Mustabidning o‘limi: kimga bayram, kimga motam (video)
Rossiyaning Yekaterinburg shahri markazida bir guruh faollar sho‘ro dohiysi Iosif Stalinning o‘limi munosabati bilan mushakbozlik uyushtirdi. Bu haqda Znak nashri xabar beradi.
«Stalin davrida amalga oshirilgan dahshatli qatag‘onlar hech qachon unutilmasligi kerak. Dunyoda boshqa biror bir mustabid u kabi dahshatli qatliomlar uyushtirmagan. Shu bois u o‘lgan kun milliy ozodlik bayramiga aylanishi kerak. Zero, u o‘lmaganda edi, qurbonlar soni yanada ko‘p bo‘lishi muqarrar edi», degan mushakbozlik tashkilotchilaridan biri.
Prezident Vladimir Putin kommunist dohiysi Stalin shaxsiga ehtirom bilan munosabatda bo‘lib kelayotgani ma’lum. Shunga ko‘ra, Stalin o‘limi munosabati bilan mushakbozlik o‘tkazilishiga mahalliy ma’murlar qarshilik qilishi kutilgan edi. Ammo bu orada Sverdlovsk viloyati gubernatori Yevgeniy Kuyvashev SSSR rahbari o‘limi kunida mushakbozlik uyushtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Gubernator o‘z fikrini izohlar ekan, Stalinni «ziddiyatli shaxs» deb atadi.
Qizil imperiyani qariyb 30 yil davomida temir musht bilan idora qilgan Iosif Stalin 1953-yil 5-martda vafot etgan.
Aynan Stalin rahbarligi davrida – o‘tgan asrning 20-30 yillarida mamlakatda «Katta terror» deb atalgan qatag‘onlar amalga oshirilgan. Siyosiy qatag‘onlar qurbonlari haqida turli raqamlar keltiriladi. «Memorial» inson huquqlari jamiyati 12 milliondan ziyod inson Stalin qatag‘onlari qurboni bo‘lgan deb hisoblaydi. GULAG tarixi muzeyi ma’lumotlariga ko‘ra esa, 20 million kishi sho‘ro tutqungohlariga tashlangan. 600 mingdan 1,3 millionga qadar kishi qatl etilgan.
Dunyodagi eng dahshatli qiynoq maskanlari bo‘lgan lagerlar tizimi (GULAG) aynan Stalin davrida shakllantirilgan. Siyosiy yetakchilar, hur fikrli ijodkorlar, dindorlarni qatl etish, milliy ozchilik vakillarini surgun qilish kabi jinoyatlar ham Stalin nomi bilan bog‘liqdir.
Rossiyada Vladimir Putin davrida aholi orasida Stalin shaxsiga nisbatan ijobiy munosabat kuchaygan. Ijtimoiy so‘rovlar natijasiga ko‘ra, Rossiya aholisining deyarli yarmi Stalin faoliyatini ijobiy baholagan. Ammo millionlab odamlar yostig‘ini quritgan shafqatsiz dohiy shaxsining ideallashtirilishi jiddiy xato deb biluvchi rus ziyolilari ham talaygina. Ular Stalin tarixiy qahramon deya talqin etilishini xavotirli holat deb biladi. Ko‘p sonli ziyolilar Stalinning qabrini Moskva markazi – Qizil maydondan ko‘chirish lozimligini ham aytib keladi.
Sobir Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter