligiga yadro quroliga mas’ul harbiy bo‘linmalarni maxsus xizmat rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Aprel oyida esa Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yadro zarbasi xavfi mavjudligi haqida tagdor bayonot berdi. Bu orada Oq uy ham Rossiya tomonidan yadro quroli ishga solinishini istisno etmayotgani ma’lum qilindi.
«Prezident Putin va Rossiya rahbariyatining sog‘lom aqldan yiroq xatti-harakatlari, shuningdek, ular duch kelgan harbiy mushkulotlarni hisobga olganda, taktik yadro quroli yoki kichik quvvatli yadro qurolini ishga solish borasidagi tahdidga hech kim e’tiborsiz qaray olmaydi», – dedi AQSh josuslik idorasi rahbari Uilmya Byorns.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham G‘arb mamlakatlaridan ko‘proq harbiy ko‘mak so‘rar ekan, Rossiya rahbariyati yadro yoki kimyo qurolini ishga solishi mumkinligidan ogohlantirgan. Ukraina mudofaa vazirligi esa yadro qurolini Putin qo‘lidagi so‘nggi «ko‘zir qarta» deb atagan.
Joriy yil mart oyida Oq uy Rossiya yadro qurolini ishga solgudek bo‘lsa, munosib javob berish maqsadida maxsus guruh tuzgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter