Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Livandagi portlash natijasida 121 metrli kema cho‘kib ketdi

Livandagi portlash natijasida 121 metrli kema cho‘kib ketdi

Foto: «Simplonpc.co.uk»

Livanning «Abou Merhi Group» kompaniyasiga qarashli «Orient Queen» kruiz layneri Bayrut portida kuchli portlashdan so‘ng suvga g‘arq bo‘ldi. Bu haqda bugun, ya’ni 5-avgust kuni «OTV» telekanali xabar berdi.

Yuz bergan hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yetti nafar ekipaj a’zosi jarohatlandi.

Kema xo‘jayini Abu Mari o‘z navbatida layner Bayrut portida prichalga bog‘lab qo‘yilganiga aniqlik kiritdi. Portlash kruizga jiddiy zarar yetkazgan. Korpusdagi teshikni yamashga har qancha urinishmasin, unga suv kirib, kema cho‘ka boshlagan.

Kemalarni kuzatuvchi «Marine Traffic» xizmatining ma’lum qilishicha, uzunligi 121 m va suv sig‘imi 7,4 ming tonna bo‘lgan «Orient Queen» layneri 1989-yilda qurilgan bo‘lib, Bagama orollari bayrog‘i ostida suzgan.

Yo‘lovchi kemasi Saudiya Arabistonidan Livangacha bo‘lgan o‘zining oxirgi 21 kunlik sayohatini 27-iyun kuni tugatib, Bayrut prichaliga bog‘lab qo‘yilgandi.

Livan poytaxtidagi portlash kuni kecha Bayrut dengiz porti hududida, Livan harbiy dengiz havo kuchlari bazasi yaqinida sodir bo‘ldi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 4 mingdan ortiq kishi jarohatlangan, deb yozadi «Gazeta.ru».

Port yaqinida joylashgan bir qancha imoratlarning fasadlari qulab tushgan, turarjoy uylari va idoralar shikastlangan.

Bayrut gubernatori Marvan Abbudning so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘lgan voqea natijasida taxminan 300 ming kishi boshpanasiz qolgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring