Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Stalinning arab evarasi Lavrovga ochiq xat yozdi

Stalinning arab evarasi Lavrovga ochiq xat yozdi

Sovet Ittifoqi sobiq rahbari Iosif Stalinning evarasi Salim Bensaad bobosi vafot etgan kun (5 mart) munosabati bilan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ochiq xat yo‘lladi. Murojaatda u BMTni tarqatib yuborishni taklif qilgan. 

«So‘nggi Jugashvili, Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan generalissimusning evarasi va fashistlarning Zaksenxauzen konslagerida halok bo‘lgan Yakov Jugashvilining nevarasi sifatida men Stalinlar oilasi nomidan BMTning maxsus yig‘ilishini chaqirib, ushbu tashkilotning istiqboldagi taqdirini hal etish, uning faoliyatida SSSRning huquqiy vorisi, fashizm ustidan g‘alaba qozongan Rossiyaning ishtiroki nechog‘li maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqish borasida sizni va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligini qo‘llab-quvvatlashga tayyorman», – deydi «dohiy» va «xalqlar otasi»ning evarasi.

Salim Bensaadga ko‘ra, BMT ayrim millatlar va xalqlarning qatliom qilinishini to‘xtatib qola olmayotir. Bu borada u Donbassda ruslar qirilayotganini iddao qilgan, G‘azo sektorida ikkiyuzlamachilik qilinayotganini urg‘ulagan.

Bensaadning matbuot kotibi BMT bosh qarorgohini Moskva yoki Yaltaga ko‘chirish taklifi ilgari surilganini ham ma’lum qilgan.

Salim Bensaadning onasi Galina Jugashvili Stalinning to‘ng‘ich o‘g‘li Yakovning yagona qizi sanaladi. Galina 1970 yili SSSRda ta’lim olgan Jazoir fuqarosi Husayn Bensaadga turmushga chiqqan.

53 yoshli Salim rassomlik bilan shug‘ullanadi.

Keyingi yillarda Rossiyada SSSRni chorak asrdan ziyod vaqt davomida qattiqqo‘llik bilan idora etgan Iosif Stalin shaxsiyatiga mahliyolik yana-qayta bosh ko‘tarmoqda. Qatag‘on siyosatini yuritgan sovet diktatoriga hatto olis Hindiston kabi mamlakatlarda ham havasmandlar topiladi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring