Putin Moskvadagi paradga nega faqat Japarovni taklif qildi?
9 may kuni Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba munosabati bilan Moskvada o‘tadigan harbiy paradda faxriy mehmon sifatida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qatnashadi.
Paradda xorijlik davlat rahbarlarining ishtiroki Rossiyaning xalqaro maydondagi nufuzi qay ahvolda ekanini ko‘rsatib kelgan. Bu yil esa Qirg‘iziston rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yagona xorijlik mehmoni bo‘lishi kutilmoqda.
Xo‘sh, buning sababi nimada? Nega Qirg‘iziston O‘zbekiston va Qozog‘istondan farqli ravishda Ukrainaga bosqin uyushtirgan Rossiya bilan o‘zaro masofa saqlashga intilmayapti? Yoki u «Markaziy Osiyo Belarusi» bo‘lmoqchimi?
Qirg‘izistonning «Kloop» nashri Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnovga shu savollar bilan murojaat qildi.
«Sadir Japarovga rad etib bo‘lmas taklif yo‘llandi. Qirg‘iziston prezidentini Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari mansub siyosiy qudrat guruhiga kiritib bo‘lmaydi. Kremlga 9 may paradi uchun xorijlik mehmon zarur edi. Biror bir G‘arb yetakchisi yoki yirik mamlakat rahbari Moskva taklifiga ko‘nmasligi kundek ravshan edi. Rad javobi sabab o‘ng‘aysiz holatga tushmaslik uchun ham bunday taklifni bermaslik ma’qul ko‘rilgan», – deydi Arkadiy Dubnov.
Tahlilchiga ko‘ra, harbiy paradda yagona xorijlik davlat rahbari maqomi Qirg‘iziston yetakchisi chekiga tushgani bejiz emas.
«Belarus bugun postsovet makonning g‘arbiy sarhadlarida Rossiyaning yaqin vassali sanaladi. Xayriyatki, Qirg‘iziston Rossiyaning mahrami yoki yaqin ittifoqchisi bo‘lishga da’vo qilmaydi va bunga tayyor ham emas. Qirg‘izistonning boshqa vazifasi bor – mamlakat an’anaviy ravishda Rossiya bilan robitalarga alohida e’tibor qaratadi. Bir muddat avval Qirg‘izistonda rus tili juda keng tarqalganiga guvoh bo‘lgan edim. Sirasini aytganda, Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi eng rusofil mamlakatdir», – deb xulosa qiladi siyosatshunos A.Dubnov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter